Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.04.2017 20:59 Chop etish versiyasi

Tashrif davomida 16 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 4-5-aprel kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Tashrif asnosida 16 milliard dollarlik 50 dan ortiq hujjat imzolandi. Bu O‘zbekiston va Rossiya hamkorligi yuksak darajada rivojlanayotganining yorqin ifodasidir.

Ushbu tarixiy voqeada qatnashgan vazirlik, idora va kompaniyalar rahbarlari O‘zA muxbiriga mazkur hujjatlarning ahamiyati haqida so‘zlab berdi.

Alisher Shodmonov, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri:

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan foydalanish, tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish borasida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi davomida sog‘liqni saqlash sohasida ham bir qancha istiqbolli kelishuvlarga erishildi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida ikki mamlakat yetakchi tibbiy va ilmiy-tadqiqot markazlarining o‘zaro aloqalarni kengaytirish, mutaxassislar tayyorlash va qayta tayyorlash dasturlarini amalga oshirish, tajriba almashish, shuningdek, O‘zbekistonda Rossiyaning yetakchi tibbiy markazlari filiallari va vakolatxonalarini ochish bo‘yicha 13 shartnoma imzolandi.

Shartnomalarga muvofiq mamlakatimiz tibbiyot sohasi vakillari Rossiyaning rivojlangan tibbiyot muassasalarida malaka oshiradi, rossiyalik yetakchi mutaxassislar O‘zbekistonda bemorlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va davolash ishlarida qatnashadi va hamkorlikda boshqa tadbirlar amalga oshiriladi.

Jamshid Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri birinchi o‘rinbosari:


– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi davomida salmog‘i jihatidan keng ko‘lamli bitimlar va shartnomalar imzolandi.

O‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi munosabatlarida muhim o‘rin tutadi. Davlat rahbarlari ikki tomonlama savdo aylanmasini, avvalo, yuqori darajada qayta ishlangan zamonaviy mahsulotlar va ikkala tomon uchun foydali bo‘lgan boshqa tovarlar yetkazib berishni kengaytirishga kelishib oldilar.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar, imzolangan 50 dan ortiq hujjat O‘zbekiston va Rossiya taraqqiyotiga, ikki mamlakat xalqlarining farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati va xalqaro maydonda obro‘sini yanada oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim omil bo‘ladi.

Mahmud Murotov, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri:

– Prezidentimizning Rossiyaga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar samarasida ikki mamlakatning hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu natijalarni madaniy-gumanitar sohada ham ko‘rish mumkin.

A.Pushkin nomidagi davlat tasviriy san’at muzeyida tashkil etilgan I.Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi fondidagi asarlarning birinchi sayyor ko‘rgazmasi bu boradagi ishlarning amaliy ifodasi, desak bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida 2016-2018-yillarga mo‘ljallangan madaniy-gumanitar sohada hamkorlik qilish to‘g‘risidagi dastur va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 19-oktabrdagi "Oltin kuz” xalqaro san’at festivalini o‘tkazish to‘g‘risidagi majlis bayoni ijrosi yuzasidan mamlakatimizda Rossiya kunlari bo‘lib o‘tdi. Tadbirlarda Rossiyaning taniqli madaniyat va san’at namoyandalari ishtirok etganini alohida ta’kidlash kerak.

Prezidentimizning davlat tashrifi chog‘ida 2017-yil Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazishga kelishib olindi.

Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligi munosabati bilan konsertlar, foto va badiiy ko‘rgazmalar hamda boshqa madaniy tadbirlar tashkil etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Baxtiyor Saidov, «O‘zbekengilsanoat» aksiyadorlik jamiyati raisi o‘rinbosari:

– Bugun mamlakatimizda yengil sanoat sohasi jadal rivojlanib bormoqda. Bu davlatimiz rahbarining sohaga qaratayotgan alohida e’tibori samarasidir. Prezidentimiz dehqonlarimiz yetishtirgan paxtani yurtimizda qayta ishlash va tayyor mahsulot sifatida dunyo bozoriga chiqarish g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlagan.

Buning uchun mamlakatimizda yetarli sharoitlar bor. Serquyosh zaminimizda yetishtirilgan paxta tolasi o‘zining pishiqligi va yuqori sifati bilan ajralib turadi. Dunyo bozorida O‘zbekiston paxta tolasiga talab yuqori. Bugungi kunda dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan bu borada hamkorlik qilib kelinmoqda. Rossiya Federatsiyasi bilan ham mazkur sohada samarali kelishuvlarga erishildi.

Prezidentimizning Moskvaga tashrifi davomida sohani yanada rivojlantirish, yangi texnologiyalarni joriy etish, mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha muhim qadamlar qo‘yildi.

Abu Bakir O‘rozov, O‘zA
505






Все о погоде - Pogoda.uz