Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.04.2017 19:20 Chop etish versiyasi

Internet tarmog‘ida «Litsenziya» axborot tizimlari majmuasi ishga tushdi

Ushbu xizmat tadbirkorlarga litsenziyalash va ruxsat berishga oid hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarini elektron tarzda amalga oshirish imkonini beradi.

Toshkent shahrida mazkur xizmatning ishga tushirilishi munosabati bilan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish hamda Taraqqiyot strategiyasi markazlari tomonidan tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralarning litsenziyalash bo‘limi boshliqlari, tadbirkorlik subyektlari, jurnalistlar ishtirok etdi.

«Litsenziya» axborot tizimlari majmuasi 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalar asosida ishlab chiqilgan.

Loyiha doirasida Elektron litsenziyalash portali yaratildi. U licence.gov.uz internet manzilida faoliyat ko‘rsatmoqda. Hozirgi kunda portal orqali 40 faoliyat turi bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalar olish uchun elektron ariza topshirish mumkin. Foydalanuvchilarga arizani ko‘rib chiqish holatlarini kuzatib borish, litsenziyalash va ruxsatnomalar berish jarayonlarini avtomatlashtirilgan holda amalga oshirish imkoniyatlari taqdim etilgan.

2016-yilning dekabr oyidan beri sinov rejimida ishlayotgan yangi resursga 46 davlat organi hamda ularning tarkibiy bo‘linmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari ulangan. Bugungi kunga qadar 600 ga yaqin ariza qayta ishlangan, 41 mingdan ziyod litsenziya va ruxsatnomalar reyestri kiritilgan.

Ayni paytda tadbirkorlarga transport, arxitektura va qurilish, birja, ko‘chmas mulk, savdo, tibbiyot, dorixona, ta’lim, madaniyat, sport, turizm va reklama kabi yo‘nalishlarda litsenziyalar elektron shaklda taqdim etilmoqda.

Joriy yilning oxirigacha barcha ruxsatnomalar bosqichma-bosqich portalda joriy etiladi. 2018-yilning 1-yanvaridan ruxsatnomalar berish jarayonlari avtomatlashtirilib, litsenziya olish uchun zarur ruxsat beruvchi hujjatlar elektron tizim orqali olinadi.

– «Litsenziya» axborot tizimlari kompleksi litsenziya va ruxsat berish jarayonlarini avtomatlashtirish orqali litsenziyalovchi organ va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi hamkorlik samaradorligi oshadi, – deydi «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish markazi direktori Sherzod Habibullayev. – Shu bilan birga, litsenziyalash bo‘yicha ma’lumotlar, jumladan, litsenziyalar reyestriga kiritilgan ma’lumotlarning ochiqligi ta’minlanadi, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini faol rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Behzod Bozorov, O‘zA
568






Все о погоде - Pogoda.uz