Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.04.2017 11:46 Chop etish versiyasi

Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida tadbirkorlar va fermerlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Tadbirda mahalliy hokimlik rahbarlari, “Qishloqqurilishbank”, “Hamkorbank” aksionerlik tijorat banklari va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Sharof Rashidov tumanida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, tadbirkorlar va fermerlarga xalal berayotgan muammolarni bartaraf etish, tumanni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishda tadbirkorlarning imkoniyatlaridan keng foydalanish masalalari to‘g‘risida fikr almashildi.

Sharof Rashidov tumani hokimi S.Ismoilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati E.Xolbo‘tayev, ATB “Qishloqqurilishbank” boshqaruvi raisi o‘rinbosari G‘.Abdurahmonov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 5 oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga qaratilgan muhim chora-tadbirlar belgilanganini va qo‘shimcha keng qulayliklar yaratilganini ta’kidladi.

Tadbirda Sharof Rashidov tumanida tadbirkorlikni va fermerlikni rivojlantirish borasida foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjudligi, mahalliy hokimiyat organlari faoliyatida sansalorlik, ortiqcha byurokratiyaga berilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik lozimligi qayd qilinib, tadbirkorlar va fermerlar ishtirokida   yangi biznes loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

“Qishloqqurilishbank” va “Hamkorbank” vakillari kichik biznes va tadbirkorlik sub’ektlari uchun ajratilayotgan kreditlar, ularni ajratish tartiblari haqida axborot berdi va mazkur tijorat banklari tomonidan  Sharof Rashidov tumanida tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish rejalashtirilganligi ma’lum qilindi.

Ochiq muloqotda tumanda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qator takliflar o‘rtaga tashlandi. Bir guruh tadbirkorlar va fermerlar tijorat banklari moliyaviy ko‘magida yangi biznes loyihalarini amalga oshirish tashabbuslarini bildirdi.

“Qishloqqurilishbank” axborot xizmati

1 583






Все о погоде - Pogoda.uz