Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.04.2017 13:15 Chop etish versiyasi

Tadbirkor yoshlar safi kengaymoqda

Ohangaron tumani markaziy istirohat bog‘ida “Vatanimiz kelajagi uchun mas’ulmiz!” shiori ostida uyushmagan yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilarining biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Toshkent viloyati kengashi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tumandagi tijorat banklari, davlat soliq inspeksiyasi, “Yagona darcha” markazi vakillari, partiyaning “Yosh mulkdor – yurt tayanchi” hamda “Diplom bilan biznesga” loyihalari qatnashchilari, “Yoshlar qanoti” faollari ishtirok etdi.

Tadbirda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, yoshlarni mazkur sohaga keng jalb qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Prezidentimizning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– “Yosh mulkdor – yurt tayanchi” loyihasining birinchi bosqichida uyushmagan yoshlarning tadbirkorlik va fermerlikka qiziqishi maxsus ijtimoiy so‘rovnomalar orqali o‘rganildi, – deydi partiya viloyat kengashi yoshlar bilan ishlash bo‘limi mudiri D.Davronov. – O‘rganishlar natijasi viloyatda 1000 ga yaqin uyushmagan yoshlar borligini ko‘rsatdi. Ularning 600 ga yaqini kichik biznes va fermerlik faoliyatiga qiziqishi borligi, ushbu yo‘nalishda o‘z ishini boshlash maqsadida ekani aniqlandi. Loyihaning ikkinchi bosqichida so‘rovnomaga ko‘ra qiziqishi aniqlangan yoshlarning kelgusida tadbirkorlik bilan samarali faoliyat yuritishi, sohaga oid bilimini boyitish uchun bank muassasalari, “Yagona darcha” markazlari, tadbirkorlikka ko‘maklashuvchi boshqa tashkilot vakillari ishtirokida seminar-treninglar tashkil etilmoqda. Tadbirlar davomida yoshlarning biznes g‘oyalarini moliyalashtirishga ham alohida e’tibor qaratilayotir.

Tadbir doirasida o‘z biznesini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ygan yosh tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hamda tijorat banklari faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi.

– “Diplom bilan biznesga” loyihasida sutni qayta ishlash bo‘yicha biznes rejam bilan ishtirok etdim, – deydi Ohangaron politexnika kasb-hunar kolleji bitiruvchisi M.Husanboyev. – Loyiham hakamlar hay’ati tomonidan ma’qul topilib, uni hayotga tatbiq etish uchun bankdan 30 million so‘m miqdorida kredit ajratiladigan bo‘ldi. Bundan juda xursandman.

Seminarda tashabbuskor, tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan ko‘plab yoshlar o‘z biznes g‘oyalarini moliyalashtirish uchun banklar bilan kredit shartnomalari imzoladi.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
2 787






Все о погоде - Pogoda.uz