O‘zA O`zbek

06.02.2018 19:10 Chop etish versiyasi

Tadbirkor bo‘lish uchun nima qilish kerak?

Tadbirkorlik nima? Tadbirkor bo‘lish uchun avvalo nimalarga e’tibor qaratish kerak? Bugun yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qanday imkoniyat va imtiyozlar mavjud?

Qarshi agrobiznes va tadbirkorlik kasb-hunar kollejida Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, Qarshi shahar davlat xizmatlari markazi hamkorligida o‘tkazilgan ochiq muloqotda shu savollarga atroflicha javob qaytarildi.

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-yanvardagi “Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida tadbirkorlik bilan bog‘liq faoliyat turlari ro‘yxati batafsil keltirilgan, – deydi Qarshi shahar davlat soliq inspeksiyasi mas’ul xodimi Qurbon Allayorov. – Bugungi kunda davlatimiz tomonidan tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan kasb-hunar kolleji bitiruvchilariga ko‘plab imkoniyat va imtiyozlar yaratilgan. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 375-moddasida kasb-hunar kolleji bitiruvchilari kollejni tamomlaganidan keyin 12 oy ichida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan taqdirda 6 oy muddatga soliq to‘lashdan ozod etilishi belgilab qo‘yilgan. Bunday qulayliklar faoliyat boshlagan yosh tadbirkor uchun ayni muddao bo‘ladi. Eng muhimi, tadbirkor bo‘lish uchun insonga iqtidor, qobiliyat, uddaburonlik kerak. Ana shu xislatlar insonda jam bo‘lsa, undan yaxshigina tadbirkor chiqadi.

Tadbirda tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kredit mablag‘lari olish, xorijdan texnologiyalar keltirish yuzasidan ham batafsil ma’lumotlar berildi.

– Men tadbirkorlik deganda faqat bankdan kredit olish va savdo- sotiq bilan shug‘ullanishni tushunar ekanman, – deydi kollejning 3-bosqich o‘quvchisi Doston Boyto‘rayev. – Tadbirkorlik subyektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, soliq munosabatlari bilan bog‘liq masalalarga oid bilimim yetarli emas ekan. Bugungi tadbirda bu borada zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldim.

Tadbirda yoshlarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar javob qaytardi.

O‘lmas Barotov, O‘zA
35 209