O‘zA O`zbek

03.07.2019 19:03 Chop etish versiyasi

Surxondaryo viloyatida ikkinchi chorakda soliqlardan byudjetga 577,3 milliard soʻm mablagʻ tushdi

Surxondaryo viloyatida ikkinchi chorakda soliqlardan byudjetga 577,3 milliard soʻm mablagʻ tushdi

Mamlakatimizda soliq islohotlarini amalga oshirish va byudjetga qoʻshimcha mablagʻlarni jalb etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar adolatli soliq siyosatini yuritish va aniqlanayotgan qoʻshimcha imkoniyatlardan unumli foydalanib, hududlarni har taraflama rivojlantirishda oʻz samaralarini berayotir.

Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari hamda 2020-2021-yillarga byudjet moʻljallari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim omil boʻlmoqda. Shunga muvofiq joriy yilning ikkinchi choragida Surxondaryo viloyatida byudjetga 483,7 milliard soʻm mablagʻ tushirish prognozi belgilangan edi. Soliq toʻlovchilar tomonidan shu davrda 577,3 milliard soʻm soliq va boshqa toʻlovlar toʻlab berilib, byudjetga 93,6 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ tushirildi.

Viloyat davlat soliq boshqarmasidan olingan maʼlumotlarga koʻra, soliq tushumida yuqori koʻrsatkichlarga erishish uchun soha mutaxassislari belgilangan tartibda nazorat tadbirlari oʻtkazishni toʻgʻri yoʻlga qoʻydi. Xususan, soliq toʻlovchilar tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotlari kameral nazoratdan oʻtkazilib, 16 ming 174 holatda hisobotga nisbatan 30,6 milliard soʻm, korxonalarda norasmiy ravishda ishlovchi 3 ming 931 ishchining buyruq asosida ishga qabul qilinishi taʼminlanib, byudjetga 2,7 milliard soʻm qoʻshimcha soliq hisoblandi.

– Shuningdek, joylarda 16 ming 728 obyektni koʻzdan kechirish hamda soʻrov oʻtkazish tadbirlari natijasida 2 ming 665 ta davlat roʻyxatidan oʻtmasdan noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan fuqaro aniqlandi, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shoʻbasi boshligʻi I.Rahmatov. – Ularning davlat roʻyxatidan oʻtib faoliyat yuritishlariga amaliy yordam berilib, 2,3 milliard soʻm qoʻshimcha soliq hisoblanishiga erishildi. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarda oʻtkazilgan xronometraj koʻzdan kechirish tadbirlarida bir kunlik tushumning oʻtgan haftaning shu kungi tushumiga nisbatan oʻrtacha ikki yarim baravar, yaʼni 1,3 milliard soʻmga oshishi taʼminlandi. Joylarda soliqqa tortiladigan bazani kengaytirib, byudjetga qoʻshimcha daromadlar zaxiralarini aniqlash tizimi keng yoʻlga qoʻyilgani yurtimiz obodligi va xalqimiz toʻkinligini taʼminlashga xizmat qilayotir.

Viloyatda davlat soliq organlari tomonidan byudjetga qoʻshimcha mablagʻ tushirish va boshqa yoʻnalishlardagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Xolmoʻmin MAMATRAYIMOV, OʻzA
979