Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.10.2017 14:50 Chop etish versiyasi

Soliq qarzlari undirilmoqda

Jismoniy va yuridik shaxslarning soliqlarni o‘z vaqtida to‘lamasligi, paysalga solishi yoki undan bo‘yin tovlashi kabi holatlar ularga nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rilishiga sabab bo‘lmoqda.

Toshkent viloyati davlat soliq xizmati organlari hamda Majburiy ijro byurosi hududiy bo‘limlari hamkorlikda joylarda sud hujjatlari asosida soliq qarzini undirishga qaratilgan keng qamrovli tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Zangiota tumanida o‘tkazilgan tadbir davomida 36 nafar jismoniy shaxsning yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha 50 million so‘mdan ortiq qarzdorligi byudjetga undirildi. Yangiyo‘l tumanida o‘tkazilgan tadbirda soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmagan 10 dan ortiq qarzdorning 14,4 million so‘m soliq qarzi undirildi hamda 382 million so‘mdan ortiq qarzi bor 3 tadbirkorlik sub’ektiga qarashli bino, avtotransport vositalari va turli ishlab chiqarish uskunalari sud hujjatlari asosida qarzdorlik hisobiga xatlandi.

– Meva-sabzavotni qayta ishlash va qadoqlangan turli konserva mahsulotlari tayyorlashni yo‘lga qo‘ygan “Kinder Fruits” mas’uliyati cheklangan jamiyati bir necha yil davomida belgilangan soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmagani oqibatida qarzi 100 million so‘mdan oshib ketgan, – deydi Yangiyo‘l tumani davlat soliq inspeksiyasi bo‘lim boshlig‘i B.Malikov. – Korxonaga qarashli 12 gektar yer va Samarqand ko‘chasida joylashgan meva-sabzavotni qayta ishlash binosi ancha xarob ahvolga kelib qolgan.

Ishchi-xodimlarning aytishicha, korxona rahbari bino va undagi barcha jihozlar, qayta ishlash sexi uskunalarini sotmoqchi, faqat mo‘ljaldagi narxga oladigan xaridor topilmayapti. Mahsulot saqlash omborxonasida sotilmay qolgan va iste’mol muddati o‘tib ketgan 250 ming qadoqdagi meva pyuresi aniqlandi. Majburiy ijro byurocining tuman xodimlari tomonidan korxona binosi va ishlab chiqarish jihozlari sud hujjatlari asosida soliq qarzi hisobiga xatlandi.

Viloyat “Issiqlik manbai” korxonasi Yangiyo‘l tumani filialining ham soliqdan 154 million so‘m qarzdorligi mavjud. Tadbir davomida korxonada mavjud avtotransport vositalari va texnika jihozlari ochiq joyda saqlanishi bois o‘ta yaroqsiz holga kelib qolgani aniqlangan.

Tumandagi 59 xonadon, bitta umumta’lim maktabi va tuman shifoxonasiga issiq suv yetkazib berish majburiyatini olgan ushbu korxona soliq qarzdorligini to‘lash bilan birga, qishki isitish tizimidagi nuqsonlarni vaqtida bartaraf etishi lozim.

Umuman, soliqqa oid huquqbuzarliklarni aniqlash va ularni barvaqt profilaktika qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar doimiy ravishda soha xodimlarining diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Masalan, Yangiyo‘l tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan keyingi ikki oyda joylarda soliq to‘lovchilar bilan 253 marta profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, aniqlangan huquqbuzarliklarga nisbatan rasmiy ogohlantirishlar berilgan.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
2 290






Все о погоде - Pogoda.uz