Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.09.2017 13:02 Chop etish versiyasi

So‘xlik dehqonlar 20 ming tonnadan ziyod kartoshka yetishtirdi

So‘xlik dehqonlar 20 ming tonnadan ziyod kartoshka yetishtirdi Farg‘ona viloyati So‘x tumanida fermerlar va aholi tomorqasida ming gektardan ziyod maydonda yetishtirilgan kartoshka yig‘ib olinmoqda.

Mamlakatimizda aholini sifatli, to‘yimli va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, mavjud ekin maydonlaridan samarali foydalanish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar yuksak samaralar bermoqda.

So‘lim tog‘lar bag‘rida joylashgan So‘x tumanida vitaminga boy, ertapishar sabzavot, poliz mahsulotlari va kartoshka yetishtirish bo‘yicha katta tajriba to‘plangan. Ayni paytda tumanda 300 fermer xo‘jaligi sabzavotchilik, bog‘dorchilik, g‘allachilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular joriy yilda 770 gektar maydonda kartoshka yetishtirdi. Kartoshka yetishtirishni yanada ko‘paytirish maqsadida fermer va dehqon xo‘jaliklari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, zarur sharoitlar yaratilmoqda. “Shoxruh”, “Sohibkor”, “Rustam”, “Mirzaabdulla”, “Bunyod” kabi fermer xo‘jaliklari sabzavotchilik sohasida tumandagi ilg‘or xo‘jaliklardan.

“Shoxruh” fermer xo‘jaligida ikki yarim gektar yerda yetishtirilgan “Arena” navli kartoshkani yig‘ib olish ishlari qizg‘in davom etmoqda. Joriy yilda xo‘jalik g‘alladan kutilganidan-da mo‘l hosil oldi. “Besh yulduz”, “Nafis” navli olmalar g‘arq pishgan. Paykalda piyoz, sabzi kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari parvarishlanmoqda.

– Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, kartoshka yetishtirishdan yaxshi daromad ko‘rmoqdamiz, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari, “Do‘stlik” ordeni sohibi Kamoliddin Sharipov. – Xo‘jaligimiz kartoshka urug‘i ham yetishtiradi. Har gektar maydondan 28 tonna kartoshka olmoqdamiz. Maqsadimiz yurtimiz bozorlarini arzon va sifatli kartoshka bilan ta’minlash, xalqimiz turmushini yanada obod qilishga munosib hissa qo‘shishdir.

Tumanda mahalliy iqlim sharoitiga mos, serhosil kartoshka navlari yaratish, dehqonlarni sifatli urug‘lik bilan ta’minlash yo‘lida ham izchil izlanishlar olib borilmoqda. Kartoshkaning “Marfona”, “Arena”, “Pikasso”, “Santa”, “Kondor”, “Romana” “To‘yimli”, “Aqrab” navlari hosildorligi va mazasi bilan iste’molchilarga manzur bo‘layotir.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va me’yorida amalga oshirilsa, gektaridan 25-30 tonnagacha kartoshka olish mumkin. Buni yaxshi biladigan so‘xlik dehqonlar hozirga qadar 20 ming tonnadan ziyod kartoshka yetishtirdi.

Tumanda Prezidentimizning 2017-yil 21-avgustdagi “2018 yil hosili uchun avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini joylashtirish, ekish uchun talab etiladigan moddiy-texnika resurslarini o‘z muddatida yetkazib berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqasida 200 gektar maydonga piyoz va sarimsoqpiyoz, noyabr-dekabr oylarida 500 gektardan ziyod yerga to‘qsonbosti ekinlari – piyoz, sarimsoqpiyoz, sabzi, lavlagi va turli ko‘katlar ekish ko‘zda tutilgan. Bu boradagi ishlar allaqachon boshlab yuborilgan.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
2 599






Все о погоде - Pogoda.uz