Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.04.2017 12:43 Chop etish versiyasi

Serdaromad tarmoq

Farg‘ona viloyatida o‘tgan yili baliqchilik yo‘nalishida 40 yangi loyiha amalga oshirilib, 170,4 gektar maydonda sun’iy suv havzalari tashkil etildi. Bu ishlar uchun tijorat banklari tomonidan 1 milliard 352 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.

Prezidentimiz rahnamoligida go‘sht va go‘sht mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, bozorni sifatli va arzon mahsulotlar bilan to‘ldirish, aholi ehtiyojini to‘la ta’minlash maqsadida chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik kabi sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Farg‘ona viloyatida baliqchilikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Sohaga tijorat banklarining kredit mablag‘lari yo‘naltirilayotgani, tabiiy ko‘llardan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilib, xo‘jaliklarni baliq chavoqlari, ozuqa bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani yutuqlar omili bo‘lmoqda.

2016-yili “Ipotekabank”ning 120 million so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i evaziga Bag‘dod tumanidagi “Shimoliy Bag‘dod” fermer xo‘jaligida 10 gektar sun’iy suv havzasi tashkil etilib, 50,9 tonna baliq yetishtirildi.

Viloyatdagi baliqchilikka ixtisoslashgan 252 fermer xo‘jaligi tasarrufida 2254,7 gektar yer mavjud. Bu xo‘jaliklar tomonidan xaridorgir bo‘lgan sazan, oq amur va do‘ngpeshona baliqlari yetishtirilmoqda. Bag‘dod va Furqat tumanlarida tajriba tariqasida Afrika laqqa balig‘ini yetishtirish ham yo‘lga qo‘yildi.

– Afrika laqqasini viloyatimiz iqlim sharoitiga moslashtirish va undan mo‘l hosil yetishtirish borasidagi tajribalar izchil davom etmoqda, – deydi Bag‘dod tumanidagi “Mubinaxon Mufazzalxon” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari M.Teshaboyev. – Agar tajribalar yaxshi samara bersa, viloyatimizda bunday baliq yetishtirishni ko‘paytiramiz.

Viloyatda yangi yo‘nalish – “Sadok” usulida baliq yetishtirish borasida ham yutuqlar ko‘lami yildan-yilga kengaymoqda. Hozirgacha Yozyovon tumanidagi Markaziy Farg‘ona suv ombori, Quvada Karkidon suv ombori, Oltiariq tumanidagi Qo‘rg‘ontepa suv omborida 100 ga yaqin “Sadok” moslamalari o‘rnatildi. Natijada o‘tgan yilning o‘zida viloyatda “Sadok” moslamalarida 250 tonnaga yaqin baliq yetishtirildi.

Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirish, baliq mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini yanada ko‘paytirish borasida aniq chora-tadbirlar belgilangan. Viloyat bo‘yicha sun’iy havzalarda 5 ming 810 tonna baliq ovlash mo‘ljallanmoqda. 32 yangi loyihani amalga oshirish hisobidan 304 gektar sun’iy suv havzasi tashkil etish va 200 yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Yangi loyihalar yana 613 tonna baliq yetishtirish imkonini beradi. “Beshariq baliq” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan imtiyozli bank krediti va o‘z mablag‘i hisobidan Qo‘qon shahrida baliqni dudlash va qadoqlash kichik sexi tashkil etiladi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
2 755






Все о погоде - Pogoda.uz