Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.04.2017 18:00 Chop etish versiyasi

Sarmoya berish tartibi yanada soddalashdi

«Ipoteka-bank» aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan «Aholini tadbirkor qilish» dasturi doirasida fuqarolar qiziqishlari o‘rganildi.

Mazkur bank jamoasi 340 mingdan ortiq xonadon egalarini tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida tushuntirish ishlarini olib bordi. Shundan 32 ming 700 dan ziyod fuqaro tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan. Hozir ulardan qariyb 22 ming nafariga 127 milliard so‘m kredit ajratildi.

"Ipoteka-bank" aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan jurnalistlar uchun o‘tkazilgan muloqotda aholining barcha qatlamlarini tadbirkorlikka jalb qilish borasidagi qator o‘zgarishlar xususida so‘z yuritildi. Ayni vaqtda mamlakatimizda aholining bank kreditlariga bo‘lgan ehtiyojlariga ko‘ra, 23 yo‘nalishdagi faoliyat uchun sarmoyalar taklif etilmoqda. Parrandachilik, baliqchilik, chorvachilik, hunarmandlik, servis xizmatlari, qandolatchilik, tikuvchilik kabilar shular sirasidandir.

– Sarmoyalar ajratishda, avvalo, kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratilmoqda, – deydi bankning Toshkent viloyati boshqaruvchisi o‘rinbosari Shuhrat Qo‘rg‘onov. – Bunda ularning moddiy manfaatdorligini oshirish orqali ijtimoiy ahvolini yaxshilash, ish bilan ta’minlanish darajasini oshirish ko‘zda tutilmoqda. Misol uchun, Olmaliq shahrida yashovchi Boirjon Qarshiboyevga metall buyumlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish uchun 10 million so‘m ajratildi. Hozir temir darvoza, panjara kabi mahsulotlar ishlab chiqarish hisobiga uning oilasi kuniga o‘rtacha 60-70 ming so‘m mablag‘ topmoqda. Yoki angrenlik Abdurahmonovlar oilasiga ko‘rpa, parda, kiyim-kechak tikishni tashkil etish uchun sarmoya ajratildi va oilaning moddiy ahvoli yaxshilanmoqda.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining keng qatlami, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari va xotin-qizlarning bank kredit xizmatlaridan samarali foydalanishini yanada kengaytirish doimiy e’tiborda. Shu bois aholiga sarmoyalar ajratish tizimini yanada soddalashtirish, imtiyozli davrini kengaytirish choralari ko‘rilmoqda. Ayni vaqtda mikrokreditlar eng kam ish haqining 200 barobarigacha, asosiy qarzni to‘lashga olti oy muddatli imtiyozli davrni hisobga olgan holda, uch yilgacha muddatga berilmoqda. Agar tadbirkor bitta ish o‘rni yaratsa kredit 9 foiz, ikkita ish o‘rni yaratilganda 8 foiz, uchtadan to‘rttagacha ish o‘rniga 7 foiz, beshta va undan ortiq ish joylari yaratilganda 6 foiz miqdorida berilmoqda.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida bank jamoasi aholi bilan ishlash samaradorligini yanada oshirish choralarini ko‘rmoqda. Bunda "Ipoteka-bank" aksiyadorlik-tijorat banki boshqaruvi raisining virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar ham qo‘l kelmoqda. 2016-yilning oktabrida tashkil etilgan mazkur xizmat orqali hozirga qadar bir ming uch yuzdan ortiq jismoniy va yuridik shaxsning murojaatlari qabul qilingan. Ayni vaqtda mazkur murojaatlarning qariyb 97 foizi o‘zining ijobiy yechimini topgan.

Tadbirda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
447






Все о погоде - Pogoda.uz