Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.09.2017 19:08 Chop etish versiyasi

Samarqandda yangi qo‘shma korxona tashkil etiladi

Samarqandda yangi qo‘shma korxona tashkil etiladi Samarqandda “Samarqand pilla urug‘chilik” mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshida O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida “SAMARKAND TIAN ZHU SILK WORM” qo‘shma korxonasini tashkil etishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi B.Sharipov, Samarqand shahar hokimi F.Rahimov va boshqalar mamlakatimizda pillachilik sohasi ko‘p asrlik an’analarga ega ekanini qayd etib, keyingi yillarda tizimda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, chet el investitsiyalarini jalb etish orqali jahon bozorida raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 29-martdagi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sohadagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirish, pillachilik korxonalari faoliyatini takomillashtirish va rivojlantirish, pilla yetishtiruvchilar manfaatini himoya qilish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– Davlatimiz rahbari qarorida ipak qurti urug‘ining mahsuldor zotlarini yaratish va joriy etish, importni qisqartirish va kelgusida yurtimizning ichki ehtiyojini to‘liq ta’minlash maqsadida ularni ishlab chiqarish hajmini bosqichma-bosqich oshirib borish vazifasi belgilab berilgan, – deydi “Samarqand pilla urug‘chilik” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Z.Bobomurodov. – “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi ko‘magida xitoylik hamkorlar bilan birga amalga oshirilayotgan ushbu loyiha ham import o‘rnini bosuvchi mahsuldor ipak qurti urug‘ini o‘zimizda tayyorlash imkonini beradi. Umumiy qiymati 2 million dollarlik ushbu loyihani 2017-2018-yillarda to‘la amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, joriy yilda Xitoydan zamonaviy texnologiyalar, laboratoriya uskunalari keltirib o‘rnatiladi. 2018-yilda 20 ming quti ipak qurti urug‘i tayyorlanadi. Keyingi yillarda bu miqdor oshib borib, 2021-yilda to‘liq quvvatga erishiladi va 50 ming quti elita urug‘i ishlab chiqariladi. Bu ichki ehtiyojni qondirishdan tashqari mahsulotni xorijga eksport qilish imkonini beradi. Eng muhimi, yiliga bir necha marta ipak qurti urug‘i tayyorlash va pilla yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.

2 (2).JPG

Loyihaga ko‘ra, ipak qurti ozuqa bazasini yaratishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Besh yil davomida intensiv usulda 50 gektar yangi tutzor barpo etish va mavjud 150 gektar tutzorni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, har 5 gektar tutzor hududida ipak qurti boqish uchun maxsus qurtxonalar tashkil etiladi. Bundan tashqari, korxona qoshida qo‘shimcha tarmoq sifatida sabzavot mahsulotlari yetishtirish va parrandachilik ham yo‘lga qo‘yiladi. Bu ishlar natijasida korxonada 100 ga yaqin doimiy va 1700 dan ortiq mavsumiy ish o‘rinlari yaratiladi.

– O‘zbekiston pilla yetishtirish bo‘yicha boy resurs va katta imkoniyatlarga ega, – deydi Xitoyning “Mokan Tyan Zi” kompaniyasi prezidenti Vu Pin Kun. – Yurtingiz iqlim sharoitida bir yilda ikki-uch marta ipak qurti parvarishlash mumkin. Shuning uchun biz o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birga ushbu korxonani tashkil etish, urug‘chilikni rivojlantirish hamda ipak qurti boqishni takomillashtirishga kelishib oldik. Bu ikki tomon uchun ham manfaatli va istiqbolli loyiha bo‘ladi.

Marosimda loyihani amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolandi va yangi korxonaning ramziy qozig‘i o‘rnatildi.

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA
3 503






Все о погоде - Pogoda.uz