Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.09.2017 20:34 Chop etish versiyasi

Rangli metall parchalari olib chiqib ketilishi bartaraf etildi

Mamlakatimiz chegaralarida tarkibida rangli metall bo‘lgan mexanizm va agregatlarni talon-toroj qilish bilan bog‘liq huquqbuzarlik holatlari, rangli metall parchalari va chiqindilarini yashirincha tayyorlash, ularni mamlakat tashqarisiga noqonuniy olib chiqib ketish bilan bog‘liq xarakatlar uchramoqda. Amaldagi tartiblarga muvofiq rangli metall parchalari va chiqindilarini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqib ketish taqiqlangan.

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, viloyat bojxonachilari tomonidan rangli metall parchalarini yashirincha olib chiqishga bo‘lgan urinish holati bartaraf etildi.

Farg‘ona tumani hududida harakatlanayotgan “Mersedes Bens” rusumli avtomashina belgilangan tartibda to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida xorijga noqonuniy ravishda olib chiqish uchun mo‘ljallangan 23 dona polietilen qopda umumiy qiymati 4 million 400 ming so‘mdan ortiq, og‘irligi 828 kilogramm mis parchalari olib ketilayotgani aniqlandi.

Ushbu rangli metall parchalari fuqaro A.Yoribekovga tegishli bo‘lib chiqdi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1851-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ushbu moddaga ko‘ra rangli metall parchalari va chiqindilarini chegaradan noqonuniy o‘tkazishga urinish jarima, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq jazosi bilan jazolanadi.

Hozir ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Mamlakatimizda rangli metall parchalari va chiqindilarini eksport qilish faqat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ruxsati bilan beriladigan litsenziyalar asosida amalga oshiriladi.

Ta’kidlash joizki, joriy yilning o‘tgan 7 oyi davomida mamlakatimiz bojxonachilari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 87 ta qonunbuzarlik holatida qiymati salkam 150 million so‘mlik 73 tonnadan ortiq qora va rangli metall parchalarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

Davron Sunnatov, O‘zA
1 749






Все о погоде - Pogoda.uz