Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.04.2017 12:10 Chop etish versiyasi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi o‘tkazildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi o‘tkazildi Nukusda o‘tkazilgan hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida 370 dan ziyod korxona va xususiy tadbirkorlik subyekti o‘z mahsulotini namoyish etdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Iqtisodiyot, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirliklari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan sanoat yarmarkasida oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlar, xalq iste’moli mollari, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar, qurilish materiallari, mebel, gilam va trikotaj buyumlari, elektrotexnika sanoati mahsulotlari keng assortimentda namoyish etildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1 ming 294 sanoat korxonasi, jumladan, 25 yirik korxona, 1 ming 269 kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Uchta korxonada import o‘rnini bosadigan mahalliy mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Yarmarkada Nukus shahridagi “Kardar” ko‘ptarmoqli ishlab chiqarish korxonasining metalldan yasalgan turli eshik, to‘siq va panjaralari, istirohat bog‘lariga mo‘ljallangan o‘rindiqlar, “Solar impulse” mas’uliyati cheklangan jamiyati taqdim etayotgan quyosh energiyasi uskunalari, “Gedeon Karauzyak” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishlab chiqarayotgan turli attraksion qurilmalar, Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi “Xonqa-chevar” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tikuvchilik mahsulotlari, Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi “Oltin tola zamini” xususiy korxonasining idora, o‘quv va uy-ro‘zg‘or mebellari, Samarqand shahridagi “Samarqand gilamlari” qo‘shma korxonasining yuqori sifatli mahsulotlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

– O‘tgan yili yarmarkada 1,8 milliard so‘mlik mahsulot sotgan edik, – deydi Xorazm viloyatining Yangibozor tumanidagi “Elinza” xususiy ishlab chiqarish korxonasi rahbari Y.Ernazarov. – Korxonamizda 189 xil tibbiyot mebel jihozlari ishlab chiqariladi. Sanoat yarmarkasiga ulardan 45 xilini olib keldik. Mahsulotimizning aksariyat qismi Rossiyaga eksport qilinmoqda. O‘tgan yili ichki bozorda 2 milliard so‘mlik mahsulot sotgan bo‘lsak, 873 ming dollar miqdoridagi mahsulotni eksport qildik. Joriy yilning o‘tgan davrida 187 ming dollarlik mahsulot xorijga jo‘natildi.

Yarmarkada tashkilotlar, savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari, fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlar mahsulot xarid qilish yuzasidan ko‘plab shartnomalar imzoladi.

Aminboy Ortiqboyev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA
2 406






Все о погоде - Pogoda.uz