Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.11.2017 14:00 Chop etish versiyasi

“Qo‘qon” EIZda 18 istiqbolli loyihani amalga oshirish ishlari boshlandi

Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan erkin iqtisodiy zonalar yuqori texnologiyali yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, hududlarda zamonaviy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.

Prezidentimizning 2017-yil 12-yanvardagi “Urgut”, “G‘ijduvon”, “Qo‘qon” va “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

“Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining 700 gektardan ziyod maydonida tadbirkorlar yangi loyihalarni amalga oshirishi uchun barcha sharoit yaratilayotir. Ishlab chiqarish, muhandislik-kommunikatsiya, yo‘l-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, sifatli logistika xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy infratuzilmani shakllantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan. Iqtisodiy zonada faoliyat yuritish istagini bildirgan tadbirkorlar, ishlab chiqarishga sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan biznes vakillari beriladigan imtiyoz va preferensiyalarni katta qiziqish bilan o‘rganmoqda.

– Bugungi kunga qadar 18 loyihaga ma’muriy kengash tomonidan ijobiy xulosa olindi va amaliy ishlar boshlab yuborildi, – deydi “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi mutaxassisi Sohibjon Mamatov. – Hozirda yana 8 loyiha ko‘rib chiqilmoqda, 25 loyiha bo‘yicha biznes-rejasi loyiha tashabbuskorlari tomonidan tayyorlanmoqda. Jahon standartlariga mos, tashqi bozorda raqobatbardosh va xaridorgir mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish uchun xorijiy investitsiyalar jalb etish bo‘yicha qulay sharoit yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

“Staffing Plus Kokand” mas’uliyati cheklangan jamiyatida yiliga 10 ming dona maishiy texnika vositasi, 6 ming dona tikuvchilik, to‘quvchilik dastgohi va 2 million dona energiya tejovchi LED lampalari ishlab chiqariladi.

– Erkin iqtisodiy zonadan birinchilar qatorida 9 gektar joy oldik, – deydi jamiyat ijrochi direktori Ziyovuddin Mamajonov. – Mazkur loyiha uchun 2,5 million dollarlik investitsiya kiritilmoqda. Yuz foiz eksportbop mahsulotlar tayyorlanadigan korxonada avval 100 ish o‘rni yaratiladi, 2019 yildan esa 300 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.

Velosiped va ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi “Kokand bicycles” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2015 yilda tashkil topgan. Jamiyatga “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasidan 2 gektar maydon ajratildi. Xorijdan 740 million so‘mlik dastgohlar keltiriladi. Bu yerda yiliga 6 ming 240 dona bolalar va 3 ming 120 dona kattalar velosipedi tayyorlanadi. “Vodiy Evro textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ip mahsulotlarini bo‘yash, to‘qish va tikish bo‘yicha loyiha taqdim etilgan. Mazkur ishlar uchun 25 milliard so‘m mablag‘ sarf etilib, 150 ish o‘rni yaratiladi. Mahsulotlar asosan eksportga yo‘naltiriladi.

– Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgani viloyat iqtisodiyoti, ayniqsa, oziq-ovqat, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari ishlab chiqarish, mashinasozlik va avtomobilsozlik, farmatsevtika, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida samarali mehnat qilayotgan tadbirkorlarga katta qulaylik yaratdi, – deydi “Invest pharm group” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Rasul Hasanov. – Erkin iqtisodiy hududdagi bizga ajratilgan 2,5 gektardan ortiq maydonda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur loyiha uchun 3 million 900 ming dollar miqdorida investitsiya jalb etilmoqda.

Muxtasar aytganda, “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi hududda ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish, shu asosda yangi ish o‘rinlari tashkil etish, pirovardida aholini barqaror daromad manbai bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Bu esa milliy iqtisodiyotimizning barqaror taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yuksaltirishga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA

1 561






Все о погоде - Pogoda.uz