Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.03.2017 12:36 Chop etish versiyasi

Puxta tayyorgarlik – mo‘l hosil garovi

Puxta tayyorgarlik – mo‘l hosil garovi Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida 2017-yil paxta hosili uchun chigit ekish mavsumini sifatli tashkil etish masalasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zpaxtasanoat”, “O‘zagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyatlari va ularning viloyatdagi hududiy boshqarmalari, viloyat huquqni muhofaza qilish idoralari, qishloq xo‘jaligi hamda ularga xizmat ko‘rsatuvchi korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari, tuman hokimlari ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, jumladan, agrar sohaga fan-texnikaning ilg‘or yutuqlarini joriy etish, dehqonchilikning barcha turlari bo‘yicha hosildorlikni oshirishda ilmiy-amaliy yondashuvga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.

– Tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, har qarich yerdan oqilona foydalanish, bu borada muntazam izlanish olib borishni davrning o‘zi taqozo etmoqda, – deydi qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari A.Vahobov. – Ko‘zlangan hosildorlikka erishishda har bir hududning tuproq va suv xususiyatlarini hisobga olgan holda nav tanlash, ekish vaqti va usullarini aniq bilish, agrotexnik parvarishning ilmiy asoslangan tadbirlarini o‘z vaqtida, sifatli bajarish muhim ahamiyatga ega. Namangan viloyatida ham hosildor tuproqli yerlar bilan birga, yerosti suvlari yaqin, sho‘rlanganlik darajasi turlicha, suv ta’minoti manbalari murakkab bo‘lgan sharoitda paxta yetishtiriladi. Shu nuqtai nazardan viloyatda ekish mavsumini sifatli tashkil etish va pirovardida rejadagi hosilni olish bo‘yicha chora-tadbirlarni aniq belgilash mazkur yig‘ilishdan ko‘zlangan asosiy maqsaddir.

Joriy yilda viloyatda 219 ming 800 tonna paxta xomashyosi yetishtirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda 3 ming 100 dan ziyod fermer xo‘jaligi tasarrufidagi maydonga g‘o‘zaning “Namangan-77”, S-6524, “Andijon-35”, “Namangan-34”, S-8286, “Buxoro-102” hamda bir qator yangi sinov navlari ekiladi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, viloyatda 90 santimetrli sxemada chigit ekiladigan maydon 7,6 ming gektarga qisqartirilib, qo‘shqator usulida ekiladigan maydon 9 ming gektarga ko‘paytirilmoqda. Bu hosildorlikni oshirish hamda mehnat va mablag‘ sarfini kamaytirishda katta ahamiyat kasb etadi.

Mavsum uchun talab etiladigan 4 ming tonnadan ziyod sifatli urug‘lik chigit tayyorlab qo‘yildi. Ma’lumki, yuqori hosildorlikka erishishda chigit ekish mavsumini o‘z vaqtida, uyushqoqlik bilan tashkil etish alohida ahamiyatga ega. Viloyatda bu borada ko‘rilgan chora-tadbirlar qatorida keyingi yillarda yaxshi samara berayotgan otryad usuli yanada takomillashtirilmoqda. Joriy yilda ham mazkur jarayonni puxta o‘tkazish maqsadida viloyat bo‘yicha agronom, suv, yoqilg‘i, mineral o‘g‘it, texnik xizmat ko‘rsatish ta’minoti bo‘yicha va boshqa mutaxassislardan iborat 263 otryad tuzildi. Mazkur otryadlarga seyalka, ko‘chma ustaxona va yoqilg‘i quyish agregati, eng zamonaviy transport, haydov va chopiq traktorlari, mola, chizel, tishli borona, pushta olish moslamalari singari 4 ming 858 texnika vositasi biriktirildi.

Viloyatda chigit ekishni 20-martda boshlab 10-aprelda yakunlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, mavsumni belgilangan muddatda yakunlash uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rildi. Jumladan, 4 ming tonnadan ziyod yoqilg‘i-moylash mahsulotlari, 3 ming 300 tonnadan ortiq fosforli va kaliyli mineral o‘g‘itlar zaxirasi yaratildi.

Ayni paytda viloyatda rejadagi 47 ming 561 gektar maydonda pushta olish, yaxob berish, 37 ming gektarga yaqin o‘z namiga ekiladigan konturlarda tuproq namligini saqlab turish uchun boronalash ishlari davom ettirilmoqda.

Soha rahbarlari va mutaxassislar tomonidan ekish ishlarini tashkil etish, agrotexnik tadbirlar xususida tavsiyalar berilib, navbatdagi vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilishda Namangan viloyati hokimi X.Bozorov so‘zga chiqdi.

Akromjon Sattorov, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA
1 351






Все о погоде - Pogoda.uz