Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.04.2017 18:03 Chop etish versiyasi

«Osiyo batareya»ning xaridorgir mahsulotlari

«Osiyo batareya»ning xaridorgir mahsulotlari Yaqinda Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahrida O‘zbekiston Milliy sanoat ko‘rgazmasi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida o‘tkazilgan biznes-forumda poytaxtimizdagi «Osiyo batareya» qo‘shma korxonasi ham mahsulotlari bilan ishtirok etgandi.

– Korxonamizda ishlab chiqarilayotgan zamonaviy qurilish mahsulotlari biznes-forum ishtirokchilarida qiziqish uyg‘otdi, – deydi korxonaning marketing boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Hamidxo‘jayev. – Hamkorlik borasida Qozog‘istondagi to‘rtta yirik tashkilot bilan kelishuvga erishildi. Kelgusida bu boradagi imkoniyatlarimiz yanada kengayishi shubhasiz.

2000-yildan buyon faoliyat yuritayotgan «Osiyo batareya» qo‘shma korxonasida mahalliylashtirish dasturi doirasida raqobatbardosh, import o‘rnini bosadigan yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi kengaymoqda. Dasturga kiritilgan korxonalarga berilayotgan imtiyozlar, texnologik uskunalar va ehtiyot qismlar, xomashyoning bojxona hamda soliq to‘lovlaridan ozod etilgani yutuqlar omili bo‘lmoqda.

Korxonada 2002-yilda yengil, yuk va boshqa avtoulovlar uchun akkumulyator batareyalar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan edi. O‘sha yilning o‘zidayoq Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘onistonga 2,5 million dollarga teng mahsulot eksport qilindi.

– Faoliyatimizni yanada rivojlantirish maqsadida olib borilgan marketing izlanishlari O‘zbekistonda polimer mahsulotlari yuqori narxda import qilinishini ko‘rsatdi, – deydi B.Hamidxo‘jayev. – Bu yo‘nalishda yangi loyihalar tayyorlandi. 2005-yildan «Asia Plast» savdo belgisi bilan random sopolimer xomashyosidan quvur hamda fitinglar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Issiq va sovuq suv, issiqlik va kanalizatsiya tizimlariga mo‘ljallangan mahsulotlarimiz yuqori haroratga chidamli bo‘lish bilan birga turli xil kimyoviy, ishqoriy ta’sirlarga ham bardoshli.

Plastik quvurlarning uzoq yillarga mo‘ljallanganligi, arzonligi, sifati yuqoriligi ko‘pchilikning diqqatini tortmoqda. Talabning ortishi esa korxonaning ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga zamin yaratdi, mahsulotlar turi va hajmi ortmoqda. 2008-yilda korxonada 50 turdagi mahsulot tayyorlangan bo‘lsa, bugungi kunda 300 turdan ziyod mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan.

Korxonada zamonaviy texnologiyalarga tayangan holda, import o‘rnini bosuvchi, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kengaytirish maqsadida yangi loyihalar tayyorlanmoqda.

Sayyora Shoyeva, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA
2 939






Все о погоде - Pogoda.uz