Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.04.2017 17:59 Chop etish versiyasi

Oilaviy tadbirkorlik qo‘llab-quvvatlanmoqda

Qibray tumanidagi “Do‘rmon” madaniyat saroyida Toshkent viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan oilaviy korxonalar, hunarmandlar faoliyatini rag‘batlantirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy hamda viloyat kengashlari, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki hamkorligida tashkil etilgan tadbirda partiyadan xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylangan deputatlar, partiya faollari, bank mutaxassislari, hunarmandlar va yoshlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotgani, bu borada ortiqcha byurokratik to‘siq va g‘ovlarga yo‘l qo‘ymaslik, mavjud muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Prezidentimizning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– Davlatimiz rahbarining mamlakatimizni 2016-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida har bir xonadonning tadbirkorlik borasidagi imkoniyatlarini o‘rganish, ularga amaliy yordam berish, moliyalashtirishni kengaytirish bilan bog‘liq muammolarni hal etish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berildi, – deydi partiya viloyat kengashi raisi M.Nazarov. – Ushbu vazifalar hamda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan choralar ijrosi doirasida joylarda keng aholi qatlami, yoshlar o‘rtasida oilaviy tadbirkorlikni yanada keng targ‘ib qilish maqsadida mana shunday ochiq muloqotlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.

Mutaxassislar tadbirkorlikka doir qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartish va yangiliklar, imtiyoz va qulayliklar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berdi. Ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar, keltirilgan muammoli masalalar o‘rganilib, ularning yechimi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.

– Tadbir doirasida viloyatimizning barcha tuman va shaharlaridan kelgan, bugungi kunda samarali ish olib borayotgan hunarmandlar mahsulotlarining ko‘rgazmasi tashkil etilgani menda katta taassurot qoldirdi, – deydi chirchiqlik N.Alimova. – Bank xodimlari va sohaga aloqador boshqa mutaxassislarning “Biznes reja va kredit turlari”, “Kredit ajratish tartibi va garov ta’minoti”, “Jismoniy va yuridik shaxslar uchun belgilangan soliqlar”, “Soliq stavkalari, soliq hisobotlari, imtiyoz va preferensiyalar” mavzularidagi ma’ruzalarini tinglab, kelgusida tikuvchilikka ixtisoslashgan oilaviy korxonamizni ikkilanmasdan ishga tushirish ishtiyoqi paydo bo‘ldi. Korxonani tashkil etish borasida ishlab chiqqan biznes rejam ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining kredit sertifikatiga ega bo‘lganimdan xursandman.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
3 807






Все о погоде - Pogoda.uz