Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.03.2017 12:52 Chop etish versiyasi

O‘zimizning fermer opamiz

Sirdaryo viloyatidagi ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarida o‘tgan yili 1 ming 300 dan ziyod loyiha amalga oshirilib, 2 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.

Prezidentimiz rahnamoligida ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor qishloqqa sanoatni olib kirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Yangi tarmoqlarning ishga tushirilishi xo‘jalikning ham, ishchilarning ham daromadini oshirish imkonini bermoqda.

Oqoltin tumanidagi “Oqoltin sardori” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari uyushmasining umumiy yer maydoni 1000 gektar bo‘lib, 6 fermer xo‘jaligi va 2 mas’uliyati cheklangan jamiyatini o‘zida birlashtirgan. Jamoa a’zolari o‘tgan yili davlatga 1 ming 380 tonna paxta, 1 ming 660 tonnadan ziyod g‘alla, 1 ming 500 kilogramm pilla sotib, shartnoma rejasini ortig‘i bilan bajardi. G‘alladan bo‘shagan maydonlarga ikkilamchi ekinlar ekilib, 80 tonna qovun, 25 tonna sholi, 6 tonna mosh, 5 tonna kungaboqar yetishtirildi.

Uyushma a’zolari joriy yilda ham mo‘l hosil olish maqsadida samarali mehnat qilmoqda. Belgilangan me’yordagi mineral va mahalliy o‘g‘itlar solinib, vaqtida sug‘orilgan 450 gektardagi g‘alla maysalari baravj o‘smoqda. Yana 450 gektar maydonning sho‘ri yuvilib, yaxob suvi berildi. Chorva uchun ajratilgan 100 gektar maydondagi beda rivoji ham ko‘ngildagidek.

– Ayni paytda uyushmamizda 120 kishi doimiy ish bilan ta’minlangan, zarurat tug‘ilganda 90-100 nafargacha mavsumiy ishchilarni ham jalb etamiz, – deydi “Oqoltin sardori” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari uyushmasi rahbari Qurbongul Mamadaliyeva. – O‘tgan yili paxtadan 400 million, g‘alladan 350 million, boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlaridan 110 million so‘m sof daromad oldik. Fermerlikning dastlabki yillari traktor u yoqda tursin, bolalarning velosipedi ham bo‘lmagan. Mamlakatimizda yaratilgan keng sharoit va imkoniyatlar tufayli bugun men ham mulkdorman, bundan faxrlanaman. Hozir hamma narsamiz bor, hech kimdan kam joyimiz yo‘q.

Darhaqiqat, Mamadaliyevlar xonadonida bugun mamlakatimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy avtomobillar bor.

Uyushmaga qarashli transport saroyida ikkita “Magnium-255”, uchta “Klass-Aryon”, bittadan “Klass-Axos”, “Klass-130” qishloq xo‘jalik mashinalari, ikkita “Nevxolond” kombayni, to‘rtta "TTZ-8011” chopiq, ikkita “TTZ-8011” tashuv traktori, bir necha kran, samosval, "Isuzi” avtobusi, yuk mashinasi mavsumga shay qilib qo‘yilgan. Shuningdek, tirkama, seyalka, barona, chizel, kultivator va boshqa jihozlar ham yetarlicha. Bularning barchasi yurtimizda yaratilgan sharoitlar va fidokorona mehnat samarasi sifatida har qanday kishining havasini keltiradi.

Uyushma tarkibidagi “Alanga ko‘mak nur fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyati qoshidagi takso-parkda “Neksiya” rusumli 16 avtomashina yo‘lovchilar uzog‘ini yaqin qilmoqda.

– Aholiga yo‘lovchi transport xizmati ko‘rsatadigan takso-parkdan tashqari, jamiyat qoshida uy-joy qurilishi bilan shug‘ullanadigan quruvchilar brigadasi ham mavjud, – deydi “Alanga ko‘mak nur fayz” MChJ rahbari Dadaxon Dadayev. – Jamoamizda 25 kishi doimiy ish o‘rniga ega. Bundan tashqari, qurilish ishlariga 45-50 mavsumiy ishchi jalb etiladi.

Jamoa quruvchilari o‘tgan 6-yil davomida hududda namunaviy loyihalar asosidagi 20 uy barpo etib, foydalanishga topshirdi. O‘tgan yili Guliston shahrida barcha qulaylikka ega zamonaviy tipdagi 12 xonadonga mo‘ljallangan ko‘p qavatli turar joy binosi ham ushbu jamiyat quruvchilari tomonidan bunyod etildi.

Uyushma tarkibidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligiga Qurbongul opaning o‘rtancha o‘g‘li Safarbek rahbarlik qiladi.

– Ishni 20 bosh qora mol, 20 bosh qo‘y boqishdan boshlaganmiz, – deydi “Oqoltin tomorqa servis” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Safarbek Mamadaliyev. – Ayni paytda xo‘jaligimizda 120 bosh sog‘in sigir, 14 bosh “Galinshting” zotli g‘unajin, 2-yilqi, 450 qo‘y-echki parvarishlanmoqda. Bularning barchasiga 12 cho‘pon va podachi mas’ul. O‘tgan yili 54 tonna sutni qayta ishlab, 42 million so‘m sof daromad qildik. O‘tgan yil oxirida Italiyadan 30 zotdor quyon keltirgan edik. Jonivor juda tez ko‘payar ekan. Uch oyda ular soni 400 ga yetdi. Endi quyonxonani kengaytirmasak bo‘lmaydi.

Qurbongul opa shu kunlarda oila a’zolari bilan bir qator yangi loyihalar ustida ishlamoqda. Tijorat bankidan kredit olib, quyonchilikni yanada rivojlantirish, parhez go‘shti va qimmatbaho quyon terisi yetishtirishni ko‘paytirish orqali yangi ishlab chiqarishni tashkil etishni rejalashtirgan. Opaning aytishicha, qayta ishlangan mahsulotni to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksportga chiqarish olinayotgan daromadni yanada ko‘paytiradi. Ayni paytda 10 yangi ishchi o‘rni yaratish imkonini beradi. Mol, qo‘y go‘shti va terisini ham qayta ishlab, kolbasa ishlab chiqarish, terini oshlash sexi tashkil etish, katta sovutgich omborxona qurish loyihalari ham rejaga kiritilgan.

– Mahallamizdagi kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, keksalarni e’zozlashni Qurbongul opadan o‘rganish kerak, – deydi tumandagi “Ahillik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Hamdiyor Saidxonov. – Opa yashasin, mahallada yetimlarga to‘y qilib beradi, uylantiradi, yana kelinni ham, kuyovni ham ish bilan ta’minlaydi. Keksalar, nogiron va ko‘makka muhtoj fuqarolarning uyushma hisobidan yurtimizdagi sanatoriya, dam olish uylarida salomatligini tiklashiga yordam beradi. Shu bois bo‘lsa kerak, butun tuman ahli Qurbongul Mamadaliyevani “O‘zimizning fermer opamiz” deydi g‘urur bilan.

Abdujalol Qayumov, O‘zA
246






Все о погоде - Pogoda.uz