Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.09.2017 17:34 Chop etish versiyasi

“O‘zekspomarkaz”da II xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi ochildi

“O‘zekspomarkaz”da II xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi ochildi Yurtimizda yetishtirilayotgan meva-sabzavotlar salomatlik uchun foydali mikroelementlar, oziq-ovqat ratsionida o‘rnini almashtirib bo‘lmaydigan turli biologik moddalarga boyligi bilan noyobdir. Mamlakatimizda bir yilda o‘rtacha 320 kun oftobli bo‘lishi, to‘rt faslning izchil almashinuvi yuqori sifatli xilma-xil meva va sabzavotlarning sarxil navlarini yetishtirish uchun qulay imkoniyatlar yaratadi. Shuning uchun ham saxovatli o‘zbek zamini in’om etayotgan meva va sabzavotlar haqiqiy brendga aylanib, dunyoda ma’lum va mashhurdir.

Buni ikkinchi marta o‘tkazilayotganiga qaramay, AQSh, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstriya, Shvetsiya, Shveytsariya, Portugaliya, Ukraina, Belarus, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur singari 40 dan ortiq mamlakat vakillarini birlashtirgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi yana bir bor isbotladi.

Bugungi kunda sayyoramizning qariyb 1 milliard aholisi to‘yib ovqatlanmayotgani va bu boradagi muammo tobora keskinlashib borayotgani oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratishni taqozo etmoqda. O‘zbekistonda yetishtirilayotgan mevalarga dunyo mamlakatlarida talab juda katta. Chunonchi, mamlakatimiz o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq va boshqa ko‘plab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish hajmi bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘nta davlatdan biri ekani, keyingi o‘n yilda quruq meva va yong‘oq eksporti hajmi 5 karra ortgani buning yorqin dalilidir.

Bugun xalqimiz ehtiyojidan ortiqcha 180 turdan ziyod meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar AQSh, Braziliya, Vetnam, Indoneziya, Kipr, Makedoniya, Malayziya, Mo‘g‘uliston, Norvegiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Slovakiya, Tailand, Xitoy, Yaponiya kabi saksondan ortiq mamlakatga eksport qilinmoqda. Sohada olib borilayotgan izchil sa’y-harakatlar samarasida eksport jo‘g‘rofiyasi kengayib, hajmi tobora oshmoqda.

Qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash, yetishtirilgan mahsulotlarni saqlash infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani yil davomida aholini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, ushbu mahsulotlarni eksport qilishni kengaytirish, narx-navo barqarorligini saqlash imkonini bermoqda.

Ekin maydonlari optimallashtirilib, hosildorlikni oshirishga qaratilayotgan e’tibor natijasida har bir hududning iqlimiga mos, qurg‘oqchilikka, kasallik va zararkunandalarga chidamli navlar asosida yangi bog‘ va tokzorlar barpo etilmoqda. So‘nggi yillarda qariyb 100 ming gektarda mevali bog‘ va tokzorlar, 25 ming gektarga yaqin maydonda intensiv bog‘lar tashkil qilindi. Ularni yaratishda asosan tog‘ va tog‘oldi hududlari, shuningdek, suv taqchil yerlarda payvandtaglarga pakana ildiz-bo‘g‘iz qo‘yish yo‘li bilan yetishtirilgan ko‘chatlardan foydalanish texnologiyasi keng joriy etilmoqda. Bunday bog‘lar ikki yilda hosilga kirib, oltinchi yili gektaridan 50-60 tonnagacha meva berishi bilan ajralib turadi.

Olimlarimiz yaratgan iqlim sharoitimizga mos, qurg‘oqchilikka, kasallik va zararkunandalarga chidamli sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkaning 170 dan ortiq navi, meva, rezavor ekinlar hamda uzumning 175 navi parvarishlanmoqda. Bunda paxta maydonlari qisqarib, meva-sabzavot, poliz va uzum yetishtirishga ixtisoslashgan maydonlarning kengayishi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad –xorijliklarni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoatida erishilayotgan ana shunday yuksak yutuqlar bilan yaqindan tanishtirish, mamlakatimizda yetishtirilayotgan ekologik toza meva-sabzavotlar, poliz ekinlari hamda ularni qayta ishlash orqali tayyorlanayotgan turli xildagi mahsulotlarni namoyish etish, sohada mavjud mahalliy va xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, yangi sheriklar topish, mamlakatimiz eksport salohiyatini yanada oshirishdan iborat.

– Ko‘rgazmaning muntazam o‘tkazilayotgani, ishtirokchilar sonining oshib borayotgani O‘zbekistonning meva-sabzavot mahsulotlari yetkazib berishdagi obro‘si va nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi, – deydi Rossiya Federatsiyasi qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Sergey Levin. – Biz Rossiyada O‘zbekiston mahsulotlariga talab yuqoriligini inobatga olgan holda mazkur yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz. Xususan, joriy yilning iyul oyidan e’tiboran ikki mamlakat o‘rtasida "yashil koridor" tizimi sinov tariqasida o‘z faoliyatini boshladi. Hozir mazkur loyihani 2017-yilning oxirigacha to‘liq ishga tushirish bo‘yicha ish olib borayapmiz. Yarmarka mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sohaga oid hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish imkonini bermoqda.

Xalqaro forum oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligi sohasining barcha zamonaviy yo‘nalishlarini o‘zida mujassam etgan. Unda 150 dan ziyod tarmoq korxonalari tomonidan ho‘l va quruq mevalar, sitruslar, sabzavotlar, ko‘katlar, poliz ekinlari, dukkakli o‘simliklar, yong‘oq, ziravorlar, ichimliklar, qadoqlash texnologiyalari, transport va logistikaga oid xizmatlar namoyish etilmoqda.

«O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi boshqaruvi raisi Tohir Jalilovning ta’kidlashicha, mamlakatimizdagi qulay sarmoyaviy muhit xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada kengaytirish, barcha sohaga zamonaviy texnologiyalarni jalb etishda muhim omil bo‘layotir. Xususan, meva-sabzavotchilik sohasida zamonaviy talablarga javob beradigan, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ko‘plab korxonalar samarali faoliyat yuritmoqda. Bugungi kunda 230 ga yaqin korxonani o‘zida birlashtirgan kompaniya tomonidan xorijiy mamlakatlarda 12 savdo uyi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani mahsulotlarni chet ellik hamkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishda muhim omil bo‘lmoqda.

Shu yil 28-30-avgust kunlari Riga shahrida o‘tkazilgan Latviya – O‘zbekiston biznes-forumi doirasida Latviya poytaxtida «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi savdo uyini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Yevropaning barcha mamlakatlari, Skandinaviya va Boltiqbo‘yi davlatlariga O‘zbekistondan keltirilgan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlab, yetkazib beruvchi logistika markazini tashkil etish loyihasining amalga tatbiq etilishi esa yurtimiz mahsulotlarining Yevropa Ittifoqi davlatlariga kirib borishiga zamin yaratadi.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston meva-sabzavotchilik sohasi vakillarining mahsulotlari mamlakatimizning barcha viloyatlaridan kelgan kompaniyalar ekspozitsiyalarida keng o‘rin egallagan. Ular keng turdagi meva-sabzavot mahsulotlarini namoyish qilib, o‘z xizmatlarini taklif etmoqda.

– Ikki yildan buyon qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, meva-sabzavotlarni quritish va ularning savdosi bilan shug‘ullanmoqdamiz, – deydi Buxoro viloyati Jondor tumanidagi “Buxoro agro eksport” korxonasi direktori o‘rinbosari Farrux Nurov. – Mamlakatimizda tadbirkorlar faoliyatini rivojlantirish uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilmoqda. Yaqinda korxonamiz ishlab chiqarish jarayoniga zamonaviy texnologiyalarning tatbiq etilishi natijasida qayta ishlash darajasi bir necha barobarga ortdi. Mahsulotlarimizni Rossiya, Xitoy va Hindistonga eksport qilmoqdamiz. Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida yangi sheriklar topib, eksport geografiyasini yanada kengaytirish maqsadidamiz.

Yarmarka doirasida eksportchilar va O‘zbekiston meva-sabzavot mahsulotlari xaridorlari o‘rtasida o‘zaro uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilishi, tadbir ishtirokchilarining meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar, intensiv bog‘lar, muzlatkichli omborlar bilan tanishuvi rejalashtirilgan.

Mazkur nufuzli tadbir mamlakatimiz ishbilarmonlari va chet ellik hamkorlar o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish, tajriba almashish, o‘zaro hamkorlik istiqbollarini belgilash, ikki tomonlama manfaatli shartnomalar imzolash, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, jahon oziq-ovqat mahsulotlari bozorining yo‘nalishlari va rivojlanish istiqbollarini tahlil etish, O‘zbekistonning eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasining ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayev so‘zga chiqdi.

Behzod Bozorov, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA
1 959






Все о погоде - Pogoda.uz