Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.10.2017 15:31 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston ertapishar navlar seleksiyasi bo‘yicha dunyoda peshqadam

O‘zbekiston paxtasining jahon bozoridagi mavqeini mustahkamlashda Xalqaro o‘zbek paxta va to‘qimachilik yarmarkasining ahamiyati yuqori bo‘lmoqda. Paxta bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi (ICAC)ning eng muhim tadbirlari reyestriga kiritilgani bois mazkur anjuman dunyo miqyosida paxta bozori siyosatini belgilovchi nufuzli anjumanlardan biriga aylandi.

Bu yil mazkur yarmarka o‘n uchinchi bor tashkil etilmoqda. Xalqaro tadbirning samarali o‘tishini ta’minlash, ishtirokchilarini mamlakatimiz paxta yetishtirish sohasidagi so‘nggi yangiliklar va yutuqlar bilan batafsil tanishtirish maqsadida tayyorgarlik ishlari qizg‘in kechmoqda. Jumladan, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi ilmiy –ishlab chiqarish markazida ham yarmarkaga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.

Markazda 200 dan ortiq nav yaratilgan. Seleksionerlarimiz yangi navlarni yaratishda birinchi navbatda bozor talabini hisobga olmoqda. Bunda tolasi pishiq, uzun, kasalliklarga chidamli, ertapishar navlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ko‘pchilik yaxshi eslaydi, dekabrda ham dalalarda ko‘sak terilardi. Hozir barcha ko‘saklar oktabrning 15-20-sanalariga qadar ochilmoqda. Muddat qariyb ikki oyga qisqardi. Shuningdek, seleksionerlarimiz tola chiqishini 34-40 foizgacha, uzunligini 32-35 millimetrgacha, bitta ko‘sakdagi paxta vaznini esa 6-7, hatto 8-10 grammgacha oshirishga erishmoqda.

Bu borada erishilayotgan natijalar Germaniyaning “Cotton Outlook” jurnalida bir necha bor e’tirof etilgan. Nashr mutaxassislarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston paxta yetishtirish texnologiyasining ikki yo‘nalishida, ya’ni ko‘sak qurtini keng qamrovli nazorat qilish va ertapishar navlar seleksiyasi dasturi bo‘yicha dunyoda peshqadam.

Markaz tizimidagi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti ham qator yutuqlarga erishmoqda. Ilmiy jamoa mintaqamiz iqlim sharoitiga mos g‘o‘za navlarini yaratish, ularga ishlov berish texnologiyalarini takomillashtirish, tabiiy resurslarni tejash va dehqonlar manfaatdorligini oshirishga xizmat qiladigan ilg‘or usullarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Institutda g‘o‘zani parvarishlash agrotadbirlarini takomillashtirish, resurs tejamkor texnologiyalarni ishlab chiqish, ilm-fan yutuqlari va ilg‘or tajribani paxtachilikka keng joriy etishga qaratilgan keng qamrovli tadqiqotlar davom etmoqda. Jumladan, g‘o‘za va g‘o‘za majmuidagi ekinlarni parvarishlashda o‘rganilayotgan yangi agrotexnologiyalar yordamida paxta hosilini gektariga 2-3 sentnerga oshirib, umumiy ishlab chiqarish xarajatlarini gektariga 15-20 foiz kamaytirish mumkinligi isbotlandi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar uchun zamonaviy dehqonchilikning ilmiy asoslari ishlab chiqilib, turli tabiiy iqlim sharoitida tuproq unumdorligini oshiradigan g‘o‘za va izdosh ziroatlar yetishtirish, almashlab va navbatlab ekishning g‘o‘za, g‘alla va boshqa o‘ttizdan ortiq ekinni yetishtirish texnologiyalari takomillashtirildi.

Sohaga yoshlar ham dadil kirib kelmoqda. Shu yilning o‘tgan davrida 10 dan ortiq yosh izlanuvchi g‘o‘za seleksiyasi, urug‘ sifatini yaxshilash va yuqori hosil olishga qaratilgan ilmiy dissertatsiyalarini himoya qildi.

– Agrotexnologiya buzilsa, yaxshi urug‘dan ham mo‘l hosil olib bo‘lmaydi, – deydi institut katta ilmiy xodimi, yosh olim Mirzoolim Avliyoqulov. – Chunki, hosildorlikda ko‘chat qalinligi, o‘g‘it me’yori va sug‘orish tartibining o‘z o‘rni bor. Ana shu holatlarni e’tiborga olib, yaratilayotgan yangi navlarning agrotexnologiyasini ishlab chiqish borasida izlanishlar olib borayapman. Hozir g‘o‘zaning suvga bo‘lgan talabini tezkor aniqlashda elektron refraktometrdan foydalanmoqdamiz. Bunda vaqtni tejashga va sug‘orish muddatini o‘z vaqtida aniqlashga erishilmoqda. Dalada tuproqning sho‘rlanish darajasini tezkor aniqlash usullari ham ishlab chiqilmoqda.

Navbatdagi paxta yarmarkasi ham ilm-fan yangiliklarini ommalashtirish, tarmoqda amalga oshirilayotgan islohotlarni jadallashtirish bilan bir qatorda o‘zbek paxtasining jahon bozoriga yanada jadal kirib borishi uchun samarali vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
1 794






Все о погоде - Pogoda.uz