O‘zA O`zbek

11.07.2019 14:45 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston – Buyuk Britaniya savdo-iqtisodiy hamkorlik mustahkamlanadi

O‘zbekiston – Buyuk Britaniya savdo-iqtisodiy hamkorlik mustahkamlanadi

10 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov London shahrida Buyuk Britaniya Xalqaro savdo vaziri o‘rinbosari Grem Styuart bilan uchrashdi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, uchrashuvda asosiy e’tibor ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarga qaratildi.

Muzokaralarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar savdo-iqtisodiy, investitsiya, moliya va boshqa sohalarda hamkorlik qilishda ikki mamlakat biznesi uchun yangi istiqbollar ochishi ta’kidlandi. Qayd etilganidek, O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida tovar aylanmasi 2018 yilda deyarli 40 foizga o‘sib, 235 million AQSh dollaridan oshgan bo‘lsa-da, tomonlar o‘zaro savdoni ko‘paytirish uchun ulkan salohiyatga ega.

Shu nuqtai nazardan, ekspertlar tomonidan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim matnini kelishishning yakunlanayotgani muhim ahamiyatga ega. Bitim Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqini tark etgandan so‘ng kuchga kirishi mumkin.

Uchrashuvda, shuningdek, joriy yilning 28 fevral kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Savdo va investitsiya bo‘yicha O‘zbekiston – Britaniya kengashining 24-majlisi yakunlari ijobiy baholandi. Mazkur majlisda 310 million AQSh dollaridan ko‘proq qiymatdagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hujjatlar imzolangan edi.

Grem Styuart Buyuk Britaniya Eksportni moliyalash agentligi tomonidan 1,25 milliard funt sterling miqdoridagi kredit ajratilishi o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirishni rag‘batlantirishi va Britaniya tomonining Toshkent shahrida xalqaro moliya markazini tashkil etish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini qayd etdi.

Ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan maqsadlarini qo‘llab-quvvatlashga tomonlar tayyor ekanligi tasdiqlandi.

O‘zA
532