O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Nobel mukofoti qariganda berilsa ham kashfiyotlar yoshlikda qilinadi (davomi)

Nobel mukofoti qariganda berilsa ham kashfiyotlar yoshlikda qilinadi (davomi)

Zudlik bilan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar dastlabki natijalarni ham bera boshladi. Ixtiro va kashfiyotlari bilan yangi yosh olimlar yuzaga chiqmoqda. Ular o‘zining ishga, fanga, hayotga prinsipial yangi yondashuvini namoyon qilmoqda.

Yaqinda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “aqlli texnologiyalar”ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Buxoroda havodan suv ajratib oladigan atmosfera generatori ishga tushirildi. Uskuna kuniga havodan 900 litr shirin ichimlik suvi ishlab chiqarish quvvatiga ega. O‘zbekistonda birinchi quyosh elektrostansiyasi elektr ishlab chiqara boshladi. Yana 3 geliostansiya qurilishi ko‘zda tutilgan. 2030 yilga qadar 4 gigavatt quvvatga ega bo‘lgan quyosh elektrostansiyasini ishga tushirish rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda dalalar uzra parvoz qilib o‘simliklarni changlatadigan deltalet taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu texnika gulga kirgan ekinlarni changlatishdan tashqari, ularga kimyoviy ishlov berishda, paxtazorlarni defolyatsiya qilib, g‘o‘za barglarini sun’iy to‘kdirishda ham qo‘llaniladi. Demak, fanimiz tarixida yangi davr boshlandi, desak bo‘ladi. 

O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga qarashli Yadro fizikasi institutida o‘tgan asrning 90 yillarida to‘xtatib qo‘yilgan yadro reaktorining ishi qaytadan tiklanadigan bo‘ldi. Jizzax viloyati Zomin tumanidagi noyob Supa radioteleskopining qurilishi nihoyasiga yetkaziladi. Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda paxta plantatsiyalari uzra uchuvchisiz parvoz qiladigan dronlarni ishlab chiqara boshlaydi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti qoshida yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika fizikasi bo‘yicha yangi ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. O‘zbekistonda ilm-fanning rivojlanishiga xorijiy davlatlarda ham qiziqish katta. Islom taraqqiyot banki O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 44,8 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratdi. Toshkentda Axborot texnologiyalari texnoparki qad rostlaydi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti olimlari paxtaning “Zangi-Ota-2”, “Ishonch”, “Zafar” nomli yangi navlarini yaratdi. Amalga oshirilayotgan bunday ishlarni uzoq davom ettirish mumkin.

So‘nggi yillarda yoshlarning nufuzli milliy va xalqaro ilmiy musobaqa va tanlovlarda qatnashishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga katta e’tibor berilmoqda. Mamlakatimizda yosh iste’dod sohiblarining ilmiy-ijodiy faolligini qo‘llab-quvvatlash borasida har yili respublika va xalqaro fan olimpiadalar o‘tkazilishi odat tusini olayapti. Bakalavriat bosqich talabalari orasida Beruniy, Navoiy, Ulug‘bek, Ibn Sino, Imom Buxoriy nomidagi davlat stipendiyalari ta’sis etildi.

Eng so‘nggi yangiliklardan: O‘zbekistonlik bir guruh yosh olimlar Germaniya Federativ Respublikasi tadqiqot institutlarida malaka oshirish kurslariga yuboriladigan bo‘ldi. Yurtimiz oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy xodimlaridan iborat tadqiqotchilar Germaniyaning Berlin, Potsdam, Galle, Leypsig va Drezden shaharlaridagi nufuzli universitetlar, tadqiqot markazlari, texnologik inkubatorlar, innovatsion kompaniyalar faoliyati bilan tanishadi. Germaniyaga stajirovkaga ketayotgan olimlar o‘rtacha 27 yoshni tashkil etadi. Ular robototexnika, muqobil energiya, innovatsion qurilish materiallari, zararkunanda hasharotlarga qarshi ekologik toza vositalar bilan kurashish kabi sohalarda malaka oshirib keladi.

Yosh olimimiz o‘zi yaratgan gipoallergen biolateks preparati uchun xalqaro mukofot oldi. Vatandoshimiz oyoq ostimizda o‘sib yotadigan, pishganda oppoq momiqlari yengil shamolda uchib ketadigan oddiy momaqaymoq giyohi bandidan gipoallergen, xossasi va xususiyatlarini uzoq saqlaydigan biolateks, biorezin va inulin olish texnologiyasini yaratgani uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinib ana shunday mukofotga sazovor bo‘ldi.

O‘zbekistonda yaqin kelajakda dori-darmonlarni ishlab chiqarishda sun’iy intellektdan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

Ilmiy tadqiqot muassasalarimizda, olimlarimiz faoliyatida ham jiddiy muvaffaqiyatlar qo‘lga kiritilib, katta o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda. O‘zbekiston fani yutuqlarini jahon tan ola boshladi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti bo‘lim mudiri, fizika-matematika fanlari doktori Bobomurod Ahmedov Umumjahon fanlar akademiyasi a’zoligiga saylandi.

O‘zbek olimi a’zo bo‘lgan Umumjahon fanlar akademiyasiga pokistonlik taniqli fizika nazariyotchisi Abdus Salom asos solgan edi. “Pokiston atom texnologiyasining otasi” deb nom chiqargan Abdus Salom yadro fizikasi sohasidagi pokistonlik yana bir olim Abdul Qodir Xon kabi nafaqat islom olamida, balki butun dunyoga ma’lum bo‘lgan yirik tadqiqotchilardan hisoblanadi. Ikkala olim ham islom diniga mansub bo‘lgan dastlabki Nobel mukofoti sohibi. Shunisi hayratlanarliki, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Hindistondan ajralib chiqib mustaqilligini e’lon qilgan Pokiston qisqa muddat ichida jahonga mashhur Oppengeymer, Kurchatov, Saxarovlar qatorida qayd etiladigan Abdus Salom bilan Abdul Qodir Xonlarni berdi.

TWAS Umumjahon fanlar akademiyasining Italiyaning Triest shahrida o‘tgan 28-Bosh assambleyasida dunyoning 104 davlatidan mazkur nufuzli ilmiy dargohning 46 yangi a’zosini saylash marosimi bo‘lib o‘tdi. Saylov natijalari bo‘yicha o‘zbek olimi, fizika-matematika fanlari doktori Bobomurod Ahmedov The World Academy of Sciences TWAS – Umumjahon akademiyasining haqiqiy a’zosi bo‘ldi.

Pokistonlik olim, Nobel mukofoti sohibi Abdus Salom haqida qisqacha ma’lumot. U Karachi universitetini tamomlagan. 1961 yili G‘arbiy Germaniyadagi texnika universitetiga metallurgiya sir-asrorlarini o‘rganish uchun o‘qishga ketadi. 1972 yili fan doktori dissertatsiyasini nemis tilida yoqlaydi. So‘ngra Amsterdamga fizika laboratoriyasiga ishga kiradi. Uranni boyitish bo‘yicha G‘arbiy Germaniya, Buyuk Britaniya va Gollandiya davlatlari tomonidan o‘ta maxfiy ravishda olib borilayotgan dasturda ishtirok etadi. 1975 yili vatandoshi Abdul Qodir Xon Pokistonga qaytgandan keyin Pokistonning shu paytdagi Bosh vaziri Zulfiqor Ali Bxutto mamlakat olimlari oldiga yadro texnologiyasini yaratish vazifasini qo‘yadi. 1998 yil 28 may kuni Pokiston atom bombasi sinovdan o‘tadi. Bu loyihani Abdus Salam safdoshi Abdul Qodir Xon bilan hamkorlikda yaratadi.

Yana bir ehtirom. Biologiya va kimyo fanlari, dori tayyorlash texnologiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi hamda Xitoy bilan samarali ilmiy hamkorligi uchun O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo instituti direktori, akademik Shavkat Salixov Xitoy Xalq Respublikasi Fanlar akademiyasi a’zoligiga qabul qilindi.

Shavkat Salixov Nobel mukofoti sovrindori Jores Alferovdan keyin MDH davlatlaridan Xitoy Fanlar akademiyasiga a’zo bo‘lgan ikkinchi olimdir. O‘zbek olimi rahbarligida inson organizmiga bo‘lgan ta’siri o‘rganilgan 10 dan ortiq yangi dori-darmonlar yaratildi. Virusga qarshi, shamollashni davolaydigan, qonning quyilish xususiyatini yaxshilaydigan yangi dori-darmonlar bugun tibbiyotda keng foydalanilmoqda. 

Ta’kidlash joiz bu gal Xitoy fanlar akademiyasining xorijiy a’zolari qatorida Buyuk Britaniyadan nanotexnologiyalar bo‘yicha yirik bir mutaxassis, Niderlandiyadan bir fizik, Polshadan bir olim, AQShdan turli fanlar bo‘yicha 9 olim, kosmik tadqiqotlar bo‘yicha Rossiyadan, Yer to‘g‘risidagi fan bo‘yicha Shvesiyadan, texnika fanlari bo‘yicha Yaponiyadan, shuningdek, 61 xitoylik olim Akademiyaning yangi a’zolari etib saylandi. Xitoy fanlar akademiyasi dunyodagi yirik ilmiy markazga aylanib bormoqda. Keyingi saylovda 8 davlatdan yana 16 olim Xitoy fanlar akademiyasiga a’zo qilib olindi. Ular orasida Buyuk Britaniyadagi Manchester va Shimoliy-G‘arb universitetlarining professori, Nobel mukofoti laureati Andrey Geym ham bor. Xitoy fanlar akademiyasining xorijiy a’zolari 92 kishiga yetdi. Xitoy akademiyasida bugun 800 akademik xizmat qilmoqda.

Shavkat Salixovning faol ishtirokida O‘zbekistonda dori-darmonlar yaratadigan va ularni ishlab chiqaradigan Xitoy fanlar akademiyasining xorijdagi dastlabki filiali – Markaziy Osiyo dori-darmonlar markazi tashkil etilmoqda.

4 183
I.Abduxoliqov, O‘zA