Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.04.2017 17:31 Chop etish versiyasi

Logistika markazlari – tadbirkorga ko‘makchi

«O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasidan ma’lum qilishlaricha, shu kunlarda Surxondaryo viloyatida bahorgi piyozni yig‘ib olish tadbirlari boshlangan.

Uyushma tomonidan xorijiy bozorlarning mamlakatimizda yetishtirilayotgan noz-ne’matlarga bo‘lgan talabini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, muzlatilgan meva va rezavorlar hamda poliz ekinlariga talab yuqoriligi aniqlandi. Misol uchun, Xitoy va Rossiyada shaftoliga, Janubiy Koreyada tarvuzga, Yaponiyada qovunga ehtiyoj yuqori ekan. Joriy yilning o‘tgan davrida ikki million dollarlik shartnomalar imzolangan bo‘lib, hozirgacha Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Xitoy va boshqa davlatlarga qariyb 720 ming dollarlik mahsulot eksport qilingan.

Ayni vaqtda uyushma tomonidan aholini qish-bahor mavsumida qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilan barqaror narxlarda kafolatli ta’minlash maqsadida joriy yilning mart holatida qariyb 15 ming tonna kartoshka chetdan olib kelingan. Kelgusida kartoshka va boshqa turdagi mahsulotlarni tizimli ravishda yurtimizda yetishtirishni yanada takomillashtirish, ularni saqlash, birlamchi ishlov berish, eksportga tayyorlash va transportirovka qilish ishlarini kompleks bajarish maqsadida logistika markazlari tashkil etilmoqda. Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlarida bu boradagi ishlar boshlab yuborilgan.

Milliy matbuot markazida «O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida bu haqda batafsil ma’lumot berildi.

– Logistika markazlarida servis va huquqiy xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi, – deydi «O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasi raisi o‘rinbosari Nodirbek Rahbarov. – Eksport uchun kerakli bo‘lgan barcha hujjatlar shu yerda tayyorlanadi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxonalar faoliyat yuritadi. Misol uchun, Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida joylashgan logistika markazi joriy yilning oxirida ishga tushishi kutilmoqda.

Oltmishga yaqin savdo-tayyorlov korxonaga ega uyushma mamlakatimizda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilish, saqlash va aholini ushbu mahsulotlar bilan barqaror ta’minlashga hissa qo‘shmoqda. Oziq-ovqat tovarlari va meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashga ixtisoslashtirilgan yangi omborxonalar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, ularni zamonaviy uskunalar bilan jihozlash ham doimiy e’tiborda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 6-yanvardagi Yangi meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz mahsulotlari va uzum xarid qilish hamda ulardan foydalanish tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaroriga binoan joriy yilda davlat buyurtmasi asosida 432 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish belgilangan. Uning ijrosini ta’minlash maqsadida uyushmada keng miqyosli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Tizimdagi korxonalar 4 ming gektarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiradi. Joriy yildagi hosildan zaxiraga jamg‘arish uchun fermer va dehqon xo‘jaliklari bilan shartnoma imzolash tadbirlari boshlangan.

Uyushma tizimdagi korxonalar zaxira jamg‘arish bilan bir qatorda eksport shartnomalari tuzishda ham faol ishtirok etmoqda.

Anjumanda mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan dasturlarning ustuvor yo‘nalishlari, aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, qayta ishlash hisobiga oziq-ovqat zaxirasini ko‘paytirish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
2 335






Все о погоде - Pogoda.uz