Kungaboqar va soyaning yangi navlari
Andijon viloyati Asaka tumanidagi ilmiy yo‘nalishdagi "Asaka oil plant seeds" urug‘chilik fermer xo‘jaligida kungaboqar va soyaning yangi navlari yaratildi.
Andijon viloyati Asaka tumanidagi ilmiy yo‘nalishdagi "Asaka oil plant seeds" urug‘chilik fermer xo‘jaligida kungaboqar va soyaning yangi navlari yaratildi.Mamlakatimiz iqtisodiyoti, xususan, qishloq xo‘jaligi rivojida moyli ekinlar alohida o‘rin tutadi. Shuning uchun moyli ekinlar ekish, ulardan yuqori hosil olish, yurtimiz iqlim sharoitiga mos serhosil yangi navlar yaratishga alohida etibor qaratilmoqda.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida paxta va boshoqli don ekiladigan maydonlarga ikkinchi ekin sifatida kartoshka, sabzavot, ozuqa va yog‘ olinadigan ekinlar ekish bo‘yicha muayyan vazifalar belgilangan. Mazkur vazifalar ijrosi doirasida ilmiy yo‘nalishdagi "Asaka oil plant seeds" urug‘chilik fermer xo‘jaligi tomonidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Xo‘jaligimizda O‘zbekiston o‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti va moyli ekinlar tajriba stansiyasi olimlari bilan hamkorlikda kungaboqar hamda soyaning tezpishar nav va duragaylarini yaratish, fermer xo‘jaliklariga sara urug‘ yetkazib berish ishlari yo‘lga qo‘yilgan, – deydi ilmiy yo‘nalishdagi "Asaka oil plant seeds" urug‘chilik fermer xo‘jaligi rahbari Abduxalil Obidov. – Yillar davomida olib borilgan izlanish va amaliy tajribalarimiz samarasida kungaboqarning tezpishar, kasalliklarga chidamli, tuproq-iqlim sharoitimizga mos, serhosil "Yangi zamon" hamda "Osiyo" deb nomlangan yangi navlari yaratildi. Mazkur navlar o‘tgan yili yurtimizning barcha sug‘oriladigan yerlarida asosiy va takroriy muddatlarda ekish uchun davlat reyestriga kiritildi.
Xo‘jalikda yaratilgan yangi navlar va O‘simlikshunoslik ilmiy- tadqiqot institutida yaratilgan "Jahongir" navi ekilib, 32-34 sentnerdan hosil olinmoqda. Yetishtirilgan sifatli, sara urug‘lar asosiy va takroriy ekin sifatida ekish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi qator fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilmoqda. Dehqon va fermer xo‘jaliklariga qulay bo‘lishi, turli muammolar yuzaga kelmasligi uchun urug‘ni yog‘-moy korxonalari orqali markazlashgan holda yetkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
– Ikki yildan buyon xo‘jaligimizda takroriy ekin sifatida kungaboqarning “Yangi zamon” navi ekilib, yuqori hosil olinmoqda, – deydi Buxoro viloyati Kogon tumanidagi “Kogon Fazenda” fermer xo‘jaligi rahbari Mavluda Mirzayeva. – Joriy yilda ham 15 gektar maydonga ekilgan ushbu navdan 34,5 sentner hosil olindi. Turli kasalliklarga chidamli va serhosil ushbu nav bizga juda ma’qul kelmoqda.
Baliqchi tumanidagi "Alp-Ravshan orzusi", Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi "Komiljon o‘g‘li Botirjon", Chust tumanidagi "Karkidon AbbosZar" kabi fermer xo‘jaliklarida takroriy ekin sifatida ekilgan ushbu navlardan 30-33 sentnerdan oshirib hosil olinayotir.
– Joriy yilda Farg‘ona viloyatidagi qator fermer xo‘jaliklari dalalariga kungaboqarning "Asaka oil plant seeds" urug‘chilik fermer xo‘jaligida yaratilgan “Osiyo” va “Yangi zamon” navlari ekildi, – deydi “Farg‘ona yog‘-moy” aksiyadorlik jamiyati boshlig‘i o‘rinbosari Ma’ruf Hojimurodov. – Ular avvalgi yillari turli davlatlardan keltirib ekilgan navlardan hosildorligi, kasalliklarga chidamliligi, nisbatan erta pishib yetilishi bilan ajralib turadi. O‘rtacha hosildorlik 24 sentnerni tashkil etdi. Shu bois ko‘plab fermerlari ushbu navlarni ekishni afzal bilmoqda.
Xo‘jalikda Prezidentimizning 2017 yil 14 martdagi “2017-2021-yillarda respublikada soya ekishni ko‘paytirish va soya dukkakli ekinlarini o‘stirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida ham bir qator ishlar olib borilmoqda. Xususan, soyaning yurtimiz tuproq-iqlim sharoitiga mos serhosil, tezpishar “Madina” va “Raduga” deb nomlangan yangi navlari yaratilib, Davlat nav sinash komissiyasiga sinovdan o‘tkazish va davlat reyestriga kiritish uchun taqdim etilgan.