Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

03.04.2017 19:20 Chop etish versiyasi

Sirdaryo viloyatida hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tdi

Sirdaryo viloyatida hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tdi Sirdaryo viloyatidagi yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida o‘tkazilgan hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida sanoat mahsulotlari xaridi va hamkorlikka oid 11,5 million dollarlik hamda 175,5 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi.

Yarmarkada viloyatda faoliyat yuritayotgan yirik va kichik ishlab chiqarish korxonalari, xususiy tadbirkorlar bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 200 ga yaqin korxona 1000 dan ortiq turdagi mahsulotlari bilan ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda xususiy sektorning erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor tarmoqning iqtisodiyotimiz taraqqiyotidagi o‘rnini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mahalliy xomashyo asosida raqobatbardosh, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar, butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarayotgan yirik sanoat korxonalarining kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorligini mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, Mahalliylashtirish dasturining samarali amalga oshirilishi natijasida ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalari rivojlanib, mahsulot turi va sifati oshmoqda. Buni joriy yilgi hududiy yarmarkada o‘z mahsuloti bilan qatnashgan sanoat korxonalari soni o‘tgan yilgiga nisbatan 11,5 foiz ko‘payib, ularning 80,3 foizini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tashkil etayotganida ham ko‘rish mumkin.

Yarmarkada ta’lim muassasalari, shifoxona, xonadon va ofislarga mo‘ljallangan qattiq hamda yumshoq mebellar, uy jihozlari, gilam-trikotaj buyumlari, mashinasozlik, xalq iste’moli mollari, qandolat, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari, polietilen quvurlar, parfyumeriya tovarlari keng namoyish etildi. Savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari, fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlar mahsulot xarid qilish yuzasidan shu yerning o‘zida kelishuvga erishib, shartnomalar imzoladi.

Viloyat iqtisodiyot bosh boshqarmasi, tijorat banklari va boshqa mutasaddi tashkilotlar bu borada ularga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatdi. Yarmarkada namoyish etilgan tovarlarning 10 dan ortig‘i yangi turdagi mahsulotlar ekanini ham alohida ta’kidlash lozim.

– Mazkur yarmarka biz, tadbirkorlar uchun o‘z mahsulotimizni namoyish etish va buyurtmachilar sonini oshirish, ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashda qulay imkoniyat yaratmoqda, – deydi “Sayxun bunyodkor qurilish” xususiy korxonasi rahbari O.Niyozov. – “Mikrokreditbank” viloyat filialidan 39 million so‘m kredit olib, xorijdan zamonaviy duradgorlik uskunalari va dastgohlar keltirib o‘rnatdik. Korxonamizda tayyorlanayotgan eshik-romlar sifati, mustahkamligi va arzonligi bilan qo‘shni viloyatlarda ham xaridorgir. Bankdan yana 150 million so‘mlik kredit olish uchun o‘z biznes-rejamizni taqdim etganmiz. Maqsadimiz mahsulot turi va hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratishdir. Bugungi ko‘rgazmada 10 dan ortiq shartnoma imzolashga erishdik.

Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi G‘.Mirzayev so‘zga chiqdi.

Abdujalol Qayumov, Furqat Toshmatov (surat), O‘zA
3 261






Все о погоде - Pogoda.uz