Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.03.2017 19:17 Chop etish versiyasi

Kanada biznes delegatsiyasi O‘zbekistonda

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida 14-mart kuni Kanadaning Rossiya va Yevroosiyodagi Ishbilarmonlik assotsiatsiyasi (CERBA) boshqaruvi raisi Neytan Xant bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxov bilan muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Kanada o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil rivojlanayotgani ta’kidlandi. Bugungi kunda mamlakatimizda Kanada kapitali ishtirokidagi qariyb qirq korxona faoliyat yuritmoqda.

Mazkur Ishbilarmonlik assotsiatsiyasi Kanada va Yevroosiyo davlatlari o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo va investitsiyalarning rivojlanishini qo‘llab-quvvatlaydigan mustaqil notijorat tashkiloti hisoblanadi. Kanada kompaniyalariga savdo aloqalarini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashib, Yevropa va Osiyo bozorlaridagi talab va takliflarni o‘rganish, bu borada turli tadbirlar, savdo missiyalari tashkil etish bilan shug‘ullanadi. Marketing tadqiqotlarini o‘tkazishga doir xizmatlarni taqdim etadi.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Kanada o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, ikki davlat tadbirkorlarining o‘zaro aloqalarini yanada mustahkamlashga oid masalalar muhokama qilindi. Birgalikda ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lgan qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish yuzasidan fikr almashildi.

– O‘zbekiston iqtisodiyoti izchil rivojlanmoqda, – dedi Neytan Xant. – Mamlakatingizda sarmoyadorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamkorlikka bo‘lgan qiziqishimizni tobora oshirmoqda. O‘zbekiston bilan neft-gaz, qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati, transport va transport kommunikatsiyalari sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish va bu sohalarda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish niyatidamiz.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan Kanadaning Rossiya va Yevroosiyodagi Ishbilarmonlik assotsiatsiyasi o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ijrosiga doir hujjat imzolandi.

Sevara Alijonova, O‘zA
2 156






Все о погоде - Pogoda.uz