O‘zA O`zbek

12.06.2019 17:18 Chop etish versiyasi

Italiyalik investor Sirdaryoda qo‘shma korxona qurmoqchi

Italiyalik investor Sirdaryoda qo‘shma korxona qurmoqchi

Guliston shahriga tashrif buyurgan italiyalik investorlar Sirdaryo viloyatining rivojlanishi, iqtisodiy hamkorlik uchun imkoniyatlari va mahalliy hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatish samaralari bilan tanishdi.

Xorijlik investorlar uchun viloyat hokimligida o‘tkazilgan tadbirda Italiyaning “Classimo”, “Artes Poletecnica srl”, “Crisafulli Vivai srl”, “Omnia Onlus”, “Inovando srl”, “Edveis Kansalting”, “Zanzi” kompaniyalari rahbar va vakillari, Italiya Tadbirkorlar va fermerlar milliy assotsiatsiyasi (UNSIC) vitse-prezidenti S.Mamone, O‘zbekistonning Italiyadagi elchisi O.Akbarov, Sirdaryo viloyati birinchi o‘rinbosari A.Karimov, mutasaddi tashkilot rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

photo5190687806983350815.jpg

Tadbirda joriy yil 30 may kuni Rim shahrida Sirdaryo viloyati hokimligi va Italiya Tadbirkorlar va fermerlar milliy assotsiatsiyasi o‘rtasida imzolangan “Hamkorlik memorandumi” doirasida ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni amaliy jihatdan faollashtirish masalasi atroflicha muhokama qilindi.

Viloyat bugungi kunda har qanday xorijiy investorlar bilan hamkorlik qilish uchun qulay imkoniyatga ega. Jumladan, elektroenergiya, paxta tolasi, to‘qimachilik buyumlari ishlab chiqish, bug‘doy va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, jumladan, meva va sabzavotlar yetishtirish borasida katta tajribaga ega. Yengil sanoatni rivojlantirish va qurilish ashyolarini ishlab chiqarish uchun yetarli xomashyo bazasi mavjud.

photo5190792002889951872.jpg

Viloyatda har yili 191 ming tonna paxta, 200 tonna ipak tolasi, 70 ming tonna go‘sht, 3 ming tonna baliq, 3 million tonna parranda go‘shti, 350 ming tonna sut, 514 ming tonna qovun, 500 ming tonna sabzavotlar, 50 ming tonna meva, 53 ming tonna dukkakli don mahsulotlari va 17 ming tonna uzum yetishtiriladi hamda ishlab chiqariladi. Salkam 60 turdagi mahsulotlar eksport qilinmoqda. 33 dan ortiq eksportyor korxonalar faoliyati natijasida eksport hajmi ortayotir.

Korxonalar tomonidan – paxta, ip-kalava, trikotaj mahsulotlari, tayyor kiyim, paypoq, yarim fabrikatlar, charm mahsulotlari, farmasevtika preparatlari va tibbiyot uskunalari, polipropilen qoplar, keramik plitalar, santexnika, qum va graviy, chorva uchun kombikormlar, meva va sabzavotlar ishlab chiqarilmoqda hamda yetishtirilmoqda.

Viloyatning eksport xaritasi dunyoning 38 mamlakatini qamrab olgan. Eksportning asosiy qismi Xitoy, Qozog‘iston, Eron va Rossiya davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston davlatlarining savdo uylari samarali faoliyat ko‘rsatmoqda. Kelgusida Afg‘oniston, Tojikiston va Hindistonda savdo uylarini tashkil etish rejalashtirilgan. Ayni paytda viloyatda xorijiy kapitalga ega bo‘lgan 117 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 

photo5190792002889951876.jpg

Tadbirda mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mashhur “Classimo” kompaniyasi rahbari, janob S.Messina “Sirdaryo mebel fabrikasi” bilan boshlagan muzokaralar yuqori darajada o‘tganini ta’kidladi. Italiya brendi ostida kompaniya mebellarini aynan Guliston shahridagi “Sirdaryo mebel fabrikasi”da ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

– Men bu yerda o‘zimni xuddi jonajon shahrim – Sissiliyadagidek his qilyapman va bundan juda xursandman, – deydi “Classimo” kompaniyasi rahbari, janob Salvatoriy Messina. – O‘zbeklar italiyaliklarga nafaqat tashqi ko‘rinishi, rangi, balki, ko‘ngli ochiqligi, insonlarga mehribonligi, mehmondo‘stligi bilan ham o‘xshash ekan. Mashhur Italiya mebellarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Classimo” kompaniyasi menga bobomdan meros qolgan. Italiya brendi ostida kompaniyamiz mebellarini bu yerda ishlab chiqarilishi biz uchun juda foydali. Chunki O‘zbekiston Osiyoning qoq markazida joylashgan. Bu yerdan atrofdagi davlatlarga mahsulotni eksport qilish juda ham qulay. Qolaversa, bu mamlakatning xalqi, ayniqsa, yoshlari intiluvchan va mehnatkash. O‘zbekiston hukumati ham, xalqi ham iqtisodiy yuksalish sari dadil harakat qilayotir. Qolaversa, bu yurt obod va ozod mamlakat. Eng muhimi, mamlakatda tinchlikni katta ham, kichik ham birdek qadrlar ekan. Shu sababdan ham qo‘shma korxonani shu yerda qurishga qaror qildim va bundan juda xursandman.

Italiyalik investorlar ushbu tashriflari davomida bir qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan. 

Savdo-sanoat palatasi viloyat filiali, Guliston tuman va shahar hokimliklari tomonidan tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi, sanoat, maishiy, madaniy, tibbiy va tabiiy mahsulotlar yarmarkasi xorijliklarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, xorijlik mehmonlar “Bek klaster”, “Sirdaryo mebel fabrikasi” korxonalari faoliyati bilan tanishdi. Sardoba suv ombori, Sirdaryo tumanidagi “Chehra” dam olish majmuasida bo‘ldi.

A.QAYuMOV, O‘zA
988