Ishlab chiqarish hajmi ortmoqda
Andijon viloyati Xonobod shahridagi “Muxlis-tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan 30 dan ortiq turdagi trikotaj mahsulotlari yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Andijon viloyati Xonobod shahridagi “Muxlis-tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan 30 dan ortiq turdagi trikotaj mahsulotlari yuqori sifati bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.Shahar hokimligi tomonidan 2015-yilda korxonaga 300 million so‘m miqdorida investitsiya kiritish hamda 20 yangi ish o‘rni yaratish sharti bilan Yuksalish mahallasida joylashgan eski klub binosi nol qiymatda berilgan edi. Bino qisqa muddatda ta’mirlanib, ishlab chiqarish sexiga aylantirildi, zamonaviy tikuv dastgohlari keltirib o‘rnatildi.
Korxonada mahsulot sifati doimiy nazoratda. Talab va taklifni o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan marketing ishlari mahsulot xaridorgirligi va buyurtmalar hajmini oshirishda yaxshi samara bermoqda.
– Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, turli imkoniyat va imtiyozlar berilmoqda, – deydi jamiyat rahbari Sanobar Rahmonova. – Biz ham ana shu imkoniyatlardan foydalanib, o‘tgan yil dekabr oyida xorijdan zamonaviy dastgoh va uskunalar keltirib o‘rnatdik. Bu ishlab chiqarish xajmini oshirish bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini bermoqda. Ayni paytda korxonada mehnat qilayotgan 50 dan ortiq ishchining aksariyati xotin-qizlardir. Joriy yilda mahsulot ishlab chiqarish va faoliyatimizni kengaytirish hisobidan yana 50 ga yaqin ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Korxonada Xonobod shahridagi kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bilan to‘rt tomonlama shartnoma tuzilib, ularning ishlab chiqarish amaliyotini shu yerda o‘tashi yo‘lga qo‘yilgan.
– Shu yerda amaliyot o‘tadim, zamonaviy dastgohlarda ishlashni puxta o‘rgandim, – deydi Xonobod axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Odina Sobirova. – Mana shunday zamonaviy korxonada ishlash orzuim edi. Yaqinda kollejni bitirishim bilan shu yerga ishga kelmoqchiman.