Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.10.2017 16:41 Chop etish versiyasi

Ipakchilik: bir yilda uch marta hosil

Milliy matbuot markazida «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi tomonidan «O‘zbek ipakchiligi yangi bosqichda: muammolar, yutuqlar, izlanishlar» mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Uyushma boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sh.Ochilov va boshqalar 2023-yilgacha tizimdagi korxonalarga soliq imtiyozlari va boshqa qator preferensiyalar berilgani, ipak qurti urug‘ini ishlab chiqarish, pillani tayyorlash va qayta ishlash tashkilotlari olib keladigan dastgohlarning ehtiyot qismlari, tut daraxti ko‘chatlari, ipak qurti urug‘lari bojxona to‘lovlaridan, uy sharoitida pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi kasanachilar daromad solig‘i to‘lashdan ozod qilingani soha rivojida muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 29-martdagi «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra sohada yangi bosqich boshlandi. Eng muhimi, pillachilik tarmog‘i ishchilari va pilla yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi kasanachilarning qonun hujjatlarida tasdiqlangan to‘liq bir mavsum ishlagan davrlari pensiya tayinlash uchun bir yil mehnat stajiga o‘tishi barchani quvontirdi.

Tizimda qator muammolar mavjud bo‘lib, ipak qurti urug‘i yetishmasligi, ozuqa bazasining kamligi, korxonalardagi texnologiya va uskunalarning eskirgani shular sirasidandir.

– Ushbu muammolarni bartaraf etish uchun, avvalo, 2020-yilgacha har bir ipak qurti urug‘i yetishtiruvchi zavodda chet ellik investor ishtiroki ta’minlanadi,– deydi uyushma raisi o‘rinbosari O.Jumayev. – 2021-yil ipak qurti urug‘ini to‘liq o‘zimizda yetishtirishga erishamiz. 2023-yildan esa eksport qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Ozuqa bazasini kengaytirish uchun o‘rma tutzorlar yaratilmoqda. Hozircha Surxondaryoda tajriba uchun 10 gektarda tashkil etildi. Kelgusida barcha viloyatlarda ana shunday tutzorlar barpo etilishi evaziga bir yilda uch marta hosil olish mumkin bo‘ladi. Bu yil korxonalarda 60 dan ortiq modernizatsiya loyihasi bajarildi.

Amalga oshirilgan bu kabi chora-tadbirlar qisqa fursatda o‘z samarasini namoyon etdi. Hozirga qadar xomashyo eksporti bilan shug‘ullanayotgan korxonalar joriy yilda 17 million dollar miqdorida ipak mahsulotlarini eksportga chiqardi. Aprel-sentabr oylarida tizim korxonalarida ishlab chiqarilgan tovarlar 58 milliard so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning to‘qqiz oyiga nisbatan 30 foiz ko‘p demakdir. Yangi tutzorlar evaziga kuzda yurtimizda ilk marotaba takroriy pilla yetishtirilib, 420 tonnadan ko‘p hosil olindi.

Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning mazkur sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlari O‘zbekistonga ishonchli hamkor sifatida qaramoqda. Bu pilla tolasini zamonaviy bozor tamoyillari asosida sotish, qayta ishlash va eksport hajmini oshirish, malakali mutaxassislarni tayyorlash, ularning manfaatlarini himoya qilishga oid ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish imkonini beradi.

Matbuot anjumanida yaratilayotgan imkoniyatlar bois pillachilik sohasi har jihatdan yuksalayotgani, tizimga nanotexnologiyalarni keng joriy etish borasida loyihalar tayyorlanayotgani, tabiiy ipakni chiqindisiz ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida izlanishlar olib borilayotgani qayd etildi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
2 818






Все о погоде - Pogoda.uz