Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.02.2018 11:23 Chop etish versiyasi

INDUSTRIYa 4.0. To‘rtinchi sanoat inqilobiga tayyormizmi?

INDUSTRIYa 4.0. To‘rtinchi sanoat inqilobiga tayyormizmi? Tasavvur qiling: Toshkent, 2030-yil, qishning erta tongi. “Aqlli” soatingiz sizni uyg‘otadi. O‘rningizdan turishingiz bilan uy o‘z-o‘zidan jonlanadi. Vannada chiroq yoqiladi, dush esa suvni isitishni boshlaydi. Nonushtadan so‘ng kiyinib chiqayotganingizda, garajdagi avtomobilning o‘t olganini eshitasiz va u sizni ishxonangizga (deylik, zavodga) eltishga shay turibdi, yana sizga ish joyingizdagi uskunalardan biri nosoz ishlayotganligi to‘g‘risida xabar kelgan. Siz ishga kamdan-kam borasiz, chunki zavod sun’iy intellekt tomonidan boshqariladigan robotlar va uskunalar yordamida mustaqil ravishda ishlaydi. Mashinangiz o‘z boshqaruvida sizni garajdan olib chiqayotganida: “Eh, shu uskunalar buzilmasdan ishlasa nima qilar ekan-a?”, deb g‘udranib qo‘yasiz...

Tasavvur etilishi mumkin bo‘lgan bu holat, to‘rtinchi sanoat inqilobidan keyin kutilayotgan hayot tarzi bo‘lib, unda siz kun davomida foydalanadigan barcha jihoz va uskunalar buyurtma asosida yasalib, ular sizning yumushlaringizni bajarish uchun bir-biri bilan o‘zaro muloqotda bo‘ladilar.

Avvalgi sanoat inqiloblari

Ma’lumki, tarixda 3 ta sanoat inqilobi yuz bergan bo‘lib, ular quyidagilar bilan bog‘liq bo‘lgan:

1. Bug‘ dvigatelining ixtiro qilinishi, ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashtirish (XVIII asr oxiri);

2. Elektrlashtirish, konveyyer, mehnat taqsimoti, ommaviy ishlab chiqarish (XIX-asr oxiri – XX asr boshi);

3. Elektronika, axborot texnologiyalari industriyasi, avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish (XX asr oxiri).

photo5222070716403394661 (1).jpg

“Industriya 4.0”

Endi esa, to‘rtinchi sanoat inqilobi deb nomlanayotgan taraqqiyot omili – axborot texnologiyalarini sanoatga chuqur integratsiyalashtirish (“kiberfizik tizimlar” yoki CPS) orqali amalga oshirilmoqda.

“Industriya 4.0” atamasi 2011-yilda Yevropada paydo bo‘lib, Gonnover shahridagi sanoat ko‘rgazmalaridan birida Germaniya hukumati tomonidan axborot texnologiyalarini ishlab chiqarishga keng tatbiq etilishi e’lon qilingandi.

Buning uchun rasmiy shaxslar va mutaxassislar ishtirokida tuzilgan maxsus guruh tomonidan Germaniyadagi sanoat korxonalarini “aqlli” korxonalarga aylantirish strategiyasi ishlab chiqildi. Bundan o‘rnak olib, boshqa davlatlar ham yangi texnologiyalarni tatbiq etishga kirishdilar va hozirda “Industriya 4.0” g‘oyasi butun dunyoni zabt etishni boshladi.

Keling, “Industriya 4.0” atamasi nimani anglatishini tushunib olaylik. Voqelikning negizini anglatuvchi “Ashyolarning interneti” (Internet of things) yoki “Barcha narsaning interneti” (Internet of everythings) nomli yanada umumiy atama mavjud bo‘lib, unga ko‘ra, mavjud internet tarmog‘iga oddiy narsalarning ham ulanishini tushunamiz. Bu hamma narsaga taalluqli bo‘ladi – maishiy texnika, jihozlar, avtomobillar, binolar va albatta, sanoat va qishloq xo‘jaligini qamrab oladi.

Shunday qilib, “Industriya 4.0” bu – “Ashyolarning interneti” omillarini ishlab chiqarishga tatbiq etishdir. Buning sanoatdagi misolini ko‘rish uchun shunday uskunani tasavvur qilingki, u ish jarayoni uchun kerak bo‘lgan dasturlarni tarmoqdan o‘zi oladi, o‘zining eskirishini tahlil qiladi, ehtiyot qismlarni ombordan tezkor buyurtma qiladi va o‘z ishini yaxshilash uchun mustaqil o‘rganishi ham mumkin. Qishloq xo‘jaligida esa, tuproqdagi uzatkichlar (datchiklar) yerni sug‘orishni ob-havo ma’lumotiga ko‘ra avtomatik ravishda nazorat qiladi. Bunday misollar ko‘plab topiladi.

“Industriya 4.0”ning asosiy xususiyati – ishlab chiqarish jarayonining barcha tarkibiy qismlarining (korxona uskunalari va uning axborot tizimlari – ombor va logistika hisobi, buxgalteriya, boshqaruv va boshq.) ishida insonning aralashuvini borgan sari kamaytirgan holda, muayyan maqsadni amalga oshirish uchun boshqa tizim va odamlar bilan o‘zaro faoliyat yuritishdan iboratdir.

Internet va simsiz aloqa texnologiyalarining rivojlanishi natijasida “istagan vaqtdagi kommunikatsiya”ga ega bo‘ldik, smartfonlar va planshetlar esa “istagan joydagi kommunikatsiya” tamoyilini amalga oshirishga imkon berdi. Hozir esa, mashinalar boshqa mashinalarni yaratishni boshlaydigan, hayotimizni tubdan o‘zgartiruvchi yangi inqilob ostonasidamiz.

Ishlab chiqarish sohasini batamom o‘zgartirilishini inqilob deb atalishining sababi – o‘zgarishlar yuzaki emas, balki radikal ravishda amalga oshib, industriya boshidan oxirigacha qayta quriladi. Biznes modellar o‘zgaradi, yangi kompaniyalar paydo bo‘ladi, yangi “inqilobchilar” safiga kirishga ulgurmagan, ko‘p yillik tarixga ega jahonga mashhur brendlar kasodga uchrab, yo‘q bo‘lib ketadi.

Hozirda mijozlarning xatti-harakati o‘zgarmoqda, ular individual yondoshuvni va noyob tovarlarni xohlamoqdalar, ommabop mollarga esa ehtiyoj kamaymoqda. Bir xil narsalarni ishlab chiqarishga o‘rgangan korxonalar o‘z ishini qayta tashkil qilishga majbur bo‘lmoqda.

“Industriya 4.0” tamoyillarini tatbiq etilishi, an’anaviy sanoat modellarida bo‘lmagan bir qancha afzalliklarga ega bo‘lishga yordam beradi. Masalan, kompaniyalar mijozlarning istaklariga qarab, buyurtmalarga individual yondoshishlari mumkin.

Eski zavod va fabrikalar endi “aqlli” korxonalarga aylanib, xos buyurtmalarga ko‘ra donabay maxsulotlar ishlab chiqarishni boshlamoqda. Bunda, bir dona mahsulotni ishlab chiqarish uchun ketadigan xarajatlar kamayib, kompaniyalar ommabop standartlashtirilgan mahsulot narxida xoslangan noyob mahsulot ishlab chiqarish imkoniga ega bo‘lmoqda.

Misol uchun, dunyoning istalgan nuqtasidan mobil jihozingizga Nike ilovasini yuklab olib yoki kompaniya saytiga kirib, krossovka modelini tanlashingiz, o‘zingiz yoqtirgan futbol komandasi rangiga bo‘yashingiz, pulini to‘lab, bir necha kundan keyin uni qabul qilib olishingiz mumkin. Yetkazib berish xarajatini hisobga olmaganda, uning qiymati ushbu kompaniyaning oddiy ommabop krossovkasidan qimmat bo‘lmaydi.

Individual buyurtmaga ko‘ra dvigatellar, serverlar va boshqa istagan narsa ishlab chiqarilishi mumkin. Germaniyaning Augsburg shahridagi Fujitsu Siemens zavodida komputer tizimlari va serverlar muayyan buyurtmachi uchun aynan donabay ishlab chiqariladi.

Nihoyat darajada avtomatlashtirilgan korxonada individual buyurtma asosida ishlab chiqarilgan mahsulotga ketadigan xarajatlarning miqdori oshib ketmaydi – agar oldin ikki juft krassovka uchun uskunalar qo‘lda qayta sozlangan bo‘lsa, hozirda buni komyuter tizimining o‘zi bir necha daqiqada amalga oshiradi.

Elektromobillar ishlab chiqaruvchi Tesla kompaniyasining zavodlarini robotlashtirilishi – kompaniya o‘z ishlab chiqarishini Xitoyda emas, balki Kaliforniyada tashkil etishga imkon berdi. Bu, xitoy ishchilarining mehnatidan foydalanib, keyin esa tayyor mashinalarni olib kelishga ketadigan yo‘l xarajatlaridan arzonga tushdi.

To‘rtinchi sanoat inqilobi nafaqat alohida kompaniyalarning biznesini o‘zgartirmoqda, balki global miqyosdagi kuchlar mutanosibligiga ta’sir qilmoqda. Tashkil etilganiga hali 10 yil ham bo‘lmagan Tesla kompaniyasi, ikkinchi sanoat inqilobining yetakchisi bo‘lgan Ford Motors kompaniyasidan kapitalizatsiya miqdori bo‘yicha o‘zib ketishini kim ham o‘ylabdi deysiz.

photo5222070716403394662.jpg

Yangi texnologiyalarni joriy etilishi, boshqa mashhur kompaniya – Adidas uchun ham o‘z ishlab chiqarishini Germaniyaga qaytarishga imkon berdi. Ochilayotgan fabrikada barcha jarayonlarni robotlar bajaradi.

Uzoq tarixga ega bo‘lgan barcha kompaniyalar ham bu keskin o‘zgarishlarda jon saqlay olmaydi. 2000 yildagi Fortune 500 reytingiga kirgan kompaniyalarning 52 foizi hozirda mavjud emas. Yangi texnologiyalarni muvafaqqiyatli o‘zlashtira olganlar ikki bora yutadilar: iste’molchilar tomonidan mashhur brendlarga nisbatan qiziqish katta bo‘ladi va agar ular mijozlarga individual yondoshuvda ishlashni boshlashsa, mijozlari ularga keyinchalik ham sodiq qolishga tayyor bo‘ladilar.

Masalan, Harley-Davidson kompaniyasi iqtisodiy inqiroz sababli o‘z mahsulotlariga talabni keskin kamayishini boshidan o‘tkazganiga qaramasdan, “Industriya 4.0” tamoyillariga o‘tgandan keyin uning aksiyalarining qiymati olti yil ichida yetti barobar oshdi. Endi esa, mijozlar mashhur Harley mototsiklini o‘ziga yoqqan rangdagi, o‘zi tanlagan xususiyatga ega modeliga buyurtma berishi va uni olti soatdan keyin bevosita zavoddan olishi mumkin.

Odamlar asta-sekin “aqlli” uylarda yashashga, smartfonda barmoqning bir nechta harakati yordamida har qanday muammoni yechishga o‘rganishmoqda. Shubhasiz, bunday tamoyillarni ular o‘z ish joylariga ham tatbiq etishni istaydilar.

Hozir shunday vaqtki, “Industriya 4.0” bozori yangi tug‘ilayotgan va endi rivojlanayotgan davrni o‘z boshidan kechirmoqda. Shu bois, yangi davr sanoatining tamoyillarini amalda qo‘llashni boshlagan ko‘plab kompaniyalar ustunlikka ega bo‘ladilar. Biroq, kelajak kompaniyasiga aylanish uchun, boshqalardan ildamroq harakat qilishni hozirdan boshlash lozim.

Ishchi o‘rinlari nima bo‘ladi?

Har bir sanoat inqilobi davrida ishsizlikning o‘sishidan havfsirash paydo bo‘ladi. Va har safar, uzoq muddatli amaliyotda bu havf o‘rinsiz bo‘lib chiqadi. Chunki, bu jarayonda bandlik tizimi, nufuzli va talab yuqori bo‘lgan kasblar ro‘yxati o‘zgaradi. Takrorlanuvchi va serdiqqat ishlarni mashinalar odamlarga qaraganda ancha unumliroq bajarishi mumkinligi sababli, bu yumushlarning ko‘p qismi avtomatlashtiriladi. Odamlar esa qo‘l mehnatining o‘rniga, yuqori malaka va ijodiy yondoshuv talab etiladigan ishlar bilan shug‘ullanadilar.

Shunday bo‘lsada, ish o‘rinlarimizni o‘g‘irlaydigan mashinalar davri uchinchi sanoat inqilobiga ham xos edi. O‘shanda avtomatlashtirilgan uskunalar ommaviy keng tarqalgandi. To‘rtinchi sanoat inqilobi esa mazkur mashinalarni, inson aralashuvisiz bir-biri bilan muloqot qildirishni rejalashtirmoqda. Misol uchun Siemens zavodida mingdan ziyod odam ishlaydi va ularning asosiy ishi – mashinalar va komputerlar ishini monitoring qilishdan iborat.

“Industriya 4.0” yetakchilari kimlar?

Yuqorida aytilganidek, davlat miqiyosida birinchi bor “Industriya 4.0” dasturi Germaniya hukumati tomonidan 2011 yilda qabul qilingan bo‘lib, u mamlakatni iqtisodiy rivojlantirish strategik dasturi sifatida belgilangan.

Shuni aytish lozimki, hozirda, ishlab chiqarishni robotlashtirish bo‘yicha Xitoy yetakchi o‘ringa chiqib oldi. Xitoy rahbari Si Szinpin 2014 yilda Xitoy fanlar akademiyasida so‘zlagan nutqida, bo‘lg‘usi robotlar inqilobi avval Xitoyni keyin esa butun dunyoni tubdan o‘zgartirishi haqida gapirib, jumladan, quyidagilarni aytgandi:

“Xitoy hukumati tomonidan xitoy kompaniyalarining zimmasiga “Ulkan ma’lumotlar” (Big Data), “bulut”li hisoblash (cloud computing), “Ashyolarning interneti” (Internet of Things) texnologiyalarini tatbiq etishni tezlashtirish va “aqlli fabrikalar”ni (intelligent manufacturing) tashkil etishga e’tiborni jamlash vazifasi topshiriladi”.

Oxirgi yillarda Xitoy kompaniyalari butun dunyoda yuqori texnologiyalar tadqiqotlariga investitsiyalar miqdorini keskin ko‘paytirib, buning natijasida 2013 yildan boshlab Xitoyning sanoat robotlari bozori dunyodagi eng yirik bozorga aylandi. 2020 yilga borib Xitoyda har 10 000 sanoat ishchi o‘rinlariga o‘rtacha 150 ta robot to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Bu esa, 2015 yilga qaraganda 3 barobar ko‘p deganidir.

Endi, AQSh va Germaniya singari rivojlangan davlatlar bu borada Xitoydan o‘zib o‘tishi oson bo‘lmaydi. AQShda 2014 yilda sanoat interneti konsorsiumi (Industrial Internet) tashkil etilib, uni General Electric, AT&T, IBM va Intel kabi sanoat yetakchilari boshqarmoqdalar.

Germaniyada esa shunday zavodlar borki, ular nafaqat «aqlli» sanoat komponentlarini, balki shunday zavodlarning tayyor modellarini ham taklif qilmoqdalar. Kayzerslautendagi Germaniya sun’iy intellekt ilmiy-tadqiqot markazini bunga misol qilib keltirish mumkin.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Germaniya sanoati internet infratuzilmasini rivojlantirishga 2020-yilga qadar yiliga 40 mlrd. Yevro miqdorida investitsiyalar kiritadi. Bu esa to‘rtinchi sanoat inqilobiga butun Yevropa bo‘yicha har yili kiritiladigan 140 mlrd. Yevro miqdoridagi investitsiyalarining salmoqli hissasini tashkil etadi.

Yaponiya ham bu borada ortda qolmayapti va ular o‘z industriyasini rivojlantirish uchun Connected Factories (zavodlarni tarmoqqa ulash) konsepsiyasini ishlab chiqmoqdalar. Rossiyada esa, 2017-yilda «Texnet» maxsus yo‘l xaritasi qabul qilinib, uning doirasida «Raqamli iqtisodiyot 2024» dasturi tayyorlanmoqda. Qo‘shni Qozog‘istonda esa, ishlab chiqarishni raqamli texnologiyalarga o‘tkazilishi va “Industriya 4.0” dasturi davlat strategiyasi darajasiga ko‘tarildi.

Shunday qilib, 10-15 yildan keyin dunyo umuman boshqacha bo‘lishi mumkin. Sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni sezmaslik, ularni pisand qilmaslik – taraqqiyotdan chetda qolib ketish bilan barobardir. Bunday yetakchilikka erishish uchun esa, bu o‘zgarishlarni o‘zimiz shakllantirishimiz lozim!

To‘rtinchi sanoat inqilobining dastlabki natijasi, bu – g‘olib davlatlar va mag‘lub davlatlar o‘rtasida daromadlar darajasidagi ulkan tafovutning yuzaga kelishidir.

To‘rtinchi sanoat inqilobida O‘zbekistonning o‘rni

Mazkur innovatsion musobaqada O‘zbekiston qanday o‘rinni egallamoqda? Dunyo sanoati “Industriya 4.0” ostonasida turgan bo‘lsa-da, lekin uning barcha texnologiyalarini faqatgina bundan oldingi “Industriya 3.0” sanoat inqilobining yutuqlarini o‘zlashtira olganlargina tatbiq qila oladilar.

O‘zbekiston iqtisodiyotiga kelsak, tan olish kerakki biz hozir “Industriya 2.0” darajasidan “Industriya 3.0” darajasiga o‘tish bosqichidamiz. Albatta, bu holat O‘zbekiston sanoatini to‘liq modernizatsiya qilish yo‘lidagi jiddiy to‘siqdir. Shubhasiz, bu muammoni tan olish va anglash – oldinga harakat qilish uchun qo‘yilgan qadamdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018-yil mamlakatimizda “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi. Bundan tashqari, Prezidentimiz tomonidan O‘zbekistonni dunyodagi rivojlangan 20 ta davlat safiga kiritish strategik rejasi belgilab berildi. Bu ulkan va olamshumul maqsadga erishishda, O‘zbekiston iqtisodiyoti va sanoatini tubdan o‘zgartirib, “Industriya 4.0” tamoyillarini keng tatbiq qilinishi lozim bo‘ladi.

Albatta, yangi terminlarni muomalaga kiritish va yangi tashabbuslarni e’lon qilish bilan oldimizda turgan muammolarni hal etib bo‘lmaydi. Aniq maqsadlarga erishish uchun quyidagi amaliy choralarni ko‘rish maqsadga muvofiq deb hisoblanadi:

1. “Industriya 4.0” strategiyasi loyihasining tegishli qismlarini tayyorlash uchun “Fraunhofer-Gesellchaft”, “ISO”, “DIN”, “PTB” va boshqa xorijiy ekspertlarni jalb etish va ular bilan birgalikda Germaniya, AQSh, Kanada, Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya tajribasini o‘rganib, yangi texnologiyalarni joriy etishni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan qonunchilik asoslari, me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tayyorlash.

2. Jamiyatni harakatga keltiruvchi asosiy kuchlar – davlat, oliy ta’lim muassasalari hamda biznes olami vakillarining o‘zaro ilmiy izlanishlardagi hamkorligini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish. Oliy ta’lim muassasalarini asosiy biznes inkubatorlar bo‘lishini ta’minlash, bunda, ularda yaratilgan texnologiyalarga tayangan holda talabalar, o‘qituvchilar va professorlar yangi korxonalar tashkil etadilar. Davlat esa, o‘z zimmasiga venchur investori rolini olishi kerak. Biznes vakillari esa, oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda, o‘zlarining va oliy o‘quv yurtlarning labaratoriyalarida fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish vazifasini o‘z zimmalariga oladilar.

3. Kelgusi 15-20 yilga mo‘ljallangan O‘zbekistonning mintaqaviy va hattoki global yetakchiligiga sharoit yaratuvchi Milliy texnologik yuksalish dasturini ishlab chiqib, uni darhol tatbiq qilishni boshlash kerak. Loyihada, zamonaviy oliy ta’lim muassasalari zimmasiga alohida vazifalarni yuklash – bunda ular o‘zlari uchun yangi bo‘lgan tadbirkorlik funksiyani egallashlari va o‘z negizlarida boshqalardan 10-15 yil ilgarilab ketgan iqtisodiy va madaniy muhitni yaratishlari lozim bo‘ladi. Shundagina, oliy ta’lim muassasalari insonlarni o‘tmishga emas, balki kelajakka tayyorlay oladilar.

Hozir dunyoda shunday fundamental o‘zgarishlar ro‘y bermoqdaki, dunyo tarixida bu darajadagi buyuk imkoniyatlar ham, bunchalik katta potensial havflar ham bo‘lmagan. Ayrim tarmoqlar yetakchilarining fikrlash doirasining torligi va “inqilobiy” emasligi, rivojlanish strategiyalarini to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Sun’iy intellekt, robotlashtirish, addetiv texnologiyalarning ommalashuvi (ya’ni 3D bosmada hatto metall detallar va ehtiyot qismlarini tayyorlash), nanotexnologiyalar, biotexnologiyalar va boshqa ko‘plab narsalar kundalik hayotning ajralmas qismiga aylanib bormoqda.

Agar biz bu o‘zgarishlar yetakchilarining safida bo‘lishni xohlasak, yaqin yillarda texnologik taraqqiyot qaysi yo‘nalishda rivojlanishi va kelajakda qanday olamshumul innovatsiyalar bo‘lishi kutilayotganini yaxshi anglay olishimiz hamda ularni yaratishda o‘zimiz faol ishtirok etishimiz lozim bo‘ladi.


Anvar Pirmatov,
«O‘zagrotexsanoatxolding» AJ aksiyadorlar
bilan korporativ munosabatlar
bo‘limi bosh mutaxassisi.

O‘zA
8 491