Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

23.02.2018 18:00 Chop etish versiyasi

Ijtimoiy dorixonalar – aholi uchun ulkan imkoniyat

Keyingi bir yarim yilda mamlakatimizda farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, dori vositalari va tibbiy buyumlarning arzonligi va erkin muomalasini ta’minlashga qaratilgan o‘ndan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani va Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etilgani bu boradagi ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-fevraldagi “Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori tizim faoliyatini tubdan yaxshilash va dori ishlab chiqarishni yanada takomillashtirishga keng imkoniyatlar ochib beradi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashida bo‘lib o‘tgan anjuman mazkur qaror ijrosi, uning mazmun-mohiyati va aholiga qulaylik yaratish maqsadida ijtimoiy dorixonalar tizimini yaratish masalalariga bag‘ishlandi.

Respublika kengashi raisi o‘rinbosari A.Mirzajonov, O‘zbekiston nogironlar jamiyati raisi K.Abdullayev va boshqalar davlatimiz rahbarining mazkur qarori farmatsevtika tarmog‘ini tubdan isloh qilish, aholi va tibbiyot muassasalarini arzon dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Tarmoqda 2018-yilda ichki imkoniyatlardan kelib chiqib 1,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Bu orqali farmatsevtika sanoatini jadal taraqqiy ettirish uchun sarmoyalar jalb etishni faollashtirish va yalpi ichki mahsulotda soha ulushini oshirishga erishish ko‘zlangan.

Shuningdek, aholiga yanada keng imkoniyatlar yaratish maqsadida 2018-2019-yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida 2 mingta ijtimoiy dorixonadan iborat tarmoq yaratish rejalashtirilmoqda. Jumladan, Surxondaryo viloyatida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida 75 ta ijtimoiy dorixona qurish bo‘yicha ishlar boshlanganini ham alohida ta’kidlamoq zarur.

– Hududimizda kasalxona va uning atrofida 13 ta dorixona bor, – dedi Chilonzor tumanidagi «Gavhar» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Shuhrat Ahmedov. – Ularda mavjud dorilar birmuncha qimmat. Qarorda ko‘rsatilganidek, ijtimoiy dorixonalarning ishga tushirilishi aholiga katta qulaylik yaratadi. Dorilar arzon bo‘lishi ta’minlanadi.

Tadbirda ijtimoiy ehtiyojmand va borish qiyin bo‘lgan hududlarda yashaydigan fuqarolarni ijtimoiy ahamiyatga ega va arzon dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha ishlarning holatini puxta o‘rganish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
5 986