O‘zA O`zbek

19.09.2018 08:45 Chop etish versiyasi

“IDIAL SWEETS BUSINESS”ning sifatli va raqobatdosh mahsulotlari

Mamlakatimizda mahalliylashtirishga qaratilayotgan eʼtibor yangi turdagi, raqobatbardosh, import oʻrnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini bermoqda. Bu jarayonda korxonalarga berilayotgan imtiyozlar, texnologik uskunalar va ehtiyot qismlar, xomashyoning bojxona hamda soliq toʻlovlaridan ozod etilgani yutuqlar omili boʻlmoqda.

Mazkur imkoniyatlar samarasini poytaxtimizdagi “Idial sweets busines” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyatida ham koʻrish mumkin. 2016-yilda tashkil qilingan korxonada jahon talablariga mos, zamonaviy turdagi qandolat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda.

El dasturxoniga totli neʼmatlar ulashib kelayotgan korxonada dastlab 10 turdagi mahsulot tayyorlangan. Bozor talablarini oʻrganish, ishlab chiqarish jarayoniga eng soʻnggi yangiliklarni joriy etish, hamkorlar bilan aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlar natijasida hozirgi vaqtga kelib 20 turdan ziyod mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.

Korxona mutaxassislarining taʼkidlashicha, qandolat mahsulotini ishlab chiqarish va ularni qadoqlash uchun har xil turdagi yordamchi xomashyo kerak boʻladi. Bularning chetdan olib kelinishi tabiiyki, mahsulot tannarxiga taʼsir koʻrsatadi. Korxonada mahalliylashtirish ishlarining tatbiq etilishi natijasida xomashyoni chetdan olib kelishga chek qoʻyildi.

Korxona zamonaviy ishlab chiqarish uskunalari bilan jihozlangan. Mutaxassislar bugungi kun talabidan kelib chiqib, yangi turdagi qandolat mahsulotlari namunalarini yaratmoqda. Shuning uchun ham korxona mahsulotlari nafaqat ichki bozorda, balki xorijda ham doimiy mijozlariga ega. Joriy yilda korxona tomonidan 15 million dollarlik mahsulot xorijga eksport qilingani buning yaqqol dalilidir.

Shu paytgacha mahsulotlarning asosiy qismi Qozogʻiston va Qirgʻiziston davlatlariga eksport qilinar edi, endilikda Turkmaniston, Afgʻoniston, Tojikiston davlatlariga ham eksportni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda.

Korxonada bugungi kunda 30 kishi ish bilan taʼminlangan. Ularning aksariyatini kasb-hunar kollejini tamomlagan yoshlar tashkil qiladi.

– Kasb-hunar kollejini tamomlagan, kasbi boʻyicha yuqori bilim va malakaga ega kadrlar ishlab chiqarishga faol hissa qoʻshmoqda, – deydi korxona direktori Botir Abidov. – Zamon talablari asosida taʼlim olib, oʻqishni amaliyot bilan mustahkamlayotgan yoshlar tayyor mutaxassis boʻlib safimizga qoʻshilmoqda. Joriy yilning oxirigacha ana shunday yana oʻn nafar yoshni ishga qabul qilishni rejalashtirganmiz.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning qoʻllab-quvvatlanayotgani xususiy sektor iqtisodiyotimizni yuksaltirish, yurt taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini taʼminlashda muhim omilga aylanayotganidan dalolatdir.

Davron Sunnatov, OʻzA
1 628