Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.03.2017 12:03 Chop etish versiyasi

Hovlidagi xazina

Kattaqo‘rg‘on shahri aholisi azaldan tadbirkor, ishbilarmonligi bilan tanilgan. Hunarmandlik borasida ham avloddan avlodga o‘tib kelayotgan an’analar ko‘p.

Kattaqo‘rg‘onliklarning el og‘ziga tushgan yana bir yumushi – chorva boqishda uncha-muncha qishloq odamlarini ortda qoldirishi. Ular bu haqda gapirganda biroz mubolag‘a bilan “Yurtimizning katta shaharlarini ham biz go‘sht bilan ta’minlaymiz”, deb qo‘yishadi. Bu gapda qanchalik jon bor bilmadig-u, shaharda yashasa-da, hovlisida ozgina imkoniyati bor kishi mol yoki qo‘y boqishga harakat qilishi aniq.

Bu quvonarli hol, albatta. Ammo chorva boqishga imkoniyati yo‘q kishilar-chi? Ular, hech bo‘lmaganda, hovlisida parranda parvarishlab, qo‘shimcha daromad olishi mumkin-ku!

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahriga o‘tgan yil oxirida hokim etib tayinlangan Bahodir Sa’dullaevni ham shu savollar o‘ylantirdi. Axir davlat aholini tadbirkorlikka jalb etishni qo‘llab-quvvatlab, buning uchun keng imkoniyat yaratib bermoqda. Bank xodimlari xonadonma-xonadon yurib, imtiyozli kredit taklif etayapti, tag‘in bu mablag‘ni qanday faoliyat turi bilan shug‘ullanib ko‘paytirish, oila farovonligini oshirish yo‘llarini o‘rgatmoqda. Bundan ortiq yana qanday yengillik, imkoniyat bo‘lishi mumkin?!

Hokim mahallalarga borib aholi bilan gaplashdi, avvalgi tajribasidan kelib chiqib, Samarqand tumanida parrandachilik bilan shug‘ullanayotgan, kichik issiqxona tashkil etib mo‘may daromad olayotgan oilalar haqida so‘zlab berdi. Lekin odamlarning aksariyati kredit berilsa, qoramol olishini, boshqalar hovlisi chorva boqish, dehqonchilik qilishga torligini aytdi.

Bahodir aka o‘zi yashab turgan kichik hovlining bir burchagida ixcham tovuqxona qurdirdi-da, Samarqand tumanidagi parrandachilik fabrikasidan o‘nta tovuq keltirib parvarishlay boshladi.

– Shahardagi mahalla oqsoqollari, faollar, korxona va tashkilotlar rahbarlarini bu yerga taklif etdim, – deydi B.Sa’dullaev. – O‘zlari kelib ko‘rishdi, tovuqlar har kuni 7-8 dona tuxum beryapti. O‘n-yigirma tovuq boqish oila uchun tashvish tug‘dirmaydi, katta xarajat ham talab qilmaydi, aksincha, shu xonadonning tuxumga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qondiradi. Agar ko‘proq bo‘lsa, bu qo‘shimcha daromad degani.

Shundan so‘ng odamlarda tovuq boqishga ishonch, ishtiyoq uyg‘ondi. Samarqand tumanidagi parrandachilik fabrikasidan 16 ming bosh tovuq keltirilib, bank krediti asosida kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarga tarqatildi.

Kamida bir yil tuxum beradigan tovuqlar imtiyozli narxda, bozordagidan ancha arzon xarid qilindi. Har bir oilaga kamida 20 bosh tovuq va bir qop yem berildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kreditni tuxum hisobidan uch oyda to‘liq qaytarish mumkin ekan. Yana sakkiz-to‘qqiz oyda tuxum, keyin tovuqning o‘zini 1,5-2 kilogramm go‘sht hisobida sotganda ham bu oila uchun sof foyda, hovlining bir chetidan kelib turgan tayyor daromad-da. Parranda – yetti xazinaning biri deganlari rost.

Bu tajriba, tashabbus amalda nechog‘li samara bergani bilan yaqindan tanishish maqsadida tovuq parvarishlayotgan ayrim xonadonlarda bo‘ldik.

– Hovlimiz kichik bo‘lgani uchun dehqonchilik yoki chorvachilik bilan shug‘ullanish imkoniyati yo‘q, – deydi Qoriravot mahallasida yashovchi D.Sobirova. – Uyda tikuvchilik va boshqa yumushlarni bajarib ro‘zg‘or tebratamiz. Mahalladan kelib, “kreditga tovuq olib boqing”, deyishganida avvaliga ikkilandik. So‘ng baribir olishga qaror qildik – ellik bosh tovuq parvarishlashga kirishdik. Tovuqni keltirib bergan kishilar tovuqxona qurish, oziqlantirishni o‘rgatib ketishdi. Ikki qop yem ham berishdi. Hozir o‘zimiz bozordan yem sotib olyapmiz, ro‘zg‘ordan chiqadigan po‘choq, bug‘doy va makkayidan ozuqa tayyorlayapmiz. Tovuqlar kuniga 30-40 dona tuxum berayapti, o‘zimizdan ortganini sotayapmiz. Ro‘zg‘orimizga baraka kirib qoldi, bolalarim xursand. Endi yana ellikta tovuq olishni mo‘ljallab turibmiz.

Chordara mahallasida yashovchi Yusufjon Salimov ayni paytda keksalik pensiyasida bo‘lsa-da, tomorqa yumushlariga o‘zi bosh-qosh. Otaxon uch sotixcha keladigan hovlidagi ikkita kichik issiqxonaga yaqinda qirq tup limon ko‘chati o‘tqazibdi.

– Ikki yil oldin issiqxonadagi ekinlarni sovuq urib ketgach, qishda hech narsa ekmay qo‘ygandik, – deydi Yusufjon ota. – Yaqinda bank xodimlari uyimizga kelganda “tayyor issiqxonangiz bor ekan, kredit beramiz, limon eking”, deyishdi. Ularning gapi turtki bo‘ldi-yu, qariyb 7 million so‘m kredit olib, issiqxonani ikki qavat plyonka bilan o‘radim, kelgusi yildan hosil beradigan limon ko‘chati o‘tqazdim. Ungacha yer bo‘sh turmasin deb, bodring, pomidor ekdim. Bundan tashqari, yaqinda hovlida 100 bosh tovuq boqishni ham yo‘lga qo‘ydik. Ro‘zg‘orga qo‘shimcha daromad-da. Xudoga shukr, to‘rt farzandim ham kasb-korli, uyli-joyli. Hovlida yashaydiganlariga har bir qarich yerdan unumli foydalanishni uqtiraman. Kartoshka, sabzi, pomidor, bodring va boshqa mahsulotlarni bozordan sotib olmaymiz, shu kichik tomorqada o‘zimiz yetishtiramiz. Muhimi, bolalar yoshligidan mehnatga, ro‘zg‘or tutumiga o‘rganadi. Ro‘zg‘ori obod oilada xotirjamlik, dasturxonida to‘kin-sochinlik bo‘ladi. Davlatimiz rahbari jon kuydirib, odamlarni tadbirkorlikka undayotgani, xonadonidagi kichik imkoniyatlardan ham samarali foydalanishga da’vat etayotganining boisi ham shunda, deb bilaman.

Yusufjon ota haq gapni aytdi. Yaxshi yashash, farovon hayot kechirishni istagan kishi avvalo o‘zi uchun harakat qilishi lozim. Tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, mehnat qilish uchun munosib sharoit yaratish borasida davlat o‘z vazifalarini bajaryapti. Qolgani fuqarolarning intilishi, harakati, mehnatiga bog‘liq.

G‘olib Hasanov, O‘zA
3 690






Все о погоде - Pogoda.uz