O‘zA O`zbek

09.07.2019 09:20 Chop etish versiyasi

Go‘sht nega qimmatlashmoqda? Yoxud bitta qoramolni semirtirishga qancha vaqt va mahsulot kerak?

Go‘sht nega qimmatlashmoqda? Yoxud bitta qoramolni semirtirishga qancha vaqt va mahsulot kerak?


Mutaxassislar: Ozuqa-yem mahsulotlari tannarxining yuqoriligi... Realizatsiya qilishda vositachilarning ko‘pligi... Ozuqa-yem yetishtirish uchun yer maydonlarining yetishmasligi... Joylarda chorvachilik mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash komplekslarining yetarlicha rivojlanmagani... 

Xo‘sh, nima qilish kerak?..

Chorvachilik sohasini 2021 yilgacha bo‘lgan muddatda rivojlantirish borasida belgilangan chora-tadbirlar dasturi haqidagi ma’lumotga ko‘ra, 2021 yilga borib yirik shoxli qoramollar 14 million 800 ming boshga, mayda shoxli mollar 23 million 127 ming boshga yetkazilar ekan. Bu esa mamlakatimizda go‘sht yetishtirishni 26,2 foizga oshirib, aholi ehtiyojlaridan ortiqchasini eksport qilish imkonini beradi.


Albatta, quvonarli ma’lumot. Ammo... nega unda go‘shtning narx ko‘tarilib bormoqda?

Biz odatda oqibat bilan kurashishga o‘rganib qolganmiz. Tepadan kimdir “Go‘sht narxini tushirish kerak”, desa, darrov qassoblarning yoqasidan olamiz. Ular ham qaltis vaziyatdan qutulish bahonasida noiloj qolgach, yolg‘ondakam bo‘lsa-da, “Go‘sht narxi ... so‘m” deb yozib qo‘yadi. Biroq, xaridorga bu narxdan 20-30 foiz qimmatiga sotaveradi. Yakunida sotuvchi va xaridor o‘rtasida norozilik kayfiyatidagi bahs munozaraga guvoh bo‘lamiz.

Go‘sht narxining uzluksiz yuqorilab borayotganini mutaxassislar bir qancha omillar bilan izohlamoqda. Ozuqa-yem mahsulotlari tannarxining yuqoriligi, realizatsiya qilishda vositachilarning ko‘pligi, ozuqa-yem yetishtirish uchun yer maydonlarining yetishmasligi, joylarda chorvachilik mahsulotlari yetishtirish va qayta ishlash komplekslarining yetarlicha rivojlanmagani shular sirasidandir.

– Hammamiz ko‘rib-bilib turibmiz, go‘sht ancha qimmatlashib ketdi. Nega shunday holat yuz berdi?, – deydi Buxoro viloyati kengashi dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqa yerlarining ekin maydonlaridan samarali foydalanish bo‘limi bosh mutaxassisi Imomali Suvonov. – Avvalo, shuni aytish kerakki, 2005 — 2016 yillar oralig‘ida ozuqa ekin maydonlari 40 foizga kamayib ketdi. 1990 yilda ekin maydonlarining deyarli 25 foiziga ozuqa ekilgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 9 foizga ham yetmaydi. Ikkinchidan, bizda go‘sht va sutning 95 foizini dehqon va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklar yetishtiradi. Lekin ularni qo‘llab-quvvatlash uchun shu paytgacha hech narsa qilinmadi. Aksincha, Buxoro viloyati miqyosida aytsam aholi dala tomorqalari hech qanday asossiz fermer xo‘jaliklariga qo‘shib berilgan. Tomorqasidagi ozuqa tufayli uyida 3-4 ta qoramol boqib kelayotganlar ham yem-xashak qimmatligi tufayli chorvasini sotmoqda. Qassoblar sotib olishi uchun mol qolmagan. Shu tufayli go‘sht narxi oshib ketmoqda.


Biz nega bundan tashvishga tushamiz?


Negaki, azaldan go‘sht bahosi xalqimiz orasida o‘lchov vositasi bo‘lgan va hozirda ham hududlarda ana shunday hisob-kitoblarni kuzatish mumkin. Misol uchun, to‘yga to‘yona go‘sht bahosiga qarab beriladi. To‘yona yozilgan daftarga real vaqtdagi go‘shtning narxi yozilib, berilgan pulga necha kilogramm go‘sht kelishi belgilab qo‘yiladi.

Shundan bo‘lsa kerak, O‘zbekistonning u yoki bu viloyatidagi turmush darajasi qandayligini aniqlash uchun, birinchi navbatda, go‘shtning, undan keyin kartoshka, guruch, piyoz va boshqa mahsulotlarning narxi surishtiriladi. Qizig‘i shundaki, joylarda mardikorlarning bir kunlik ish haqi ham go‘sht narxiga qarab belgilanmoqda.


Aslida kunlik ish haqining oshgani yaxshi. Lekin, go‘sht bahosining ortib borayotgani muammo. Biz aholi jon boshiga go‘sht iste’moli borasida ancha ortda qolmoqdamiz. Ayni vaqtda bu ko‘rsatkich bizda 41 kilogrammdan oshayotgan bo‘lsa, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bir yilda o‘rtacha 55 kilogrammgacha go‘sht iste’mol qilishni tavsiya etmoqda. Ekspertlarning taxminiga ko‘ra, 2025 yilga borib O‘zbekistonda aholi jon boshiga go‘sht iste’moli yiliga 54,8 kilogrammni tashkil qiladi.

Lekin, bunga hali ancha bor. Agarda go‘shtning narxi hozirgi kabi oshib boraversa, keyingi yillarda 150 mingga yetishi hech gap bo‘lmay qolarmish.

Bu borada xitoyliklarning tajribasi bor ekan!

Go‘sht narxining bunday oshirilishi tabiiyki, odamlarning go‘sht mahsulotini sotib olish imkoniyatini pasaytiradi. Bu esa kundalik ratsionda go‘shtning ulushi kamayib, inson salomatligi uchun muhim bo‘lgan moddalar yetishmovchiligiga sabab bo‘ladi.

Bu borada qanday yo‘l tutish kerakligi haqidagi savolga yurtdoshlarimizdan biri shunday javob berdi.

– Go‘sht iste’moli madaniyatini rivojlantirish va tartibga solish kerak, – deydi Sohibjon Hotamov. – Aslida go‘sht iste’molini kamaytirish kerak, zero, go‘sht qaritadi degan naql bor. Aslida ham 90-yillar odamlari bilan bugungi kun odamlarini solishtirsangiz buning haqiqat ekanini ko‘rish mumkin. Hozirda aholi yosharib bormoqda. To‘g‘ri, go‘shtning sog‘liqqa foydali jihatlarini ham hisobga olish kerak. Shuning uchun, biz, kattalar go‘sht yeyishni kamaytirib, farzandlarimizga ko‘proq berishimiz kerak. Bu borada Xitoyning tajribasi bor. Ular non va go‘shtni bizdan 10 baravar kam yeydi! Qisqasi, to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini targ‘ib qilishimiz kerak!

Demak, mahsulot taqchilligi yoki uning bahosi qimmat bo‘lishi butun dunyo mamlakatlarida uchraydigan holat ekan-da! Shunday ekan, vahimaga tushmay o‘ylab ko‘raylik. Balki, talab kam bo‘lsa, shunga yarasha mahsulotning arzon bo‘lish ehtimoli juda yuqori.

Bu o‘rinda maqsadimiz kimga qancha go‘sht yoki undan tayyorlangan taom iste’mol qilishni o‘rgatish emas, balki O‘zbekistonda go‘shtning qimmatlashayotganini sabablarini aniqlash bo‘lgani uchun fikrlarni o‘rganishda davom etamiz.

Bitta qoramolni semirtirishga qancha vaqt va mahsulot kerak?

Samarqandlik tadbirkor Muhammad Zuhurovning fikriga ko‘ra, viloyatlar va tumanlarda chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash majmualarining yetarli darajada rivojlanmagani, fermer va dehqon xo‘jaliklarining mahsuldor chorva mollari bilan ta’minlanmagani hamda mahsuldor chorva mollarini yetishtirish sohasidagi ilmiy izlanishlarning yetishmasligi go‘sht va go‘sht mahsulotlari narxi oshib ketishiga olib kelmoqda.

Albatta, bu fikrlarga qo‘shimcha sifatida ozuqa-yem mahsulotlarini yetishtirish uchun yer maydonlarining yetishmasligi, yerlarning sho‘rlanishi, ozuqa-yem mahsulotlari tannarxining yuqoriligi, o‘rtada “vositachilar”ning ko‘pligi ham go‘sht mahsulotlari narxining qimmatlashuviga sabab bo‘layotganini aytish mumkin.

Keling, shu o‘rinda bitta chorva molini semirtirish uchun qancha vaqt va mahsulot sarflanishini hisoblab ko‘ramiz. Mutaxassislar bir yoshga to‘lgan ozg‘in buqani bo‘rdoqiga boqish uchun kamida 3 oylik mehnat talab etilishini ta’kidlamoqda.

– Bunda har kuni unga o‘rtacha 9 kilogramm yem, ya’ni 3 kilo shrot, 2 kilo kepak, 3 kilo sheluxa va 1 kilo maydalangan makkajo‘xori yoki bug‘doy aralashmasi beriladi, – deydi Toshkent viloyatidagi “Progress agro biznes” chorvachilik fermer xo‘jaligi rahbari To‘lqin Jo‘raev. – Bundan tashqari, kuniga qo‘shimcha 7-8 kilogramm atrofida yo‘ng‘ichqa yoki dag‘al xashak berib borish kerak. Hozirgi kunda olibsotarlar qo‘lida bir bog‘ presslangan yo‘ng‘ichqa 15-20 ming, somon 5-8 ming, omixta yem 2400-2700 so‘m ekani hisobga olinsa, qoramol boqishning xarajatlari qanchaga tushishini hisoblab chiqish qiyin emas. Albatta, bu narxlar hamma joyda bir-biridan farq qiladi.

Chorvador fermerning so‘zlaridan ko‘rinadiki, go‘shtning narxi yem-xashak bahosi bilan bog‘liq. Ammo, masalani qiziq joyi bor. Vaholanki, yurtimizda har yili million tonnalab paxta va g‘alla yetishtiriladi. Ammo, chorva ozuqasi ishlab chiqarish va aholiga yetkazib berish muammoligicha qolayotir. Buning sababi ishni noto‘g‘ri tashkil etishdami yoki ishning ko‘zini bilmaslik-da?

Bunda birjaning ham aybi bor...

Yurtimizdagi yem mahsulotlari yetkazib beruvchi korxonalarning faoliyati o‘rganilganda, ular yem-ozuqaga bo‘lgan talabni bor-yo‘g‘i 15-20 foizinigina qondirishi oydinlashdi. Bu ham tegishli grafik asosida belgilangan iste’molchilarga sotilar ekan. Aholining qariyb 85 foizi yemni savdogarlar qo‘lidan olishga majbur.


– Bug‘doyni past navini 300 so‘mdan topshiramiz va uni qayta ishlanganini 1200 so‘mdan xarid qilamiz, – deydi Toshkent viloyatidagi “Progress agro biznes” chorvachilik fermer xo‘jaligi rahbari To‘lqin Jo‘raev. – Agarda topshirgan mahsulotimizdan chiqadigan shulxa-shrot, kunjara va kepakni ishlab chiqarish narxini qo‘yib, o‘zimizga arzonroq bahoda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma qilib qaytarib bersa, go‘shtning narxi yaxshigina tushadi. Aroq va pivo zavodlari ham bug‘doydan qolgan mahsulotlar chiqindisini shu tartibda bersa, go‘sht arzon bo‘ladi. Yo‘q, uni albatta birjadan yoki “olibsotardan” qimmat narxda xarid qilishga majburmiz. Bunga esa hamisha ham vaqtimiz bo‘lavermaydi. Ba’zida ololmay qolamiz. Negaki, dehqonni hamisha ham birja savdolarida ishtirok etishga vaqti bo‘lmaydi. Brokerlar orqali olamiz, bu ham qo‘shimcha xarajat bo‘ladi.

Yuqorida o‘rtada “vositachilar”ning ko‘pligi go‘sht mahsulotlari narxining qimmatlashuviga sabab bo‘layotganini aytib o‘tgan edik. Bu fikrni chorvachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan mulkdorlar ham tasdiqlamoqda. Ularning aytishiga qaraganda, kushxonalarda har bir kilogramm go‘sht uchun kamida 4-5 ming so‘m qo‘yiladi. Misol uchun, 30 ming so‘mdan qabul qilingan go‘sht kushxonadan 35-37 ming bo‘lib chiqar ekan. Keyin uni tashuvchilar, bozorga olib boruvchilar va hokazolar o‘z xizmatlari uchun narxni oshirib borar ekan.

Ayni vaqtda ko‘pgina mulkdorlar kushxonalarni fermerlar ixtiyoriga berilishi “olibsotarlarni sindirgan” bo‘lardi, deyishmoqda.


Yana aytish kerakki, go‘sht narxining o‘zgarishi fermerlarga bog‘liq emas. Chunki, yurtimizdagi chorvaning atigi 8 foizi fermerlar hissasiga to‘g‘ri keladi, xolos. Qolgan chorva aholi qo‘lida. Ular fermer yerini mavsumda ijaraga olib ozuqa yetishtirish ham bor gap. Yemni ko‘ying, hattoki, xashakka ham xarajat qilib, tayyorlangan go‘sht tannarxi albatta oshadi-da.


Xullas, go‘sht narxining oshishiga va oshib borishiga ko‘plab omillar ta’sir qilmoqda. Mazkur masalalarning yechimini topmasdan, narx-navoni ma’muriy yo‘l bilan cheklash amaliyoti samara bermasligini esa hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.


Sayyora ShOEVA, O‘zA
527