Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 17:17 Chop etish versiyasi

770 ga yaqin korxona terini qayta ishlash, charm-attorlik hamda poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda

Poytaxtimizda "Charm, poyabzal, kiyim va aksessuarlar – UzCharmExpo – 2017" hamda "Maxsus poyabzal va individual himoya vositalari – MaxsusExpo – 2017" xalqaro ko‘rgazmalari bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi tomonidan turli vazirlik va idoralar ko‘magida tashkil etilgan tadbirda 100 dan ortiq mahalliy hamda xorijiy kompaniyalarning 3 mingdan ziyod mahsulotlari namunalari, soha uchun zarur asbob-uskunalar, ikkilamchi xomashyolar keng namoyish etildi. Poyabzal va tikuvchilik mahsulotlari, charm, gazlama, mo‘yna va qorako‘ldan ishlangan aksessuarlar shular sirasidandir.

Ko‘rgazma doirasida mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning taqdimotlari ham o‘tkazildi. Zamonaviy charm-poyabzal ishlab chiqarishning mikrobiologik jihatlari, Italiyada poyabzallar uchun texnik matolarni ishlab chiqaruvchi kompaniya taqdimoti, to‘qimachilik mahsulotlarining keng majmui hamda innovatsion loyihalar haqidagi taqdimotlar shular sirasidandir.

Mamlakatimizda ishlab chiqarish korxonalari izchil modernizatsiya qilinib, texnik va texnologik jihatdan yangilanayotgani, xorijiy hamkorlar uchun qulay investitsiyaviy muhit yaratib berilayotgani natijasida charm-poyabzal sanoatida yuksak samaradorlikka erishilmoqda. Prezidentimizning 2016-yil 15-sentabrdagi “2016-2020-yillarda charm-poyabzal sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Yurtimizda 770 ga yaqin korxona terini qayta ishlash, charm-attorlik hamda poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmoqda. Sohaga tatbiq etilayotgan imtiyozlar yangi korxonalar tashkil etilishi, ishlab chiqarish quvvatlarining muttasil oshishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qilmoqda. Samarqanddagi “Amir Ul Bahr VMG” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tabiiy charmdan tayyorlangan maxsus oyoq kiyimlari chet ellik mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Andijonda faoliyat ko‘rsatayotgan “Mini Teks” korxonasi mahsulotlari esa import o‘rnini bosuvchi ekanligi bilan ahamiyatlidir. Hozir 50 turdagi sport mahsulotlari ishlab chiqarish mahalliylashtirildi. Futbol, voleybol, qo‘l to‘pi uchun koptoklar, boks qo‘lqoplari, maxsus gilamlar shular jumlasidandir.

– Kompaniyamiz poyabzal tagcharmiga ishlov berish bilan shug‘ullanadi, – deydi Turkiyaning “Ege Taban” kompaniyasi vakili Soner Ergyul. – Ko‘rgazmada bir necha yildan buyon qatnashib, yurtingizda charm-poyabzal sanoati jadal rivojlanayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarining sifat ko‘rsatkichlari biz, soha vakillariga har tomonlama yoqdi.

Darhaqiqat, tizim korxonalari mahsulotlari tashqi bozorda ham mustahkam joy egallamoqda. O‘tgan yili 115 million dollarlik eksport amaliyoti bajarilgani, uning tarkibida tayyor va yarimtayyor mahsulotlar ulushi ko‘paygani bunga asos bo‘la oladi.

Ko‘rgazma yurtimiz korxonalarining tarmoqlararo kooperatsiyasini rivojlantirish, chet el kompaniyalari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash imkonini bermoqda.

– Mamlakatimizda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilib, imtiyozlar berilayotgani faoliyatimizni yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi “Kindr Qo‘qon” xususiy korxonasi rahbari Alisher G‘afforov. – Chunonchi, bir necha o‘n turdagi poyabzal mahsulotlari bilan o‘z faoliyatini boshlagan korxonamiz bugungi kunda yuz turdan ortiq erkaklar va bolalar oyoq kiyimini ishlab chiqarmoqda. Mahsulotlarimiz nafaqat mahalliy bozor, balki eksportga ham chiqarilmoqda. Ko‘rgazma doirasida rossiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish, ularga ko‘proq hajmda erkaklar va bolalar poyabzallari yetkazib berish borasida shartnoma imzoladik.

Ta’kidlash joizki, yurtimizda sohani rivojlantirish imkoniyati nihoyatda yuqori. Chunki muhim xomashyo serobligi barobarida, qulay ishbilarmonlik hamda investitsiya muhiti yaratilgan. Bu esa chet el sarmoyasi ishtirokida terini chuqur qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan ilg‘or korxonalar ochilishida rag‘batlantiruvchi omil bo‘lmoqda. Xususan, joriy yilda Investitsiya dasturi doirasida sohaga 94 million dollar miqdorida investitsiya jalb etilishi ko‘zda tutilgan.

Ko‘rgazma doirasida yangi mahsulotlar taqdimotlari, mahorat darslari, shuningdek, eng yaxshi mahsulotlar tanlovi o‘tkazilishi tadbirning yanada samarali kechishiga xizmat qildi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
2 335






Все о погоде - Pogoda.uz