Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.04.2017 13:20 Chop etish versiyasi

G‘alla parvarishida muhim palla

Joriy yilda qashqadaryolik sohibkorlar 144 ming gektardan ziyod maydonda boshoqli don ekinlarini parvarishlamoqda.

G‘alla parvarishida begona o‘tlarga qarshi kurashish dehqonlar uchun kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir. Mo‘l hosil olish ko‘p jihatdan mana shu agrotexnik tadbirning sifatli o‘tkazilishiga bog‘liq. Viloyatda amalga oshirilayotgan ushbu tadbirga «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasining maxsus aviatsiya ishlari kompaniyasi Qarshi aviazvenosining havo kemalari jalb etilgani ishlovni yanada tez va sifatli amalga oshirish imkonini bermoqda.

– Viloyat “Agrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq "AN-2" rusumli yettita samolyot g‘alla maydonlarida begona o‘tlarga qarshi ishlov berishda qatnashmoqda, – deydi aviabo‘linma qishloq xo‘jaligi aviatsiyasi muhandisi Shermat Nazarov. – Hozirga qadar 20 ming gektar maydondagi g‘allazorga ishlov berildi. Yana 15 ming gektar maydon ishlovi uchun aviatsiyadan foydalanish ko‘zda tutilgan.

Bu yil bahorning seryog‘in kelayotgani maysaning to‘liq rivojlanishi bilan birga oqbosh, perka, yovvoyi suli kabi begona o‘tlarning ham o‘suvchanligiga qulay sharoit yaratmoqda. Bu o‘tlar oziq moddalarni bug‘doyga nisbatan 20-30 marta ko‘p o‘zlashtirib, maysa rivojiga xalal beradi. Shu bois ularga qarshi ishlovni kechiktirmay o‘tkazish juda muhim.

Muxtasar aytganda, g‘allazorda begona o‘tlarning bo‘lmasligi mo‘l hosil, toza va sifatli bug‘doy yetishtirish imkonini beradi. Aviatsiya ko‘magidan foydalanish esa mazkur tadbirni tez va ekinlarga zarar yetkazmasdan o‘tkazishni ta’minlaydi.

O‘lmas Barotov, O‘zA
2 129






Все о погоде - Pogoda.uz