O‘zA O`zbek

03.07.2019 17:13 Chop etish versiyasi

Farg‘onada 150 gektar malinazor yaratiladi

Farg‘onada 150 gektar malinazor yaratiladi

Yiliga ikki marta hosil olinsa-da, uncha ko‘zga tashlanmaydigan bu shifobaxsh mevani oilaviy biznesning mo‘jizasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aslida ham Farg‘ona tumanida malina yetishtirish allaqachon ommalashib ketgan. Zero, Vodil malinasi bugungi kunda ma’lum va mashhurdir.

Bu shifobaxsh o‘simlik oilaviy biznesni rivojlantirish bilan birga oila a’zolarini doimiy ish bilan ta’minlash, mo‘may daromad hisobiga turmush farovonligini keskin oshirish imkonini berishi shubhasiz. Shu bois Farg‘ona tumanida “Malinachilik” tomorqa mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi.

Shu bois O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining farg‘onalik vakillari Ukrainada Vinnitsiya fermerlar assotsiatsiyasi rahbari Belous Tatyana, “FruiTtch”, “Deko plant” korxonasi rahbarlari bilan uchrashdi.

photo5253469255209429716.jpg

“FruiTtch” korxonasi malina va uning ko‘chatini tayyorlash bilan shug‘ullanmoqda. Ayni vaqtda ular 14 gektarda malina ko‘chatini kaseta usulida ko‘paytirib, O‘zbekiston iqlimiga to‘g‘ri keladigan “djoan djey”, “glen di”, “oktaviya remantatnыy” kabi navlarni yetishtirish agrotexnikasini yurtimiz vakillariga ko‘rsatib berishdi.

– Jitomir shahridagi malinachilik klasterida bo‘lib, 22 gektarda parvarishlanayotgan ikki yillik malina ko‘chatlarini ko‘rdik, – deydi Farg‘ona viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Zokirjon Ikromov. – Ular har gektar malinadan o‘rtacha 12-14 tonna hosil olishar ekan. Mevalari ham yirik-yirik. Bu yerda malina qo‘lda terilib, eng avvalo +5 darajada muzlatgichda sovutilib, keyin -15 darajada 3-4 kun muzlatilib, qadoqlanar ekan. Biz ana shu tajribani Farg‘onada ham qo‘llab, eksport uchun hosil yetishtirmoqchimiz.

photo5253469255209429717.jpg

Yurtimiz vakillari Vinnitsiya shahridagi “Rekort Agro” korxonasining kartoshka navlarini ko‘paytirish va sotish jarayoni bilan ham yaqindan tanishdi. “Syngenta” korxonasidan esa kungaboqar, makkajo‘xori, bug‘doy navlarini ko‘paytirish va yurtimiz iqlimga mos keladigan navlar to‘g‘risida ma’lumotlar oldi.

Uchrashuvlar yakunida malina yetishtirish va uning eksporti masalasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

O‘zA
841