Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.09.2017 14:36 Chop etish versiyasi

Farg‘ona viloyatida 25 ming 745 gektar maydonda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekilmoqda

Prezidentimizning 2017 yil 21 avgustdagi “2018 yil hosili uchun avgust piyozi va sarimsoqpiyoz hamda to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlarini joylashtirish, ekish uchun talab etiladigan moddiy-texnika resurslarini o‘z muddatida yetkazib berish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan bu ishlar aholini sifatli va arzon qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.

– To‘qsonbosti usulining afzalligi shundaki, yerga qadalgan urug‘ning unib chiqishi va rivojlanishi bahorgiga nibatan bir oyga tezlashadi, hosildorlik 20-22 foiz yuqori bo‘ladi, – deydi Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari, "El-yurt hurmati" ordeni sohibi Lolaxon Murodova. – Bu usulda ekin ekish ishlari odatda kuzning birinchi oyidan boshlanib, noyabrning oxiri – dekabr oyining boshlarigacha tugallanishi lozim. Takroriy ekinlardan bo‘shagan dalalar obdon shudgorlanishi shart, shundagina “to‘qsonbosti” ekin urug‘i yerga aytilganiday “o‘rnashadi”. Qolaversa, urug‘ yetarli chuqurlikka tushsagina, qishning qahraton sovug‘idan omon qoladi. Natijada bahordagidan birmuncha erta, ko‘klamda ekiladigan sabzavotlardan kamida 25-30 kun avval unib chiqadi.

Viloyatda hosili yig‘ishtirib olingan maydonlarga to‘qsonbosti ekinlari ekish va ulardan yuqori hosil olishning aniq rejasi ishlab chiqilgan. Har bir tumanda bu mavsum ekini uchun alohida tayyorgarlik ko‘rildi. Ekish uchun talab etiladigan mineral o‘g‘it jamg‘arildi. Kerakli yoqilg‘i-moylash materiallari bilan ta’minlanib, yetarli urug‘lik hozirlandi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, avgust-sentyabr oylarida 8 ming 200 gektar, noyabr-dekabr oylarida 17 ming 545 gektar maydonga to‘qsonbosti usulida sabzavot ekiladi. Xususan, 15 ming 100 gektarga piyoz, 3 ming 345 gektarga sarimsoqpiyoz, 1 ming 300 gektarga sabzi, 275 gektarga lavlagi, 4 ming 150 gektarga ko‘katlar, 1 ming 575 gektarga boshqa ekinlar (gulkaram, ko‘kpiyoz) ekiladi.

To‘qsonbosti ekinlari ekiladigan 10 ming 446 fermer xo‘jaligida 100 otryad tashkil etilib, ularga 464 haydov, 370 tekislagich va 630 chopiq traktori biriktirildi. 3 ming 640 tonna urug‘lik tumanlardagi urug‘chilik xo‘jaliklari hamda agrofirmalar tomonidan fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilmoqda.

Bag‘dod tumanidagi “Hamkor aloqa eksport” agrofirmasi tomonidan 45 tonna piyoz, 150 tonna sarimsoqpiyoz, 10 tonna ko‘kat, 5 tonna gulkaram urug‘i Ukrainadan keltirilmoqda. Quva tumanidagi “Qubbo meva-sabzavot” agrofirmasi tomonidan esa 35 tonna piyoz, 450 tonna sarimsoqpiyoz urug‘i yurtimizning boshqa viloyatlaridan keltirilib, zaxira qilinayotir.

O‘z navbatida, urug‘lik sotib olish bo‘yicha shu kungacha agrofirmalar va viloyatdagi 16 dehqon bozori o‘rtasida 5,1 milliard so‘mlik shartnoma imzolandi. O‘zaro kelishuvga ko‘ra, uning 25,5 tonnasi piyoz hamda 401 tonnasi sarimsoqpiyozdir.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
2 049






Все о погоде - Pogoda.uz