Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.03.2017 12:13 Chop etish versiyasi

Farg‘ona viloyatida 2021-yilgacha 281 avtobus va 490 mikroavtobus sotib olinadi

Mamlakatimizda avtomobil transporti sohasini rivojlantirish, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, tizim infratuzilmasini tubdan takomillashtirish, texnika parkini zamonaviy va qulay transport vositalari bilan to‘ldirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu aholining yo‘lovchi tashish transportiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, zamonaviy va xavfsiz xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yanada kengaytirishda yuksak samaralar bermoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 10-yanvardagi “Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchi tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Farg‘ona viloyatida ham ushbu hujjat ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatda 2017-2021-yillarda shahar va qishloqlarda avtotransport xizmatini yanada rivojlantirish bo‘yicha maxsus dastur tasdiqlandi. Unga ko‘ra, yo‘lovchi tashiydigan yangi avtobus yo‘nalishlari tashkil etish, yangi avtobus va mikroavtobuslar sotib olish, yangi avtovokzal va avtostansiyalar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish kabi uchta muhim yo‘nalishda ish olib borilmoqda.

– Mazkur dastur asosida joriy yilda viloyatda 7 yangi avtobus yo‘nalishi ochiladi, – deydi O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi Farg‘ona viloyati hududiy bo‘limi rahbari A’zamxo‘ja Umrzoqov. – Ayni paytga qadar viloyat aholisiga namunali avtotransport xizmati ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Yozyovon tumani aholisining Qo‘qon shahri va atrof tumanlarga borishida yengillik yaratish maqsadida Qo‘qon – Andijon yo‘nalishida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu yo‘nalishdagi avtobuslar Uchko‘prik, Buvayda, Yozyovon tumanlari, Qo‘qon shahri hamda Andijon viloyatining Bo‘z, Shahrixon tumanlari va Andijon shahri aholisiga sifatli xizmat ko‘rsatayotir.

So‘x tumanida “So‘x yo‘lovchi trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Farg‘ona – So‘x – Haydarkon yo‘nalishida muntazam avtobus qatnovi tashkil etildi.

Viloyatda joriy yilda 43 yangi avtobus sotib olinishi rejalashtirilgan. Hozirda ba’zi yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar avtobuslarni sotib oldi, ayrimlari xarid qilish bo‘yicha shartnomalar imzoladi. Aholiga transport xizmati ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan dasturga qo‘shimcha ravishda 11 avtobus sotib olinib, tegishli litsenziya berildi va yo‘nalishlarga joylashtirilishi ta’minlandi.

Ta’kidlash joizki, qaror ijrosi bo‘yicha tasdiqlangan dastur doirasida 2017-2021-yillarda viloyatga 281 avtobus va 490 mikroavtobus sotib olinishi rejalashtirilgan.

– Joriy yilning o‘tgan davrida 3 mikroavtobus sotib oldik, yana 10 avtobus sotib olishimiz kerak, – deydi Uchko‘prik tumanidagi “Umid fayz trans” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Nabijon Toshmatov. – Jamoatchilik nazorati asosida yaqinda “Buvayda – Bo‘stonbuva” yo‘nalishida avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Dasturga muvofiq, 2017-2021-yillarda viloyatda 6 yangi avtostansiya quriladi. Ayni paytda Quvasoy shahrida faoliyat ko‘rsatmayotgan avtostansiya faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqilayotgan bo‘lsa, Yozyovon tumanida joriy yilda yangi avtostansiya quriladi. Hozirda qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish bo‘yicha tarmoq jadvali ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Qo‘shtepa, Uchko‘prik, Beshariq va O‘zbekiston tumanlarida ham yangi avtostansiya qurish bo‘yicha yer maydoni tanlanib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

Shu bilan birga, qaror asosida xizmat ko‘rsatish sifati va madaniyatini oshirish borasida bir qator ustuvor vazifalar belgilangan. Bu borada birinchi navbatda yo‘lovchi tashish yuzasidan doimiy ravishda markazlashtirilgan monitoring olib borilishi ta’minlanadi, onlayn rejimida masofadan kuzatish tizimi yaratiladi. 2018-yilning 1-iyuliga qadar viloyat markazida shahar yo‘lovchi tashish transportida yo‘lkira uchun naqd pulsiz haq to‘lash tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Ayni paytda avtobus va mikroavtobuslarga onlayn nazorat qurilmalari o‘rnatish, viloyat markazidagi shahar ichi yo‘nalishlarida naqd pulsiz to‘lov tizimini joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
2 787






Все о погоде - Pogoda.uz