O‘zA O`zbek

12.07.2019 15:54 Chop etish versiyasi

Eksportga to‘siqlar bormi?

Eksportga to‘siqlar bormi?

Soha vakillari bu borada hech qanday to‘siq yo‘qligini aytishmoqda. Hozirda bank kafolatisiz, sug‘urtasiz mahsulotni eksport qilish mumkin. Lekin uning puli 120 kun oralig‘ida eksport qilgan tashkilot hisob-raqamiga kelib tushishi kerak ekan. Shuningdek, avvallari tariq, kartoshka kabilarni chetga chiqarish mumkin bo‘lmagan bo‘lsa, endilikda ruxsat berildi.

Bu esa eksport hajmini oshirishda qo‘l kelmoqda. Joriy yilda mamlakatimizda 1 mlrd. dollardan ziyod miqdorda meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish mo‘ljallanmoqda. Ayni vaqtda qariyb 700 mln. dollar miqdorida meva-sabzavot mahsulotlari xorijga yetkazib berildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, oshqovoq, qulupnay, qalampir, piyoz, ko‘k piyoz, kartoshka, lavlagi, sholg‘om, shaftoli, limon, anor, uzum, bodom, pista, mayiz kabilar o‘tgan yilga nisbatan ko‘p eksport qilinibdi.

Mahsulot ko‘p eksport qilingan bo‘lsa, uning geografiyasida qanday o‘zgarishlar bor? Mahsulotimiz yangi bozorlarni zabt eta olayaptimi? 

Yanada samaradorlikni ta’minlash uchun nimalar to‘siq bo‘lmoqda? Bu kabi savollarga O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakili Husan G‘iyosov shunday izoh berdi:

– Hozirda 55 tuman meva-sabzavot yetishtirish bilan shug‘ullanmoqda, –deydi H. G‘iyosov. – Qamashi, Xovos, Nurota, Xiva, Oltiariq, Mirzaobod, Chortoq kabi tumanlar shular sirasidandir. Misol uchun, o‘tgan yili 50 ta davlatga 30 dan ortiq meva-sabzavot mahsuloti eksport qilingan. Hozirda esa 53 xildan ziyod meva-sabzavot 60 dan ortiq davlatga yetkazib berildi. AQSh, Kanada, Singapur, Kipr, Turkiya, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Xorvatiya, Yaponiya kabi ko‘pgina davlatlarni misol keltirish mumkin.

Kelgusida ijobiy yutuqlarni yanada kengaytirish, zamonaviy xizmatlarni tashkil etish maqsadida Jizzax viloyatining G‘allaorol, Zomin, Samarqand viloyatining Bulung‘ur, Urgut, Farg‘ona viloyatining Oltiariq va Quva tumanlarida qishloq xo‘jaligi kooperatsiyalari tashkil etilmoqda. Kelgusida bunday kooperatsiyalar har bir tumanda joriy etiladi.

Sayyora ShOEVA, O‘zA
563