Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.09.2017 17:21 Chop etish versiyasi

“Doing business” reytingida O‘zbekiston 64 pog‘ona yuqorilab, 42-o‘rinni qayd etdi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi hamkorligida ta’minotga doir bitimlar bo‘yicha qonunchilik bazasini kuchaytirish mavzusida seminar o‘tkazildi. Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda tegishli vazirlik va idoralar vakillari, bank-moliya tashkilotlari mutaxassislari ishtirok etdi.

Mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, sohaning huquqiy bazasini jahon standartlari darajasida takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro tashkilotlar tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Jumladan, Jahon banki tomonidan o‘tgan yili tuzilgan “Doing business” reytingida O‘zbekiston 64 pog‘ona yuqorilab, 42-o‘rinni qayd etdi.

Keyingi yillarda yangi tahrirda qabul qilingan “Garov to‘g‘risida”gi hamda “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi qonunlar mamlakatimiz iqtisodiy rivojlanishiga samarali ta’sir ko‘rsatmoqda. Zero, mazkur qonunlar kreditorlar mablag‘lar qaytmasligi oqibatidagi ehtimoliy yo‘qotishlarining oldini olish imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, banklar tomonidan biznesni moliyalashtirish borasidagi harakatlarni jadallashtirmoqda.

Dunyoning ko‘plab davlatlarida kredit uchun garov sifatida ko‘chmas mulk taklif etiladi. Ko‘char mulklar uchun ta’minot bitimlari tuzilmaydi. Bunday aktivlarning garovga olinmasligi oqibatida xo‘jalik subyektlarining moliyaviy mablag‘lardan foydalanish imkoniyati chegaralanib qoladi.

Yurtimizdagi mavjud qonunchilik ko‘char mulkni ta’minot sifatida qo‘yishga ruxsat beradi va bu tadbirkorlik subyektlariga, avvalambor, kichik biznesga investitsiya jalb qilish va faoliyatini kengaytirish uchun o‘z aktivlaridan manba sifatida foydalanishga xizmat qilayotir.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Garov reyestri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori asosida kredit olishda mavjud byurokratik to‘siqlar bartaraf etilib, ko‘char va ko‘chmas mulkni garovga olishning elektron tizimi joriy etildi.

– Seminarda kredit resurslaridan bozor prinsiplari asosida, oqilona foydalanish imkoniyatlari o‘rganildi, – deydi Xalq bankining kredit amaliyotlari departamenti bosh mutaxassisi Izzatbek Navro‘zov. – Anjumanda xalqaro ekspertlar ta’minot uchun bitimlar tuzish va amalga oshirish usullarini keng tushuntirib berdi.

Anjumanda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA
1 789






Все о погоде - Pogoda.uz