Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.03.2017 15:00 Chop etish versiyasi

Daraxt ko‘chatlari bepul tarqatilmoqda

Mamlakatimizda yer resurslaridan oqilona foydalanish, agrar tarmoqda ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, tuproq yemirilishi va cho‘llanishning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda cho‘lga aylanish xavfi mavjud hududlardagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish yo‘lida ko‘plab loyihalar amalga oshirilayotir. O‘zbekiston hukumati, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Global ekologik jamg‘arma hamkorligidagi ekologik loyiha shular jumlasidandir.

2014-2018-yillarga mo‘ljallangan ushbu loyiha Buxoro viloyatining Qorako‘l tumani va Jizzax viloyatining Zomin tumanida amalga oshirilmoqda. Qorako‘l tumanining ko‘p qismi cho‘ldan iborat bo‘lib, iqlim sharoiti og‘ir. Yozda Qizilqum cho‘llaridan tez-tez issiq garmsel esib, o‘simliklar rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Tuprog‘i ham qumli, yuvilib ketishga moyil bo‘lib, ozuqa elementlari kam. Bunday sharoitda mutaxassislar qurg‘oqchilikka va sho‘rlanishga chidamli daraxtlar, jumladan, ko‘k terak, qayrag‘och, tut, aylant, yashil shumtol, go‘zal katalpa, oq akatsiya, yapon soforasi kabilarni ekishni tavsiya etmoqda.

– Maqsadimiz – cho‘l va yarim cho‘llarda iqtisodiy foyda keltiradigan o‘simlik turlarini aniqlash, yer resurslarini boshqarishning barqaror usullarini sinovdan o‘tkazish, aholining yaylovlardan oqilona foydalanishini yanada oshirish orqali ekotizim barqarorligini ta’minlashdir, – deydi O‘rmon xo‘jaligi bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, biologiya fanlari nomzodi Hojimurod Tolipov. – Shu bois loyiha doirasida aholi yashash hududlari atrofiga ekish uchun 25 ming dona ko‘chat va tez o‘suvchi turk teragi qalamchalari fermerlarga va aholiga bepul tarqatilmoqda. Ekiladigan ko‘chat turlarini to‘g‘ri tanlash va ekish agrotexnikasi bo‘yicha ham amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Misol uchun, igna bargli daraxtlardan virgin archasi, tuya va kompaktli tuya daraxtlari qurg‘oqchilikka va sho‘rlanishga chidamli hisoblanadi. Bu daraxt ko‘chatlari yakka-yakka yoki bir qator qilib, har 3-4 metr masofada ekilsa, yaxshi samara beradi. Ular yorug‘sevar bo‘lib, soyada rivojlanmasdan nobud bo‘ladi.

Mevali ko‘chatlardan balx tuti, shotut, chilonjiyda, o‘rik, behi, non jiyda, tok bu hududda yaxshi o‘sadi. Butalardan biryuchina, amorfa va na’matakdan yashil to‘siq sifatida foydalaniladi.

H.Tolipovning ta’kidlashicha, ildizi ochiq ko‘chatlarni go‘ng va tuproq aralashmasi bilan tayyorlangan sharbatga botirib, igna barglilarni ildiz zaminini zararlantirmasdan ekish muhim. Agar ildiz atrofidagi tuproq yorilsa, ekilgan ko‘chat quriydi. Ekilgan ko‘chatlar atrofini birinchi yil uch marta yumshatish va kamida 7-10-marta sug‘orish, ikkinchi yil ikki marta yumshatish va 7-8-marta sug‘orish kerak. Yoshi kattalashgan sari tagini yumshatish va sug‘orish miqdori kamayib boradi.

Qorako‘l tumanidan farqli ravishda Zomin tog‘ va tog‘ oldi hududida joylashgan. Loyiha doirasida bu hududning namlik yetarli bo‘lgan maydonlarida 5 ming tup yong‘oq, yarim cho‘l lalmi yerlarda 5 ming tup bodom, 5 ming tup chilonjiyda va 20 ming tup pista ko‘chatlarini ekish ishlari amalga oshirilmoqda.

Zomin tumanidagi suv chiqmaydigan yarim cho‘l hududlarning yo‘l bo‘ylariga sinov tariqasida 15 ming tup saksovulning bir yoshli nihollari ekilmoqda. Mazkur hududlarda agrotexnika qoidalariga amal qilgan holda saksovulni ekish yaxshi natija berishi kutilmoqda. Sug‘orish imkoni mavjud yerlarda 40 ming dona turk teragi qalamchalari ekiladi.

Mutaxassislar ekishda qalamchalardan foydalanish ham muhim ekanligini qayd etishmoqda. Bunda qalamcha olish uchun tayyorlangan navdalar bahorgi ekish mavsumigacha 40-60 santimetr chuqurga ko‘mib qo‘yiladi. Imkon qadar navdalar ko‘miladigan joy quyosh nuridan saqlangan bo‘lishi lozim.

Amalga oshirilayotgan bunday yumushlar cho‘l ekotizimlari barqarorligiga erishish va aholi farovonligining yanada oshishiga xizmat qiladi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
5 507






Все о погоде - Pogoda.uz