O‘zA O`zbek

09.07.2019 14:31 Chop etish versiyasi

Chorvachilikda sun’iy urug‘lantirish

Chorvachilikda sun’iy urug‘lantirish


yoxud buqani buqaga sakratish dunyo tajribasida keng qo‘llaniladi

Kuni kecha ayrim internet saytlari orqali “Sharmanda: buqani buqaga qo‘yib, nasl olish mumkinmi?” sarlavhali maqola chop etildi.

Unda yozilishicha,joriy yil 15 iyun kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida “Chorvachilikda naslchilik ishlarini nazorat qilishga doir qonunchilik ijrosi” mavzusida respublika mintaqaviy o‘quv-seminari o‘tkazilib, anjumanda yuzdan ziyod mutaxassis ishtirok etgan. Qolaversa, tadbirda sohaga yangiliklarni joriy etish, chorva mollari profilaktikasini yanada yaxshilash bo‘yicha ko‘plab taklif va tavsiyalar berilgani qayd etilgan.

Shuningdek maqolada jurnalist poda sifatini yaxshilash va ularning mahsuldorlik ko‘rsatkichini oshirishda sun’iy urug‘lantirishning ahamiyatiga to‘xtalib, bu jarayonda sun’iy urug‘ olishda buqani buqaga qo‘yilishini keskin qoralaydi.

To‘g‘ri, milliy mintalitetimizdan kelib chiqsak, bu yaxshi emas. Biroq, bugungi kunda dunyo chorvachilik seleksiyasida bu tajriba o‘zini to‘la oqlamoqda. Hozir Amerika qit’asida ham, Yevropa davlatlarida ham, Osiyoda ham chorvachilikda sun’iy urug‘lantirish texnologiyasidan keng foydalanmoqda. Xo‘sh, nega butun dunyoda sun’iy urug‘lantirish texnologiyasi ommalashib bormoqda? Uning qanday afzalliklari bor?

Bugun Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan “O‘znaslchilik” davlat korxonasiga uyushtirilgan press-turda shu savollarga javob olindi.

Sun’iy urug‘lantirish qachon paydo bo‘lgan?

photo5271702370633493360.jpg

photo5271763088586156956.jpg

Agar tarixga nazar tashlasak, sun’iy urug‘lantirish tajribasi eramizdan avvalgi 800-yillarda qadimgi Ossuriya davlatida paydo bo‘lgan ekan. Ular bu amaliyotni otlarda sinab ko‘rishgan. Arab qo‘lyozmalaridan birida yozilishicha, melodiy 286 yilda Shimoliy Afrikada istiqomat qiluvchi sahro badaviylaridan biri ot poygalarida uzoq yillar o‘zining ashaddiy raqibiga yutqazavergach, oxiri hiyla yo‘li orqali uning chopqir ayg‘iridan sun’iy yo‘l bilan urug‘ olishga muvaffaq bo‘lgan va oradan ma’lum vaqt o‘tib sun’iy urug‘lantirish natijasida dunyo kelgan tulpori yordamida raqibini mag‘lub etishga muvaffaq bo‘lgan.

XVIII asrda Italiyada sun’iy urug‘lantirish tajribasi keng joriy qilingani haqida yozma manbalar bor. Ammo, XIX asrning oxiri XX asr boshlarida rus olimlari bu borada ancha samarali tajribalar olib borishgan. Nihoyat 1930 yilga kelib rus olimi Ilya Ivanov sobiq Ittifoq xo‘jaliklarida sun’iy urug‘lantirish yo‘li bilan 100 bosh qoramolni yetishtirishga muvaffaq bo‘ladi.

O‘zbekistonda sun’iy urug‘lantirish texnologiyasi 1956 yilning dekabr oyidan joriy etilgan. O‘shanda hozirgi “O‘znaslchilik” davlat korxonasi ishga tushiriladi. Ta’kidlash joiz, korxona nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo respublikalarida yagona sanaladi.Hozirda ushbu korxonada jami 107 bosh Simmental,Golshteyn, Shvis, Angler, Angus, Bushuev kabi zotlarga mansub nasldor buqalar parvarish qilinmoqda.

Sun’iy urug‘lantirish havfsiz va samarali

photo5271999938852661978.jpg

Yurtimizda sun’iy urug‘lantirish texnologiyasini joriy etishda ma’lum bir yutuqlarga erishilgan va bunda ushbu sohaning haqiqiy fidoyisi, qishloq ho‘jaligi fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, akademik Ubaydulla Nosirovning xizmatlari beqiyos.

– Buqani buqaga sakratib urug‘ olish tajribasi butun dunyoda ommalashgan. O‘z faoliyatim davomida Germaniya, Bolgariya, Vengriya, Xitoy kabi davlatlarda bo‘lganman. Xorijdagi naslchilik xo‘jaliklarining faoliyatini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman.2001-2002 yillarda Germaniyada malaka oshirib, xalqaro seleksioner degan sertifikat olganman. Xorijda bo‘lgan chog‘imda buqadan urug‘ oladigan xona, ya’ni manejda ham bo‘ldim. Bu joyga begona odamni umuman kiritmaydi, manejga begonalarningkirishita’bir joiz bo‘lsa jinoyat bilan barobar, – deydi domla biz bilan suhbatda. – Negaki, buqada jinsiy refleks o‘ta sezgir bo‘ladi,manejda begona odam bo‘lsa urug‘ bermaydi, hatto umuman urug‘ bermay qo‘yishi ham mumkin. Respublika o‘quv-amaliy seminarida begona insonlar buqadan urug‘ olinadigan xonaga kirishibdi va hattoki bu jarayonni amalda ko‘rsatib berishni talab qilibdi. Buni mutlaqo noto‘g‘ri, deb hisoblayman. O‘zim xorij davlatlarida ko‘rgan hamda bilgan tajribamdan kelib chiqsam, buqani urug‘ berishga tayyorlashning turli usullari bor. Shulardan biri mulyaj usuli. Ammo, buqa ham tirik jonivor, u ham jonli va jonsiz narsani farqlay oladi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, buqani jinsiy refleksga tayyorlashda eng qulay usul –buqani stanokda turgan buqaga sakratish. Germaniyada allaqachon mulyaj usulidan voz kechilgan. Xitoyda ham, Isroilda ham buqani buqaga sakratish orqali urug‘ olinadi. Bu ishonchli va xavfsiz usul. Chunki stanokka bog‘lanadigan buqa ham sog‘lom va ishonchli bo‘ladi. Qolaversa, buqadan olingan sperma kimyoviy yo‘l bilan tekshiriladi. Agar unda qandaydir kasallik alomatlari aniqlansa, buqani davolash ustida ishlanadi. Sizda o‘rinli savol tug‘ilishi mumkin: stanokka sigirni bog‘lasa bo‘lmaydimi?Mutaxassislar tomonidan sigirni bog‘lash tavsiya qilinmaydi. Buning o‘ziga yarasha sabablari bor. Chunki bu buqalar bir tonnadan ortiq, hatto bir yarim tonnaliklari ham bor. Ularni uncha-muncha sigir ko‘tarolmaydi va beli chiqib ketishi hech gap emas. Yana bir jihati, buqa sigirni qochirib qo‘yishi mumkin. Shu sababli stanokka asosan urug‘ berishdan qolgan yoki bo‘yi pastroq yuvvosh buqalar bog‘lanadi.

Qay bir usul samarali?

photo5271702370633493357.jpg

– Matematik jihatdan hisob-kitob qilsak ham, sun’iy urug‘lantirish juda foydalidir, – dedi “O‘znaslchilik” davlat korxonasi direktori Olimjon Mamatqulov.– Agarbuqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri sigirga sakrasa, bitta sigirni qochiradi. Bir yil davomida ko‘pi bilan 60-70ta sigirni qochirishi mumkin. Sun’iy yo‘l bilan bir marta olingan buqa urug‘i yordamida esa birvarakayiga 200ta sigirni qochirsa bo‘ladi. Endi o‘zingiz hisoblab ko‘ravering, qay biri iqtisodiy jihatdan samarador?

Qalamkash bilib yozsa...


photo5271763088586156954.jpg

photo5271763088586156955.jpg

– Guvohi bo‘lganingizdek, olim va mutaxassislar buqani buqaga sakratib urug‘ olish butun dunyo bo‘yicha chorva naslchiligidagi ilmiy usul ekanligi, telejurnalist Sobir Mirzaev masalaning mohiyatini tushunmasdan shov-shuv ko‘targanligi ayon bo‘lmoqda, – deydi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Matbuot kotibi Anvar Suyunov. – Afsuski, qalamkashning chorva naslchiligi bilan bog‘liq ilmiy-nazariy metodologiyadan bexabar holda informatsiya tarqatishi “O‘znaslchilik” davlat korxonasi, qolaversa Prezidentimiz tomonidan yaqinda qaytadan tashkil etilgan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi haqida omma orasida salbiy fikr uyg‘otishibilan birga aholi xonadonlaridagi qoramollarning naslini yaxshilash borasidagi targ‘ibot-tashviqot ishlariga noto‘g‘ri ta’sir etadi.

Shuning uchun qalamkashlardan axborot tarqatishda masalaning mohiyatini to‘liq anglab chiqish qilishlarini so‘rardik.

Bugun vaziyat qay darajada?

Bugungi kunda “O‘znaslchilik” davlat korxonasi Germaniyaning shu sohaga ixtisoslashgan mashhur “Minitube” kompaniyasi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Kompaniya naslli buqalardan olingan urug‘(sperma)laryordamida sun’iy urug‘lantirish texnologiyasini hayotga tatbiq etishda jahonda yetakchi sanaladi. Korxona xodimlari muntazam Germaniya va boshqa xorij davlatlariga xizmat safarlariga yuborilib, sun’iy urug‘lantirish texnologiyasidagi yangiliklar, asbob-uskunalardan foydalanish mahoratlarini oshirib kelmoqda. Jumladan, 2018 yilning yanvar oyida laboratoriya mudiri G‘olib Ma’murov 20 kun davomida Myunxenda (Germaniya) bo‘lib, sohadagi yangilik va o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishdi.

Korxonada yaratilgan sharoitlar juda ideal holatda bo‘lmasa-da, bugungi kun talabiga to‘liq javob beradi. Kezi kelganda aytish joiz, sobiq tuzumning so‘nggi va mustaqillikning dastlabki yillarida sohaga e’tibor keskin pasaydi. Nasldor buqalar talon-taroj qilindi, korxonaga e’tibor kamaydi. Shunday bir davrda “O‘znaslchilik” davlat korxonasi butunlay yo‘q bo‘lib ketmasdan, yashab qolganining o‘zi, ayniqsa so‘nggi 4-5 yil ichida qaddini anchayin tiklab olganligi, binobarin mamlakatimiz chorvachiligida nasldorlikni oshirishda samarali faoliyat ko‘rsata boshlagani tahsinga loyiq.


Otabek EShMAMATOV, O‘zA
639