Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.03.2018 20:39 Chop etish versiyasi

Bitiruvchilarga 15 milliard so‘m kredit ajratiladi

Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida «Asaka» aksiyadorlik tijorat banki tomonidan kichik biznes va xususiy ishbilarmonlik, aholi tadbirkorligi ravnaqi yo‘lida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.

«Asaka» banki boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari R.Qosimov va boshqalar iqtisodiyotimizning tayanch sohasiga aylangan kichik biznesni yanada taraqqiy ettirish, ishsiz odamlarni tadbirkorlikka jalb qilish orqali ularning bandligini ta’minlash borasidagi ezgu amallar ijobiy natijalar berayotganini qayd etdi.

“Asaka” banki tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga 2015-yil barcha moliyalash manbalari hisobidan 1168 milliard so‘m, 2016-yil 1520 milliard so‘m va 2017-yil esa 1877 milliard so‘m miqdorida kredit ajratildi.

– 2017-yil davomida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlarning qariyb 40 foizi sanoat sohasiga, 14 foizdan ortig‘i qishloq xo‘jaligiga, 11 foizi qurilishga, 7 foizi maishiy xizmat ko‘rsatishga, 4 foizi savdo va umumiy ovqatlanishga hamda 24 foizdan ortig‘i iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga yo‘naltirildi, – dedi bank boshqarma boshlig‘i G‘ayrat Bozorboyev. – Bundan ko‘rinib turibdiki, kichik biznes subyektlariga ajratilgan kreditlarning asosiy qismi sanoat sohasiga to‘g‘ri kelmoqda. Joriy yilgi rejalarimiz ham talaygina. Masalan, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish maqsadlari uchun tadbirkorlik subyektlariga 815 milliard so‘mdan ortiq, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 165 milliard so‘m va ta’lim muassasalari bitiruvchilarining biznes loyihalarini moliyalashtirishga 15 milliard so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda kredit ajratish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, bank tomonidan tadbirkorlarning turli yo‘nalishdagi loyihalarini ko‘rib chiqish va moliyalashtirishda nafaqat loyihalar daromadi, balki ularning ijtimoiy ahamiyati, ya’ni yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari tarkibida yoshlarga, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga berilayotgan imkoniyatlari ham e’tiborga olinmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20 oktabrdagi qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida kam ta’minlangan oilalarning bandligini ta’minlash ham asosiy va muhim masaladir. Shu maqsadda 2017-yilning 1-noyabridan joriy yilning 1-martiga qadar tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni istagan kam ta’minlangan oilalarga – 268 nafar fuqaroga 2,4 milliard so‘mlik mikrokreditlar ajratildi.

Tadbir mavzuga doir fikr-mulohazalar va savol-javoblar bilan yakunlandi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
3 619