Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.04.2017 19:58 Chop etish versiyasi

Bitiruvchilar ishga joylashdi

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha mehnat yarmarkasi o‘tkazildi. Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi 41 va boshqa 10 dan ortiq korxona-tashkilot mingdan ziyod bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashdi.

Institut rektori M.Rasulov va boshqalar mamlakatimizda navqiron avlodni yuksak intellektual salohiyatli insonlar etib tarbiyalash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, orzu-maqsadlarini yuzaga chiqarishga ko‘maklashish Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan ekanini alohida ta’kidladi.

Transport-kommunikatsiya tizimi mamlakat iqtisodiyotining qudratini belgilovchi asosiy vositalardan biridir. Shu bois yurtimizda ushbu sohada yetuk mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida 23 yo‘nalishda 6000 talaba zamonaviy sharoitlarda ta’lim olayotir. Joriy yilda institutni bakalavriat va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 1060 dan ortiq yosh mutaxassis tamomlaydi.

Institutning barcha talabalari ixtisoslashtirilgan korxonalarda amaliyot o‘tab, mutaxassisligi bo‘yicha ish bilan ta’minlanayotir. Har yili institut bitiruvchilari uchun mehnat yarmarkasi tashkil etilib, mutasaddi korxonalar bilan ikki tomonlama shartnomalar imzolanadi.

To‘rtinchi kurs talabasi Mohinur Usmonova “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari bilan suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tib, shartnoma imzoladi.

– Mehnat yarmarkasida o‘z mutaxassisligimga doir munosib ish topdim, – deydi Mohinur. – Ta’lim dargohida olgan nazariy bilimlarimni amaliyotda yanada mustahkamladim. Korxonadagi sharoitlar bilan amaliyot davomida yaqindan tanishib, ish jarayoni bo‘yicha ko‘nikma olganman. Bu ishga tez kirishib ketishimga yordam beradi, deb o‘ylayman.

– Har yili institutda bo‘ladigan mehnat yarmarkasida ishtirok etib, ko‘plab, yosh mutaxassislar bilan shartnoma imzolaymiz, – deydi «O‘ztemiryo‘lmashta’mir» unitar korxonasi bosh direktori Nusratullo Abdullayev. – Ta’lim dargohida bilimli, yetuk kadrlarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilishiga amaliyot chog‘ida amin bo‘lamiz. Joriy yilda uch yuzga yaqin bitiruvchi bilan shartnoma imzoladik. Jamoamiz bilimdon yoshlar hisobiga kengayayotganidan mamnunmiz.

O‘tgan o‘quv yili natijalariga ko‘ra, institut bitiruvchilarining 95 foizga yaqini muqim ish joyiga ega bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda yuz foiz bitiruvchi ishga joylashdi. Institut ish beruvchilar bilan shartnoma imzolanganidan keyin bitiruvchilarning ish bilan ta’minlanganligini doimiy monitoring qilib boradi.

Mehnat yarmarkasi davomida 1060 dan ziyod bitiruvchi va ish beruvchilar o‘rtasida shartnomalar imzolandi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA
2 129






Все о погоде - Pogoda.uz