Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.09.2017 20:08 Chop etish versiyasi

Betakror ta’m va oliy sifat namunasi

Betakror ta’m va oliy sifat namunasi Toshkentda II Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi davom etmoqda. Yarmarka ishtirokchilari poytaxtimiz va Toshkent viloyatidagi korxonalar va bog‘larda bo‘lib, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari, meva-sabzavot yetishtirish, saqlash va qadoqlash tizimi bilan tanishdi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi ekinlari diversifikatsiyasi va zamonaviy agrotexnologiyalardan samarali foydalanish aholini asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, bu yo‘nalishdagi eksport imkoniyatlarini oshirish imkonini bermoqda. 2016-yil qariyb 20 million tonna meva-sabzavot yetishtirilgan bo‘lsa, shundan 4 million tonnadan ortig‘i xorijiy davlatlarga eksport qilingani buning amaliy ifodasidir. Yaqin istiqbolda agrar tarmoqda amalga oshiriladigan islohotlar 2020-yil so‘ngiga borib bu raqamni 25 million tonnagacha yetkazish bilan bir qatorda sifat ko‘rsatkichlarini yaxshilash, qayta ishlash ko‘lamini keskin oshirishni ham ko‘zda tutadi.

Yarmarka ishtirokchilari Toshkent viloyatidagi “Gold Dried Fruits” («GDF») mas’uliyati cheklangan jamiyati va “Ekoagroprodukt” fermer xo‘jaligida bo‘lib, meva-sabzavot yetishtirish, mahsulotlarni eksportga tayyorlash jarayonlari bilan tanishdi.

2012-yilda faoliyat boshlagan “Gold Dried Fruits” bugungi kunda poytaxt viloyatida 1 ming 200, Namangan viloyatida ming, Surxondaryo viloyatida 1 ming 700 gektar maydonda 20 turga yaqin yuqori sifatli meva-sabzavotlar yetishtiradi. Korxona ISO 22000, Global Gap singari nufuzli xalqaro sifat standartlariga ega, mahsulotlarni zamonaviy texnologiyalar asosida saqlash, muzlatish, quritish ishlarini amalga oshirish bilan ham shug‘ullanadi.

20 (1).JPG

Mazkur omillar «GDF» brendi tushirilgan mahsulotlarning eksport hajmi va geografiyasi yildan-yilga ortib borishiga xizmat qilmoqda. Chunonchi, 2016-yil 20 ming tonnaga yaqin meva-sabzavot mahsulotlari dunyoning o‘nlab mamlakatlariga eksport qilingan bo‘lsa, joriy yil hamkor davlatlar ro‘yxati Belgiya va Xitoy bilan kengaydi.

– Kompaniyamiz meva-sabzavot mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanadi, – deydi «Frut Real» korxonasi menejeri Andrey Dumpa (Belarus). – Bizni O‘zbekistonda yetishtiriladigan ho‘l mevalar qiziqtiradi, tabiiyki, bu jarayonda ularni uzoq muddat saqlash masalalari dolzarbdir. Shu ma’noda “Gold Dried Fruits” korxonasida joriy etilgan mevalarni zamonaviy usulda muzlatish texnologiyasi bizda katta qiziqish uyg‘otdi.

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi “Ekoagroprodukt” fermer xo‘jaligi intensiv texnologiyalar asosida aholi dasturxoniga olma, shaftoli, gilos, o‘rik, olxo‘ri, nok yetkazib berayotgan xo‘jaliklardan hisoblanadi.

Intensiv usuldagi bog‘larning har jihatdan foydali va serdaromad ekanini mirishkor dehqonlarimizu fermerlarimiz yaxshi tushunib yetgan. Bu bog‘larning qulayliklari talaygina. Daraxtlarning tanasi kichik bo‘lganligi uchun ular bilan ishlash qulay. Pakana va yarim pakana daraxtlarning tanasi kichikligi bois ularga yorug‘lik tez tushadi, havo aylanishi ham yaxshi bo‘ladi. Shu bois mevasining sifati yuqori bo‘lib, ta’mi tilni yoradi. Qolaversa, bunday bog‘larga ishlov berish juda qulay, mevasini terish ham oson. Oziqlantirish, agro ishlov berish ishlari esa an’anaviy daraxtlarga qaraganda ancha qulay.

“Ekoagroprodukt” fermer xo‘jaligida yetishtirilayotgan mevalarning hosili yildan-yilga ko‘paymoqda. O‘tgan yili har gektardan 10 tonnadan hosil olingan bo‘lsa, joriy yilda esa bu ko‘rsatkich 25 tonnaga yetkazildi. Istiqbolda hosildorlikni 40-60 tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Xo‘jalikda qo‘llanilayotgan zamonaviy agrotexnologiyalar, erishilayotgan natijalar xalqaro yarmarka ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

– O‘zbekiston meva-sabzavotlari va ulardan tayyorlangan mahsulotlar mazasi, yuqori sifati va inson organizmi uchun zarur va foydali bo‘lgan vitaminlarga boyligi bilan ajralib turadi, – deydi “Musmaju Darzeni” kompaniyasi raisi Edita Strazdina (Latviya). – Mahsulotlarni yetishtirishda zamonaviy agrotexnologiyalardan samarali foydalanilayotgani esa hosildorlikni va sifatini yanada oshirish imkonini bermoqda.

Dunyo mamlakatlarida ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlariga talab tobora ortmoqda. Bu yurtimiz fermeru tadbirkorlari uchun yangi eksport imkoniyatlarini ochadi. II Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi esa bu borada muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.

Behzod Bozorov, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA
3 395






Все о погоде - Pogoda.uz