2017-yilda Namangan shahrida 3 ming 500 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi
"Ayma Group Textile" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Namangan shahrida yangi korxona ishga tushirildi.
"Ayma Group Textile" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Namangan shahrida yangi korxona ishga tushirildi.Tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonani barpo etish uchun tadbirkorga ajratilgan 1,5 gektardan ziyod maydonda 3 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Ishlab chiqarish sexlari, ofis, omborxona, oshxona kabi boshqa yordamchi-xo‘jalik inshootlari qurildi.
Sexlarga Xitoy, Germaniya va Turkiyadan keltirilgan 200 dan ortiq zamonaviy tikuv mashinasi va jihozlari o‘rnatilib, erkaklar kostyumi, kurtka va ko‘ylak ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Mazkur loyiha doirasida 300 yangi ish o‘rni yaratildi.
– Loyihaning keyingi bosqichlarida yana 2 sex ochib, keng turdagi tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz, – deydi A.Jo‘raboyev. – Bu borada bank kreditidan foydalanmoqchimiz. Maqsadimiz ishlab chiqarishni kengaytirish va kelgusi ikki yilda yana 200 ish o‘rni yaratishdir.
Namangan shahrida joriy yilda sanoat ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 450 milliard so‘mlik 100 dan ortiq loyiha amalga oshirildi. 3 ming 500 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratildi.