![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Urgut gilamlari dovrug‘iO‘zA, G‘.Hasanov, 03.09.2010 16:04
Urgut bozoridagi gilam do‘konlari xaridorlar bilan gavjum. Kimdir yangi uyi uchun, yana birov kelin-kuyovlar uchun gilam tanlamoqda. – O‘g‘lim, mana bu gilam qayerniki? – deb so‘radi xaridorlardan biri cho‘g‘day tovlanib turgan gilamga ishora qilib. – O‘zimizniki, Urgutda ishlab chiqarilgan, – dedi sotuvchi. – Yo‘g‘-ye, o‘zimizda ham shunaqa gilamlar tayyorlanadimi? – Bo‘lmasam-chi. Xorijliklar Urgutdan gilam olib ketishyapti-ku… Mamlakatimizda ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda yuqori sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning mamlakat iqtisodiyotini erkinlashtirish, korxonalarni texnik va texnologik yangilash, iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishga oid farmon va qarorlari, istiqbolli dasturlarning hayotga tatbiq etilishi tufayli ishlab chiqarish quvvati tobora oshmoqda. Ana shunday imkoniyat tufayli keyingi yillarda Samarqand viloyatida bir necha gilamchilik korxonalari tashkil etildi. Ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot ichki bozordagi ehtiyojni ta’minlash bilan birga, xorijga ham eksport qilinmoqda. Birgina Urgut tumanida ayni paytda to‘rtta korxonada gilam va gilam mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Urg-Gaz-Karpet” qo‘shma korxonasi Urgutda gilam ishlab chiqarishga ixtisoslashgan dastlabki fabrikalardan biridir. 2002 yilda faoliyatini boshlagan korxonaga kompyuterlashgan zamonaviy uskunalar o‘rnatilib, bugungi kun talablari asosida mahsulot tayyorlanmoqda. – Dastlab xomashyoning asosiy qismi xorijdan keltirilib, mahsulot asosan ichki bozorda sotilgan bo‘lsa, endilikda imkoniyatlarimiz ancha kengaydi, – deydi korxona ishlab chiqarish sexi rahbari G‘ayrat Ahrorov. – Hozir xomashyoning oltmish foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilinmoqda. Yil sayin ishlab chiqarish quvvati ortib, xalqaro andozalarga mos mahsulot tayyorlanmoqda. Mamlakatimizning barcha hududlarida o‘z mijoz va vakillarimiz bor. 2008 yildan boshlab eksport yo‘lga qo‘yildi. Moskva shahrida o‘z savdo uyimizni ochdik. Korxonada o‘tgan yili 1 million 600 ming kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarilib, xaridorlarga yetkazib berildi. Shundan 595,6 ming AQSH dollari qiymatida eksport amalga oshirildi. Joriy yilning birinchi yarmida esa 463 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi. Yuzga yaqin yoshlar doimiy ish bilan ta’minlangan korxonada yaqin istiqbolda ishlab chiqarish quvvatini oshirish hisobiga qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish mo‘ljallanmoqda. – Urgutdagi bozor va savdo do‘konlarida turli xil gilamlarni ko‘rib, yaqin o‘tmishda bitta gilam xarid qilish uchun qanchalik mashaqqat chekkanimiz yodimga tushadi, – deydi jizzaxlik xaridor Shohista Ahmedova. – O‘sha paytlarda bitta gilam olish uchun ham oylab navbatda turishga to‘g‘ri kelardi. Istiqlol sharofati bilan bunday kunlar ortda qoldi. Endi gilamning topilganiga shukr qilib emas, tanlab olamiz. Korxonada buyurtma asosida uyingizning o‘lchamiga qarab o‘zingiz tanlagan rang, bezak bo‘yicha ham gilam tayyorlab beriladi. Bularning barchasi yurtimizda insonlarning yaxshi yashashi, munosib turmush kechirishi uchun amalga oshirilayotgan ezgu ishlar natijasidir. So‘nggi yangiliklar: To‘kinlik, farovonlik va baraka omili Xolisona tahlil va tanqid ruhida |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |