![]() |
O‘zb Рус Eng Fra Deu Esp العربية 中文 |
| Siyosat Iqtisodiyot Jamiyat Texnologiyalar Madaniyat Sport Hujjatlar Foto Xorij xabarlari Ob-havo Valyutalar |
|
Raqamli teleko‘rsatuvlar uchun tyunerlarO‘zA, V.Nikolayev, 02.09.2010 19:00 Mustaqillik bayrami arafasida “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida raqamli televizion tyunerlar ishlab chiqaradigan yangi zavod foydalanishga topshirildi. Prezidentimizning 2009 yil 12 martda qabul qilingan “2009-2014 yillarda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha eng muhim loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, raqamli televideniye uchun ushbu qabul qilish moslamasini yig‘ish (set-top-box) bo‘yicha investitsiya loyihasi O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tomonidan amalga oshirildi. Raqamli teleko‘rsatuvlarga o‘tish jarayonida mamlakatimiz aholisini shu turdagi tyunerlarga bo‘lgan talabini qondirish uchun “Servetechno PTE LTD” (Singapur) kompaniyasi, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi va “Telmax Elektroniks” (O‘zbekiston) mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi hududida “Telecom Innovations” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklida raqamli qabul qilish moslamalarini yig‘ish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etildi. Loyihaning umumiy qiymati 6,8 milliard so‘mni tashkil etadi. U “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi va “Telmax Elektroniks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan moliyalashtirildi, shuningdek, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi krediti jalb qilindi. Korxona yiliga 50 mingdan ortiq tyuner ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mazkur ishlab chiqarish subyekti “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida tashkil etilgani bois beriladigan imtiyozlar hisobidan mahsulot narxi xorijnikidan ancha arzon bo‘ladi. MPEG-4 siqish texnologiyasi joriy qilingan yangi pristavka yordamida oddiy televizorlarda ham raqamli televideniye dasturlarini qabul qilish mumkin. Qulay menu kanallarni tez ko‘zdan kechirish va tahrir qilish imkonini beradi. Ma’lumki, O‘zbekiston MDHda birinchilardan bo‘lib raqamli televideniyeni joriy etmoqda. Ayni paytda Toshkent va Buxoro shaharlarida yerusti raqamli televideniyening tajriba zonasi bosqichma-bosqich tashkil qilinmoqda. Mamlakatimizda 2015 yilgacha yerusti raqamli televideniyeni joriy etishning chastotali-hududiy rejasi tasdiqlangan. 2008 yilda Toshkent va Buxoro shaharlarida ikkita uzatish apparati foydalanishga topshirildi. Yaqinda poytaxtimizdagi teleminorada yana bitta raqamli retranslyator montaj qilindi va hozir poytaxtimizda 25 kanal translatsiya qilinmoqda. Keyinchalik ularning soni 42 taga yetadi. Joriy yilda Toshkent va Samarqand uchun yana uchta uzatish apparati yetkazib beriladi, boshqa viloyatlar markazlari uchun esa to‘rtinchi uzatish apparati bo‘yicha tender o‘tkaziladi. So‘nggi yangiliklar: Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi |
Reklama Reklama |
| © O‘zA. Sayt materiallaridan foydalanganda manba ko‘rsatilishi shart.
O‘zA haqida | Mahsulotlar va xizmatlar | Obuna | Bog‘lanish Axborotdan foydalanish shartlari | Saytda reklama joylashtirish |