Iqtisodiyot

Har bir uy e’tiborda

O‘zA, M.Mametova, 02.09.2010 18:55

Mamlakatimizda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining samarali faoliyat yuritishi uchun shart-sharoit yaratish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Uy-joy fondini boshqarish, unga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, aholining ko‘p qavatli uylarni yaxshi holatda saqlash va kapital ta’mirlashda manfaatdorligini oshirish bo‘yicha xizmatlar bozorini takomillashtirish bu boradagi ustuvor vazifalardandir.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 12 aprelda qabul qilingan “Xususiy uy-joy mulkdorlarining shirkatlarini yanada rivojlantirish va turar-joylarga xizmatlar ko‘rsatishning aniq bozorini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada belgilangan vazifalarni bajarishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

“O‘zkommunxizmat” agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ko‘p qavatli uylarga samarali xizmat ko‘rsatish va ularning texnik holatini nazorat qilish maqsadida 4979 xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tashkil qilingan. Bugun qariyb 29 mingta ko‘p qavatli uylarda istiqomat qiluvchi fuqarolar ularning xizmatidan foydalanmoqda. Shirkatlarning yanada samarali ishlashi uchun mamlakatimizning barcha tumanlarida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmalari tashkil etilmoqda. Ular, o‘z navbatida, shirkatlarning kichik bo‘g‘inlariga ko‘maklashmoqda, huquqlarini himoya qilib, zarur hujjatlar bilan ta’minlamoqda, xizmat ko‘rsatuvchilar uchun treninglar tashkil qilishda amaliy yordam ko‘rsatib, uy-joy fondidan foydalanishning samarali usullarini joriy qilmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizda 60 dan ziyod viloyat va shahar shirkatlar uyushmalari faoliyat ko‘rsatayotir.

Shirkatlar kommunal xizmatlar ko‘rsatish tizimida boshqaruv kompaniyalari bilan yaqin hamkorlik qilmoqda. Ayni vaqtda 2693 xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati ushbu kompaniyalar bilan shartnoma tuzdi. Ushbu shartnomalar asosida ko‘p qavatli uylar kapital va joriy ta’mirlanmoqda, kommunal xizmat ko‘rsatish, masalan, liftlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha zarur hujjatlar rasmiylashtirilmoqda. Bundan tashqari, 2,5 mingdan ortiq shirkat texnik xizmat ko‘rsatish, suv, issiqlik va gaz ta’minoti bo‘yicha 497 avariya-dispetcherlik xizmatlari bilan shartnoma tuzdi.

Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Ipak yo‘li” kichik shirkati tomonidan mazkur yo‘nalishda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati boshqarayotgan ko‘p qavatli uyda yashovchilar bir-birini juda yaxshi taniydi, hamisha bir-biriga yordam ko‘rsatadi. Negaki, ular umumiy uyda yashaydi va bu uyni asrash lozimligini yaxshi anglaydi.

“Ipak yo‘li” shirkati rahbari Antonina Smirnovaning ta’kidlashicha, aholining faol ishtirokida uy kapital ta’mirlangan. Barcha muhandislik kommunikatsiyalari yangilanib, yangi ustunlar, sovuq va issiq suv hisoblagichlari, kodli qulflar o‘rnatilgan. Energiya resurslarini iste’mol qilishni kamaytirish maqsadida har bir podyezdda elektr hisoblagichlar o‘rnatilgan.

“O‘zkommunxizmat” agentligidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilda 1991 yilgacha qurilgan 2590 dan ortiq ko‘p qavatli uyni ta’mirlash rejalashtirilgan. Shu yilning birinchi yarmida ushbu maqsadlar uchun 10 milliard 901 million so‘m mablag‘ ajratildi.

Bajarilgan ishlar natijasida yil boshidan buyon 619 ko‘p qavatli uy kapital ta’mirlandi, 760 uyda esa, tomlar, yerto‘lalar va muhandislik inshootlarini kapital ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda.

So‘nggi yangiliklar:

Barkamol avlod – mamlakatimizning mustahkam tayanchi

Boshlang‘ich tashkilotlarning muhim vazifalari

O‘g‘lonlar xizmatga otlandi

Majmua yoshlar bilan gavjum

Loydan mo‘jiza yaratish san’ati

Reklama

Курс валют (ЦБ) на сегодня:

Reklama